Putin NATO sharq tomon nega erkin kengayayotganini aytdi
Olam
−
21 dekabr 2021
12281NATO “sovuq urush” g‘alabasidan keyingi eyforiya natijasida sharq tomon kengaymoqda. Agar harbiy alyans Rossiya chegaralariga yaqinlashsa, rasmiy Moskva harbiy-texnik choralar ko‘rishga tayyor. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 21 dekabr kuni Mudofaa vazirligi hay’ati yig‘ilishida shunday fikr bildirdi.
Vazirlik yig‘ilishida so‘zga chiqqan davlat rahbari G‘arbning 1990-2000-yillarning boshlarida amalga oshirgan va Rossiya uchun muammo tug‘dirgan harakatlarini eslagan.
“Ba’zida savol tug‘iladi: nega ular bularning barini o‘sha vaziyatda amalga oshirdi? Tushunarsiz. O‘ylashimcha, bu “sovuq urush”dagi g‘alabadan keyingi sarmastlik bilag bog‘liq. Va o‘sha vaqtda vaziyatni noto‘g‘ri baholash hamda voqealarning kelgusidagi rivojini xato tahlil qilish bilan aloqador. Bundan boshqa sabab yo‘q”, degan Putin.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, agar NATO Rossiya chegaralariga yaqinlashsa, Moskva harbiy-texnik choralar ko‘rishga tayyor.
“G‘arblik hamkasblarimizning ochiq-oydin agressiv yo‘nalishi davom etsa, biz tegishli harbiy-texnik choralarni ko‘ramiz va nodo‘stona qadamlarga keskin munosabat bildiramiz. Rossiya buni qilishga to‘liq haqli”, degan Putin.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining ta’kidlashicha, Moskva o‘zi uchun hech qanday maxsus, eksklyuziv shartlarni talab qilmaydi.
“Rossiya butun Yevroosiyo makonida teng va bo‘linmas xavfsizlik tarafdori”, deya so‘zini yakunlagan u.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yevropadagi hozirgi keskinlik AQSHning aybi bilan yuzaga kelganini aytgandi.
Munira Tursunova
LiveBarchasi