Putin NATO bilan urushga tayyorgarlikning birinchi bosqichini boshladi – ISW
Olam
−
07 Oktabr 2025 10806 2 daqiqa
Kreml NATO bilan urushga tayyorgarlik doirasida faol ravishda axborot va psixologik muhitni shakllantirmoqda. Bu haqda AQSHdagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) xabar berdi.
Tahlilchilar bu jarayonni “0-faza” deb atagan. Bunday xulosaga ular Rossiya Tashqi razvedka xizmati tomonidan ilgari surilgan da’volar sabab kelgan. Unga ko‘ra, go‘yoki London Yevropaning bir portida “ruslar” tomonidan uyushtirilgan soxta hujumni sahnalashtirmoqchi.
“Kremlning Tashqi razvedka xizmati orqali soxta voqealar haqidagi bayonotlardan muntazam foydalanishi rus jamoatchiligida G‘arbga nisbatan salbiy munosabat shakllantirish, har qanday hujum yoki tahdid uchun mas’uliyatni G‘arb davlatlariga yuklashga qaratilgan”, deyiladi ISW hisobotida.
ISW tahlilchilariga ko‘ra, Rossiya razvedkasining bu kabi bayonotlari, shuningdek, NATO davlatlariga qarshi Moskvadan amalga oshirilayotgan yashirin va ochiq hujumlar – diversiyalar, radioelektron urush vositalariga aralashuv, GPS signalini to‘sish va havo provokatsiyalari – bularning barchasi Rossiyaning “harbiy harakatlar uchun sharoit yaratish bosqichida muvofiqlashtirilgan tayyorgarlik ishlarini olib borayotganini” ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ISW Kreml NATO bilan to‘liq miqyosli urush boshlash haqida qaror qabul qilgan, degan yakuniy xulosani chiqarmagan. Shuningdek, institut Rossiya hozircha “yaqinlashib kelayotgan to‘qnashuv” uchun faol harbiy safarbarlik alomatlari kuzatilmayotgani yozmoqda.
Shunga qaramay, Moskva uzoq muddatli strategik rejalarni amalga oshirmoqda. Tahlilchilarning fikricha, ular NATO bilan kelajakdagi ehtimoliy urushga tayyorgarlikning bir qismi bo‘lishi mumkin. Bunga, masalan, Rossiyaning g‘arbiy chegarasidagi harbiy okruglarni qayta tashkil etish va Finlyandiya bilan chegarada yangi harbiy bazalar qurilishi kiradi.
“Rossiya Yevropani o‘z mudofaasini mustahkamlashga qaratilgan hozirgi sa’y-harakatlarini to‘xtatishga yoki kamaytirishga undamoqda, go‘yoki bunday harakatlar Rossiya hujumiga turtki bo‘lishi mumkin, degan qo‘rquvni uyg‘otmoqda. Bu Kremlning kengroq strategiyasining bir qismi bo‘lib, uning maqsadi raqiblarini Moskvaga foyda keltiradigan siyosiy qarorlar qabul qilishga majbur etishdir”, deyiladi ISW hisobotida.
Qayd etish joiz, so‘nggi bir oy ichida Rossiya NATO davlatlariga qarshi provakatsion hujumlarini sezilarli darajada kuchaytirdi. Eng e’tiborli holatlar sifatida Polsha, Ruminiya va Estoniya havo hududlariga Rossiya dronlari va harbiy samolyotlarining kirib borishi qayd etilgan. Bundan tashqari, Shimoliy Yevropa mamlakatlarida – Daniya, Norvegiya va Germaniyada so‘nggi haftalarda noma’lum dronlar sabab aeroportlar yopilishi bilan bog‘liq hodisalar ko‘paygan, ularning ortida esa Moskva turgani taxmin qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Daniya harbiy razvedka xizmati direktori Tomas Arenkil Rossiya Daniya va boshqa G‘arb mamlakatlariga qarshi gibrid urush olib borayotganini – bu orqali u NATO ichida ishonchsizlik va ixtilof urug‘ini sochish hamda Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamni susaytirishni maqsad qilganini aytgan edi.
Live
Barchasi