Putin Rossiyaning 4 yillik migratsiya siyosati konsepsiyasini tasdiqladi
Olam
−
16 Oktabr 2025 7877 2 daqiqa
Rossiyada keyingi to‘rt yil – 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan migratsiya siyosati rejasi tasdiqlandi. Mos ravishdagi farmonga Prezident Vladimir Putin imzo chekdi. Hujjat rasmiy huquqiy aktlar e’lon qilinadigan saytda joylashtirilgan.
“2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Rossiyaning davlat migratsiya siyosatining qo‘shimcha konsepsiyasi tasdiqlansin”, deyiladi hujjatda.
Konsepsiyada qayd etilishicha, Rossiyaga ishlash uchun borayotgan migrantlar soni 2030 yilgacha o‘sishda davom etadi. Bu xorijiy ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liq. Shuningdek, hujjatda ta’kidlanishicha, milliy xavfsizlikka doir yangi chaqiriq va tahdidlar migratsiya siyosatini takomillashtirishni talab qiladi. Rossiyada migratsiya masalalarida ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirishga qaratilgan choralar ko‘rish zarurligi qayd etilgan.
Siyosatning asosiy natijalari sifatida quyidagilar kutilmoqda:
- Noqonuniy migrantlar sonini kamaytirish;
- xorijiy fuqarolar, jumladan, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarni qisqartirish;
- Rossiyada noqonuniy ishlayotgan migrantlar ulushini pasaytirish;
- ta’lim muassasalariga bormaydigan migrant bolalar sonini kamaytirish;
- Rossiya oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan xorijiy talabalar ulushini oshirish;
- maqsadli dasturlar orqali ishga qabul qilinayotgan migrantlar sonini ko‘paytirish;
- an’anaviy rus qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlaydigan va Rossiyaga doimiy yashash uchun ko‘chib kelayotgan xorijiy fuqarolar ulushini oshirish.
Bundan oldin, 13 oktyabr kuni Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin ma’lum qilishicha, 2025 yil 5 fevraldan boshlab, ya’ni noqonuniy migrantlar reyestri ishga tushganidan buyon, migratsiya qonunchiligini buzgan taxminan 35 ming kishi Rossiyadan chiqarib yuborilgan.
Shu bilan birga, 1 sentyabr holatiga ko‘ra, Rossiya hududida noqonuniy yashab turgan migrantlar – nazoratdagi shaxslar reyestrida 770 ming kishi ro‘yxatda turgan, ularning uchdan bir qismini ayollar va bolalar tashkil etadi.
11 sentyabrdan boshlab noqonuniy migrantlarga nikoh va ajralishni ro‘yxatdan o‘tkazish, bolalarni bog‘cha va maktablarga joylashtirish, haydovchilik guvohnomasi olish, transport boshqarish va "bank schyotlari" ochish taqiqlandi.
Live
Barchasi