Putin Saudiya valiahdi bilan neft masalasida gaplashib oldi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qilib, Tehrondagi muzokaralar yakunlarini inobatga olgan holda Suriyadagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi. Bu haqda Kreml Matbuot xizmati xabar berdi.

“Suriyadagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi, Suriya masalasini tartibga solishga ko‘maklashish bo‘yicha Ostona jarayoni kafillari bo‘lgan davlat rahbarlarining joriy yilning 19 iyul kuni Tehronda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha fikr almashildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratgan holda neft bozoridagi vaziyat muhokama qilingan.

“Jahon neft bozoridagi mavjud vaziyat batafsil ko‘rib chiqildi. “OPEK plyus” doirasida kelgusida muvofiqlashtirish muhimligi ta’kidlandi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Kreml ma’lumotlariga ko‘ra, suhbat chog‘ida “ushbu formatda ishtirok etuvchi davlatlar jahon energetika bozorida zarur muvozanat va barqarorlikni saqlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini izchil bajarayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan”.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden 14-16 iyul kunlari Saudiya Arabistoniga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirdi. Amerika yetakchisi iyun oyi oxirida Saudiya Arabistoni rahbariyatidan neft yetkazib berish hajmini oshirishni so‘ramasligini aytdi, biroq u Fors ko‘rfazining barcha monarxiyalaridan jahon bozoriga “qora oltin” yetkazib berish hajmi oshishiga umid qilayotganiga aniqlik kiritdi. Shunga qaramay, Baydenning Saudiya Arabistoni vakillari bilan o‘tkazgan muzokaralarida jahon bozorini yetarli miqdorda neft bilan ta’minlash mavzusi ko‘tarildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

290

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing