Putin Prigojin isyon ko‘targan kuni yaxtada dam olayotgan bo‘lgan – Zigar
Olam
−
01 iyul 2023
19431Yozuvchi va jurnalist Mixail Zigarning aytishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Prigojin isyon ko‘targan kuni Sankt-Peterburgda maktab bitiruvchilarining Alvon yelkanlar bayramini tomosha qilib, rossiyalik oligarx Yuriy Kovalchukning yaxtasida dam olayotgan bo‘lgan. Bu haqda u “The New York Times” nashrining “Opinion” (fikr) ruknida ma’lum qildi.
Zigarning aytishicha, Prigojin Moskvaga 200 kilometrgacha yaqinlashganiga qaramay, Prezident Sankt-Peterburgga uchib ketgan. U yerda Putin o‘zining yaqin do‘sti, tadbirkor Yuriy Kovalchukning yaxtasida Alvon yelkanlar bayramida qatnashib, yorug‘lik shousi va qip-qizil yelkanli kemalarning Neva daryosi bo‘ylab suzib o‘tishini tomosha qilgan.
Ma’lumot uchun, Alvon yeklanlar festivali Rossiyaning eng mashhur bayramlaridan biri bo‘lib, unda o‘rta maktab bitiruvchilari daryo bo‘ylab qizil yelkanli kemalarda suzib o‘tadi. Bayram dasturidan, shuningdek, mushakbozlik hamda yorug‘lik shousi ham o‘rin oladi. Bu bayramda nafaqat o‘smirlar, balki Rossiyaning elita vakillari, amaldorlar va oligarxlar ham daryo bo‘ylab hashamatli yaxtalarida suzib, shampan ichishadi.
Zigarning aytishicha, Putinni hech narsa, hatto qurolli qo‘zg‘alon ham o‘zining sevimli bazmiga borishdan qaytara olmagan.
“Janob Putinning yaqin doiralari – amaldorlar, ma’murlar, jurnalistlar, ishbilarmonlar va boshqalarga yaqin bo‘lgan manbalarimning fikricha, bu Prezident reallikdan ajralganining eng yorqin dalilidir. U hamon hamma narsani nazorat ostida deb hisoblaydi va janob Prigojinning isyoni siyosiy vaziyatni hech qanday tarzda o‘zgartirmagan, deb o‘ylaydi. Lekin u xato qiladi. Janob Putin atrofidagi muhit nafaqat tubdan farq qiladi, balki o‘zgarishlarga ishtaha kuchaydi – hatto Prezidentga yaqin bo‘lganlar orasida ham. Men gaplashgan ko‘pchilik uchun janob Putinning boshqaruv tizimi uzoq davom eta olmaydi”, deydi u.
Jurnalistning fikricha, vaziyatning bunday izdan chiqib ketishida Putinning aybi bor. Chunki u Prigojinni rag‘batlantirib, Ukrainadagi urushda unga katta imtiyozlar bergan. Jumladan, Putin Prigojinning “Vagner” kompaniyasiga qamoqxonalardagi mahbuslarni ham yollash hamda jang maydonida, xususan, Baxmut uchun kurashda muhim o‘rinni egallashiga ruxsat bergan.
Bunday e’tibor esa borgan sari Prigojinning Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovni qoralab, haqorat qila boshlashiga olib kelgan. Sergey Shoygu tomonidan Rossiya armiyasidagi barcha xususiy bo‘linmalar Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashi shartligi e’lon qilinganida esa Prigojin bunga rozi bo‘lmadi. Manbalarga ko‘ra, o‘shanda Prigojin Putin bilan shu masalada aloqa o‘rnata olmagan. Byurokratiya tilida esa bu Putinning undan noroziligini anglatar edi. Zigarning aytishicha, o‘sha paytda agar Prezident Prigojin bilan gaplashganida yoki ma’muriyatidan kimgadir ko‘rsatma berganida mazkur isyonning oldini olish mumkin edi.
Mixail Zigarning fikriga ko‘ra, yuz bergan qurolli qo‘zg‘alon Putinning hokimiyatini zaiflashtirdi hamda uni juda imkonsiz, vaziyatni nazorat qila olmaydigan va kuchsiz qilib ko‘rsatdi.
“Hukmron elitaning ko‘plab a’zolari uchun endi Janob Putin uzoq vaqt davomida barqarorlik kafolati bo‘lishni to‘xtatgani aniq”, deydi Zigar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevgeniy Prigojin va uning “Vagner” kompaniyasiga isyondan biroz avval Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolamagani uchun Ukrainadagi harbiy harakatlarda qatnashish taqiqlangani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov “Vagner” ortiq Ukrainada jang qilmasligini aytgandi.