Putin qarorgohiga hujum: na iz bor, na qurbon...
Tahlil
−
09:19 2869 4 daqiqa
Ukraina Yangi yil arafasida 91 ta dron bilan Putinning qarorgohiga hujum qildi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 29 dekabrga o‘tar kechasi Ukraina Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyatidagi davlat rezidensiyasiga 91 ta uchuvchisiz uchish apparati (dron) orqali hujum qilishga uringan. Barcha dronlar yo‘q qilingan. Jabrlanganlar yoki moddiy zarar haqida ma’lumot kelib tushmagan.
Lavrovning aytishicha, ushbu hujumni inobatga olgan holda Rossiyaning tinchlik muzokaralaridagi pozitsiyasi qayta ko‘rib chiqiladi, biroq Moskva AQSH bilan muzokaralar jarayonidan chiqish niyatida emas.
Voqea tafsilotlarining qiziq tomoni shundaki, hujum vaqtida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHning Florida shtatida joylashgan Mar-a-Lago qarorgohida mavqedoshi Donald Tramp bilan Tinchlik muzokaralarini muhokama qilayotgandi. Ikki Prezident muzokaralarni yopiq eshiklar ortida olib borgan. Shundan so‘ng, Zelenskiy Kiyev va Vashington o‘rtasida Floridada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda u taklif qilgan 20 banddan iborat tinchlik rejasining 90 foizi kelishib olinganini aytdi.
Muzokaralardan so‘nggina hujumdan “xabar topgan” Vladimir Zelenskiy Lavrovning bayonotini yolg‘on deb atab, buni Rossiyaning Kiyevdagi hukumat kvartaliga zarba berish rejalari bilan bog‘ladi.
“Rossiyaliklar bu urushni tugatishni istamaydi. Qandaydir rezidensiya hujumga uchradi degan bayonot bilan ular faqat poytaxt va davlat binolariga zarba berish uchun zamin tayyorlayapti”, dedi Zelenskiy.
Zelenskiy Lavrovning bayonotini AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan o‘tgan muzokaralar bilan bog‘ladi.
“Ruslar uchun biz bilan Amerika o‘rtasida janjal bo‘lmasa – holbuki, bizda ilgarilash bor – bu ular uchun mag‘lubiyat. Chunki ular bu urushni tugatishni istamaydi”, dedi u.
Ukraina Prezidentining fikricha, Moskva bunday bayonotlar orqali Kiyev va Vashington o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida erishilgan ilgarilashni izdan chiqarishga urinmoqda. U Donald Trampni Rossiya tahdidlariga munosib javob berishga chaqirdi.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida Rossiya tomonining go‘yoki bo‘lib o‘tgan hujum haqidagi so‘zlarini “manipulyatsiya” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu bayonotlar “yagona maqsad bilan – Rossiyaning Ukrainaga qarshi keyingi hujumlarini oqlash va tinchlik jarayonini izdan chiqarish uchun” o‘ylab topilgan. Uning aytishicha, bu odatiy Rossiyaga xos taktika: o‘zing qilayotgan yoki rejalashtirayotgan ishda boshqani ayblash.
Ukraina vaziri 2025 yil boshida Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina hukumat binosiga zarba berganini eslatdi. Unga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya hududida hokimiyat binolariga emas, faqat qonuniy harbiy nishonlarga zarba beradi. O‘z navbatida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Donald Trampga Ukraina tomonidan Novgorod viloyatidagi davlat rezidensiyasiga dronlar orqali hujum qilishga urinish bo‘lgani haqida ma’lum qilgan. Putinning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, ushbu “hujum” Mar-a-Lago muzokaralaridan so‘ng darhol sodir etilgan.
31 dekabr kuni AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi vaziyatga oydinlik kiritdi. Ukrainani Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyati – Valdaydagi qarorgohiga hujum qilishga uringan, deb hisoblamasligini bildirdi. MRB xulosasiga ko‘ra, 29 dekabrga o‘tar kechasi ukrain dronlari Putinning qarorgohi joylashgan hudud bilan bir mintaqadagi harbiy ob’ektga zarba berishga uringan, biroq ushbu ob’ekt qarorgohga yaqin joylashmagan. AQSH razvedkasi Rossiya havo hududini va uning hududiga uyushtirilayotgan hujumlarni sun’iy yo‘ldoshlar va radarlar orqali kuzatish imkoniyatiga ega. MRB direktori Jon Retkliff razvedka xulosalarini AQSH Prezidenti Donald Trampga yetkazgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida “New York Post” gazetasining tahliliy maqolasiga havola e’lon qildi. Unda Ukraina Putinning qarorgohiga zarba bermagani aytilgan. Tramp ushbu havolani maqola sarlavhasi – “Putinning “hujum” haqidagi shov-shuvli bayonotlari aynan Rossiya tinchlikka to‘sqinlik qilayotganini ko‘rsatadi” bilan birga joylashtirdi.
Eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Rossiya Prezidentining qarorgohiga qilingan hujum haqidagi da’volarida qat’iy turmoqda. Shu o‘rinda Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina dronlarining Putin qarorgohiga hujumi haqida dalillar olganini da’vo qildi va ularni amerikaliklarga topshirishga va’da berdi. Vladimir Putinning Novgorod viloyatidagi qarorgohiga hujum qilgani aytilayotgan Ukraina dronlarining “maxsus texnik ekspertizasi” davomida Rossiya maxsus xizmatlari vakillari dronlardan biriga yuklangan “parvoz topshirig‘i faylini” chiqarib olganini Rossiya Mudofaa vazirligi 1 yanvar kuni ma’lum qildi. Yo‘nalish ma’lumotlarini tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, Ukraina dronlari hujumining yakuniy maqsadi “Rossiya Prezidentining qarorgohidagi ob’ektlardan biri bo‘lgan”, deb ta’kidlaydi Rossiya harbiy idorasi. Qo‘shimcha qilinishicha, bu ma’lumotlar Qo‘shma Shtatlarga yuboriladi.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasidagi ushbu videoreportajni tomosha qiling.