Putin Ukrainadan keyin Moldovani egallamoqchi – OAV

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2025 yilning oxirida harbiy qo‘mondonlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda 2026 yil uchun NATO va Yevropa Ittifoqini ichidan parchalash vazifasini qo‘ygan. Bu haqda yig‘ilish tafsilotlaridan xabardor bo‘lgan ikki davlat rasmiysiga tayanib, “The New York Times xabar berdi.

Nashr manbalariga ko‘ra, Kremlning ushbu rejalarida Moldova alohida o‘rin egallaydi. G‘arb razvedka xizmatlarining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya uchun Ukrainani bo‘ysundirish birinchi darajali maqsad bo‘lsa, Moldova ustidan nazorat o‘rnatish ikkinchi o‘rinda turadi.

Qayd etilishicha, Moskva Moldovani nafaqat Ukrainaga, balki G‘arbga qarshi keyingi harakatlar uchun ham qulay tayanch hudud deb hisoblamoqda. Putin, shuningdek, Ukrainaning janubiy hududlarini egallab, Rossiyani Moldova bilan bog‘laydigan quruqlik yo‘lagini yaratish niyatidan ham voz kechmagan.

The New York Times’ning yozishicha, Rossiya 2025 yil sentyabr oyida Moldovada o‘tkazilgan parlament saylovlariga kiberhujumlar, dezinformatsiya kampaniyalari, ovoz sotib olish va targ‘ibot ishlari orqali aralashishga uringan.

Nashr manbalariga ko‘ra, bu jarayonga Moldova ruhoniylari ham jalb etilgan. Moldova ruhoniylari Rossiyaga olib borilgan va u yerda ularga bank kartalari berilgan. Keyinchalik ular Moldovaga qaytib, fuqarolarni Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha referendumga qarshi ovoz berishga undashi kerak bo‘lgan.

Bundan tashqari, Serbiya, Bosniya va Moskva yaqinidagi maxsus lagerlarda yuzlab Moldova fuqarolari qurol ishlatish, politsiya to‘siqlarini yorib o‘tish, dronlardan foydalanish hamda qo‘lbola portlovchi qurilmalar tayyorlash bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgani aytilmoqda. G‘arb razvedkasi ushbu lagerlar Rossiya Harbiy razvedkasi bilan bog‘liq shaxslar tomonidan tashkil etilganini bildirgan.

Moldova Prezidenti xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Stanislav Sekriyeruning fikricha, Rossiya Moldovani Ukraina va Yevropa Ittifoqiga qarshi harakatlar uchun tayanch hududga aylantirishga urinmoqda.

Biroq Moldova hukumati bu urinishlarning oldini olgan. Saylovlar arafasida mamlakat politsiyasi yuzlab tintuvlar o‘tkazib, maxsus lagerlarda tayyorlangan shaxslarni qo‘lga olgan. Kiberxavfsizlik mutaxassislari esa G‘arb davlatlari ko‘magida xakerlik hujumlarini qaytargan.

Natijada Prezident Mayya Sandu partiyasi parlamentdagi ko‘pchilikni saqlab qolgan.

“Biz bir jangda g‘alaba qozondik. Ammo urushda hali g‘alaba qozonmadik”, degan Moldova Kiberxavfsizlik agentligi direktori Mixay Lupashku.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urush davom etayotgan bir paytda NATO davlatlaridan biriga cheklangan hujum uyushtirib, alyansning qat’iyatini sinab ko‘rishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing