Putin rozi, Zelenskiy tayyor. Yakun yaqin

Tahlil

Oy uydagi barcha muzokaralar tugagach, Vladimir Zelenskiy “Fox News”ga berishi kutilgan intervyusini bekor qildi. Ammo Ukraina Prezidenti brifing o‘tkazib, ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Bu esa noaniqligicha qolayotgan ba’zi masalalarga oydinlik kiritishda yordam berdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan o‘tgan ikki tomonlama va Yevropa yetakchilarini ham o‘z ichiga olgan kengaytirilgan muzokarlardagi asosiy muhokama mavzulari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, u Putin bilan uchrashuv yaqin ekanini ham ma’lum qildi. Quyida Vladimir Zelenskiy o‘tkazgan brifingning to‘liq holdagi tarjima shaklini taqdim qilamiz.

Zelenskiy: Kutib turganingiz uchun rahmat. Qisqa kirish so‘zi va keyin savollaringizga o‘tishim mumkin. Marhamat. Xayrli kun! Avvalo, suhbat uchun, bo‘layotgan barcha voqealarni yoritib turganingiz va qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Bu uchrashuv uchun Prezident Trampga minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu eng yaxshi uchrashuvlarimizdan biri bo‘ldi. Bu muhim. Ko‘p narsalar haqida suhbatlashdik, uzoq, batafsil muloqot bo‘ldi.

Jang maydonidagi vaziyat haqida amerikalik hamkasblarimga hatto xarita orqali ko‘p narsalarni ko‘rsatib berdim. Xaqiqatan kim nima nazorat qilib turgani, qanday holatda ekani haqida, faqat mish-mish emas, balki aniq ma’lumotlarni taqdim etdim. Ko‘p masalalarni muhokama qildik, ammo avvalo yevropalik yetakchilarimizga minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu muhim qadam bo‘ldi, deb o‘ylayman. Yevropa Ittifoqi ham, boshqa Yevropa davlatlari ham – Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Finlyandiya, prezident Ursula fon der Lyayen va NATO Bosh kotibi Mark Ryutte shaxsan kelib, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini ifoda etdi va juda muhim masalani muhokama qildi: keyin nima bo‘ladi, davlatni qanday qo‘llab-quvvatlash kerak, barqaror va adolatli tinchlik uchun nima qilish zarur. Shuningdek, xavfsizlik kafolatlari ham muhokama qilindi.

Bu biz uchun juda zarur, chunki urush tugagach, biz ishonamizki, urush albatta tugaydi, muhim narsa shundaki, bu faqat janglardagi tanaffus emas, balki haqiqiy tinchlik bo‘lishi kerak. Shu tinchlikni esa hamkorlarimiz xavfsizlik kafolatlari bilan himoya qilishi zarur. Kecha bizda to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyati yo‘q edi. Jamoamiz juda ko‘p ish qildi va muhim jihati shundaki, bizda 30 ta davlat ishtirok etdi. Bir nechta sessiyalar va suhbatlar bo‘ldi. 30 ta muhim hamkorning bir tomonda turishi va bir xil kelgusi qadamlar haqida fikr bildirishi muhim edi. Bu yerda faqat Yevropa mamlakatlari emas, balki Kanada, Avstraliya, Yaponiya va “ko‘ngillilar koalitsiyasi” vakillari ham bor edi. Bugun AQSH Prezidenti bilan va keyin qo‘shma uchrashuvdagi hamkasblar bilan suhbatlarimizdagi mavzular haqida, albatta, sizlar ham savol bersangiz bo‘ladi. Lekin asosiy masalalar xavfsizlik kafolatlari haqida bo‘ldi. Bu eng muhim masala.

Urushni tugatish uchun dastlabki nuqta, ya’ni oxir-oqibatda qanday himoya bo‘lishi kerakligidan boshlaymiz va ishni shu yo‘nalishdan olib boramiz. AQSHdan aniq signal bor: ular yordam beruvchi, muvofiqlashtiruvchi va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari ishtirokchisi bo‘ladi. Menimcha, bu oldinga tashlangan katta qadamdir. Barcha detallarni ayta olmayman, lekin siyosiy iroda va siyosiy qarorning o‘zi ham muhim. Bu birinchi masala.

Ikkinchi masala – bolalarni qaytarish. AQSHning Birinchi xonimi va butun jamoasi bu muammoni yaxshi tushunadi va juda muhim, og‘riqli va murakkab masalaga – ukrain bolalarini qaytarish masalasiga qo‘shilish niyatida. Turli holatlar, turli misollar bor, shuning uchun turli yondashuvlar talab etiladi. Bu haqda AQSH Prezidenti bilan ham suhbatlashdik. U ham bu oson tizim emasligini tan oldi, ammo menga “hammani hammaga almashish” masalasida yordam berishini aytdi. Bu nafaqat harbiy asirlar, balki fuqarolar – jurnalistlar, siyosiy mahbuslar haqida hamdir.

Biz bu yo‘nalishda ishlashga kelishdik. Shuningdek, AQSH Prezidenti Ukraina, Qo‘shma Shtatlar va Rossiya ishtirokida uch tomonlama uchrashuvni qo‘llab-quvvatladi va uni iloji boricha tezroq o‘tkazishni taklif qilmoqda. Albatta, bu uchun barcha tomonlarning kelishuvi kerak bo‘ladi. Bizning qo‘shma uchrashuvimizdan keyin va xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha qanday ish olib borishni muvofiqlashtirganimizdan so‘ng AQSH Prezidenti Rossiya tomoni bilan bog‘landi va ular diplomatik qadamlar qanday bo‘lishi mumkinligini muhokama qildi.

Rossiya avval ikki tomonlama – Ukraina va Rossiya o‘rtasida uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi, shundan keyin esa uch tomonlama. Xo‘p, men aytgandim-ku, biz har qanday formatga tayyormiz, asosiysi bu yetakchilar darajasida bo‘lishi kerak. Chunki faqat yetakchilar darajasida biz mazkur murakkab va og‘riqli masalalarni hal qila olamiz. Hech bo‘lmaganda biz uchun bu masalalar juda muhim va og‘riqli.

Shuning uchun men roziligimni bildirdim va meni barcha yevropalik yetakchilar qo‘llab-quvvatladi: biz Putin bilan ikki tomonlama uchrashuvga tayyormiz. Shundan keyin uch tomonlama uchrashuvga umid qilamiz. Hammasi, ehtimol, ikki tomonlama uchrashuv qanday o‘tishiga bog‘liq bo‘ladi. Umuman, natija yaxshi, normal, deb hisoblayman. Rahmat.

Jurnalist: Biz bu ikki tomonlama uchrashuv va keyingi uch tomonlama uchrashuv haqida aniqlik bormi, degan savol qo‘ymoqchimiz. Ya’ni, Rossiya tarafidan hech qanday talablarsiz uchrashuv bo‘ladimi yoki yana Donbass va boshqa masalalar haqida shartlar qo‘yib, jarayonni cho‘zishadimi?

Zelenskiy: Biz hozircha ikki tomonlama uchrashuv haqida hech qanday tafsilotlarni bilmaymiz. Men Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti bilan gaplashganimda shuni ta’kidladimki, barcha taraflar urushni tugatish istagini namoyon etishi kerak. Urushni tugatish istagi degani – yetakchilar darajasida diplomatik uchrashuv. Agar qaysidir taraf uchrashuvga tayyorligini ko‘rsatmasa, biz Amerika Qo‘shma Shtatlaridan mos ravishda harakat qilishni so‘raymiz.

AQSHning bosimi bor. Hozircha biz turli formatlarni ko‘rib chiqyapmiz, ehtimol uchrashuv bo‘lishi mumkin.

Jurnalist: Demak, siz aytgandek, avval ikki tomonlama, keyin uch tomonlama uchrashuv bo‘ladi. Siz tayyormisiz yoki shartlar paydo bo‘lishini kutyapsizmi?

Zelenskiy: Biz tayyormiz, aytganimdek, yetakchilar darajasidagi har qanday formatga. Agar Ukraina uchrashuv uchun global, mutlaqo adolatli shartlarni qo‘ysa, masalan otashkesim kabi – u holda ruslar o‘z tarafidan yuzlab shartlarni qo‘yadi. Shuning uchun, menimcha hech qanday shartlarsiz uchrashishimiz kerak va keyin bu yo‘lning urushni tugatishga qanday olib borishini ko‘rib chiqish lozim.

Jurnalist: Janob Prezident, yana bir savol. (1+1 telekanali) Vladimir Oleksandrovich, siz Oval ofisdagi karta bilan suratga tushganingizni ko‘rdik. Ukraina xaritasida, vaqtincha okkupatsiya qilingan hududlar belgilangan. U yerdagi foiz bo‘yicha siz bilan bahs bo‘lgani haqida xabar bor. Nima deysiz?

Zelenskiy: Ha, men o‘sha kartadagi foiz bo‘yicha biroz bahs qildim, chunki vaqtincha okkupatsiya qilingan hududlarning foizlarini juda yaxshi bilaman. Lekin bu bahs emasdi, bizda samimiy, yaxshi, mazmunli suhbat bo‘ldi.

Jurnalist: AQSHning pozitsiyasi haqida. Ular hali ham hududiy almashinuv g‘oyasida turibdimi? Yoki Ukraina uchun maqbul formula bormi, masalan, qaysi hududni Rossiyaniki sifatida tan olish haqida?

Zelenskiy: Bu haqda ham AQSH Prezidenti bilan uzoq suhbat qildik. Ular ham xaritalar bilan tayyorgarlik ko‘rishgan ekan, men juda minnatdorman. Bizda ham xuddi shunday xarita bor edi. Biz bu haqda uzoq gaplashdik. Qayd etish joiz, davlatimizning ayrim qismlari, masalan, sharqiy hududlar yoki Qrim okkupatsiya qilingani kuchli armiya frontal yurishi tufayli emas, balki umuman janglar yo‘qligi sababli sodir bo‘lgan. Masalan, Qrimda ommaviy harbiy harakatlar umuman bo‘lmagan. Shuning uchun: “Qisqa vaqtda Rossiya armiyasi kuchli bo‘lgani uchun katta hudud okkupatsiya qilindi”, deyish noto‘g‘ri.

Bunday nuqtalar juda muhim. Chunki AQSH Prezidenti haqiqiy vaziyatni, armiyamizning harakatini, Ukraina armiyasining quvvatini tushunib olishi kerak. Masalan, aniq raqam bor: 1000 kun ichida ruslar faqat 1% hududni egallagan. Odamlar esa 20% yoki 18% deb o‘ylaydi. Aslida esa 1% ham emas. Bu fakt vaziyatga boshqa nuqtai nazardan qarashga yordam beradi. Bu borada birinchi marta menda shunday imkoniyat paydo bo‘ldi. AQSH Prezidenti va uning jamoasi bilan batafsil xarita ustida suhbat qildim va qog‘ozdan o‘qimay, balki har bir qon to‘kilgan kvadrat kilometrni yoddan bilib turgan holda vaziyatni bayon qildim. Bu juda hassos masala. Men xohladimki, Prezident bizni eshitsin va ko‘rsin. Menimcha, u eshitdi ham, ko‘rdi ham. Shuning uchun hududlar masalasi – bu men bilan Putin o‘rtasida qoladigan masala.

Jurnalist: “Financial Times” xabariga ko‘ra, Ukraina AQSHga qurollar bo‘yicha 100 milliard dollarlik bitim taklif qilmoqda. Bu haqda alohida tushuntirsangiz, nimalar nazarda tutilmoqda?

Zelenskiy: Xavfsizlik kafolatlari, ehtimol, bizning hamkorlarimiz tomonidan kengaytiriladi va bora-bora batafsilroq bo‘ladi va albatta bularning barchasi qog‘ozda ifoda etiladi, yaqin hafta yoki o‘n kun ichida qandaydir rasmiylashtiriladi. Men sizlarga aytganimdek, xavfsizlik kafolatlarining bir qismi – bizning ulushimiz, ya’ni qo‘shimcha moliya zarur. Men bu pullarning barchasini topish niyatidaman. Buning uchun Yevropadagi hamkorlarimizda tushuncha bo‘lishi shart: biz ma’lum muddatga moliyalashtirish manbalari topishimiz kerak. Bu muddat ancha uzoqroq bo‘ladi, shunda bu xavfsizlik kafolatlarining bir qismiga aylanadi. Maoshlar va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, shunday deyish mumkinki, biz o‘z byudjetimizdan barcha maoshlarni to‘lashga qodir bo‘lamiz.

Ammo unda, masalan, ichki ishlab chiqarishimiz uchun mablag‘ yetishmasligi mumkin, huddi hozirgidek. Harbiylarimizga maosh to‘lash uchun hamkorlarimiz hech qachon pul bermagan, bu aniq, ular bera olmaydi ham, lekin ular ishlab chiqarishimizga mablag‘ ajratgan. Shu bois, agar biz harbiylarimizga yuqori maoshlarni o‘zimiz to‘lasak, ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun kuchli resurslar kerak bo‘ladi. Shuning uchun paketning ikkinchi qismi – AQSH qurollaridir. Ular bizda yo‘q qurollardir. Unga birinchi navbatda samolyotlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqalar kiradi. Qolganini hozircha qo‘ya turamiz. Rostdan ham, takliflarimizda 90 milliard dollarlik paket bor. Bu xavfsizlik kafolatlarining ikkinchi qismi hisoblanadi.

Uchinchi qismi esa – dronlar ishlab chiqarish. AQSH Prezidenti bilan shunday kelishuv borki, eksport ochilgandan so‘ng ular Ukraina dronlarini sotib oladi. Bu biz uchun muhim. Bu ichki dron ishlab chiqarishni moliyalashtiradi. Kompaniyalarimiz ishlab chiqarish va uni ko‘paytirish uchun mablag‘ga ega bo‘ladi. Bu muhim. Shuningdek, sheriklar bilan qo‘shma ishlab chiqarish ham bor. Shunday ekan, xavfsizlik kafolatlarining ikkinchi qismi – bu biz o‘zimiz qiladigan ishlar. Uchinchi qismi bo‘lsa – sheriklarimiz biz uchun qila oladigan ishlardir. Xavfsizlik kafolatlari qanday ishlashi va Ukraina himoyasi uchun qanday kuchlar jalb etilishi haqida hozircha faqat shuni ayta olaman.

Jurnalist: Rahmat, janob Prezident. So‘nggi savol: Bu ko‘p tomonlama yoki ikki tomonlama muzokaralarda siz uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan masala tilga olindimi?

Zelenskiy: Bu munozara, bu – sheriklar bilan muloqot. Har birimiz o‘z dalillarimizga egamiz. Qabul qilib bo‘lmaydigan qarorlar bo‘lgani yo‘q. Menimcha, har birimiz o‘z ishimizni qildik.

Jurnalist: Yana aniqlik kiritsangiz. Siz xavfsizlik kafolatlarining AQSH tomonidan muvofiqlashtirilishini shaxsan o‘zingiz so‘radingizmi? Yoki buni Prezident Tramp taklif qildimi?

Zelenskiy: Bu masala detallarda aniq bo‘ladi. Lekin muhim jihati shuki, biz xavfsizlik kafolatlari ustida birgalikda ishlaymiz. Biz uchun AQSH tomonidan ta’minlanadigan xavfsizlik kafolati juda muhim.

Jurnalist: Amerika tinchlikparvarlari haqida. Bu haqda Donald Tramp uchrashuvdan oldin aytgan edi. Nimalar kelishildi, shu to‘g‘risida biror narsa deysizmi?

Zelenskiy: Ehtimol, bu faqat amerikalik tinchlikparvarlar emas, balki NATO davlatlari ham bo‘lishi mumkin. Qarang, biz “ko‘ngillilar koalitsiyasi” haqida gapiryapmiz, bu 30 mamlakat haqida bo‘ladi. Biz tushunib olamiz, qaysi mamlakatlar real ravishda nimani taklif eta oladi. Kimdir, ehtimol, o‘z qo‘shinlarini joylashtirish haqida gapiradi, kimdir razvedka haqida, kimdir dengiz haqida va yana kimdir havodagi xavfsizligi haqida. Turli formatlar. Kimdir tayyor, lekin konstitutsiyasi ruxsat bermaydi va u milliy ukrain ishlab chiqarishini moliyalash bilangina yordam berishi mumkin. Bu chuqur masala, keng masala. Shuning uchun detallar aniq bo‘guncha kutamiz.

Jurnalist: Janob Prezident, bugun Donald Tramp shuni ma’lum qildiki – u asosiy kengaytirilgan formatdagi uchrashuv va uning norasmiy qismi orasida Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilgan ekan. Ayta olasizmi, bu qaysi bosqichda bo‘lgan, qaysi masalalar muhokama qilingan va shu qo‘ng‘iroqdan keyin u sizga nima dedi?

Zelenskiy: Bizda ikki tomonlama muzokara bo‘ldi. Keyin shu ikki tomonlama kelishuvlarimizni kengaytirilgan formatda muhokama qildik. Va shu yerda xavfsizlik kafolatlari va ehtimoliy uchrashuvlar bo‘yicha qadamlarimizga ko‘proq e’tibor qaratdik. Shundan so‘ng Prezident Tramp aytdi: “Men endi boraman va buni Putin bilan muhokama qilaman, to‘g‘risini aytsam, sizning oldingizga muhim masala bilan qaytib kelaman”. Tramp shunday dedi.

Keyinchalik esa biz ana shu masalani muhokama qildik. Biz bunga tayyor edik. U gaplashdi, biz esa hamkasblar bilan texnik jihatlarni muhokama qildik: masalan, xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha qachon videokonferensiya orqali uchrashishimiz mumkinligi haqida. Keyin qaytadan Oval kabinetga qaytdik. Prezident aytdi: avval ikki tomonlama format taklif etiladi, keyin esa uch tomonlamaga o‘tiladi.

Jurnalist: Janob Prezident aytingchi, Yevropadagi hamkorlaringizni bugungi ishtiroklari qanchalik muhim bo‘ldi? Bu uchrashuv natijasiga qay darajada ta’sir ko‘rsatdi? NATO Bosh kotibi va Yevrokomissiya prezidenti bor edi. Qanday qilib shunchalik tez ularni yig‘ishga muvaffaq bo‘ldingiz?

Zelenskiy: Birinchidan, ular Ukrainani hurmat qiladi, xalqimizni ardoqlaydi. Menimcha, ular bilan shaxsiy munosabatlarimiz juda yaxshi va men ularga katta minnatdorlik, hurmat bilan aytaman, biz buni qanchalik tez tashkil etgan bo‘lsak ham, ularni birlashtira oldik va barchamiz bu yerga keldik. Men ulardan juda minnatdorman. Bu uchrashuvga ta’sir qildi, deb o‘ylayman, chunki Ukraina yolg‘iz emas. Muhim jihat shuki, bizda shunday kuchli qo‘llab-quvvatlash, ehtimol ba’zi taktik qadamlar ham bor. Menimcha, hammasi rost. Rahmat.

Jurnalist: Janob Prezident, Londonda siz haqingizda juda ko‘p so‘rashadi. Savolim xavfsizlik kafolatlari haqida: ukrain armiyasini moliyalash va dronlar ishlab chiqarishdan tashqari, yangi turdagi qurollar, xususan, AQSHdan aniqroq yordam paketlari muhokama qilindimi?

Zelenskiy: Biz AQSHdan kutganimiz katta paketda bor. Biz nima kerakligini tushunamiz, bizda xohish bor. Bu hammasining boshlanishi. Biz hamma narsaga umid bog‘lay olmaymiz. Lekin boshlanish juda muhim. Hammasi ishtirokini tasdiqladi – bu muhim, deb o‘ylayman. Hozircha qo‘shadigan narsam yo‘q. Bu yerda gap faqat moliyalash haqida emas, balki bunga qo‘shimcha ravishda razvedka ma’lumotlarining almashinuvi, ayrim hollarda ishtirok va davlatimiz himoyasiga qo‘shilish haqida ketmoqda. Bu haqda esa hali erta. Rahmat. Xayr.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Rossiya Donal'd Tramp Evropa Ittifoqi Putin Ukraina Vladimir Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing