Putin Pashinyan bilan Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qildi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan telefon orqali Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi xavfsizlik masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Armaniston tomoni tashabbusi bilan o‘tkazilgan suhbat yakunlari bo‘yicha Kreml matbuot xizmati xabar berdi. 

“Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi vaziyatning rivojlanishi, shuningdek Armaniston-Ozarbayjon chegarasida xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi”, deyiladi Kreml xabarida. 

Shu ma’noda Putin va Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha uch tomonlama kelishuvlarni muhokama qilgan. 

“Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari o‘rtasida 2020 yil 9 noyabr, 2021-yil 11 yanvar va 26 noyabrdagi kelishuvlarning barcha bandlarini amalga oshirish muhimligi tasdiqlandi”, deyiladi Rossiya rahbari matbuot xizmati xabarida. 

Kecha, 8 avgust kuni Ozarbayjon Armaniston tomonini yana Armaniston bilan chegarada va Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda ayblab, so‘nggi sutka davomida arman qurolli tuzilmalari Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini 10 marta o‘qqa tutganini ta’kidlagan edi. 

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar kontingentining Tog‘li Qorabog‘dagi mas’uliyat zonasida vaziyat keskinlashgani qayd etilganini ma’lum qildi.  Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Ozarbayjon Qurolli kuchlari tomonidan Saribaba balandligi hududida buzilgan. Tinchlikparvar kuchlar qo‘mondonligi Ozarbayjon va Armaniston tomonlari vakillari bilan birgalikda vaziyatni barqarorlashtirish choralarini ko‘rmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 3 avgust kuni Ozarbayjon bilan to‘qnashuv chizig‘ida vaziyatning keskinlashishi oqibatida ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, yana 14 nafari yaralangan.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Mudofaa vazirligi xabar qilishicha, ayni vaqtda vaziyat nisbatan sokinlashgan, Tog‘li Qorabog‘ kuchlari rossiyalik tinchlikparvar kuchlar bilan birga vaziyatni barqarorlashtirish ustida ish olib bormoqda. 

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilganini ma’lum qildi. Amaliyot boshlanishiga kecha Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘lgan.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Nikol Pashinyan

Baholaganlar

8

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing