Putin Lukashenkoga birga cho‘milishni taklif qildi (video)
Olam
−
28 may 2021
11217Bugun, 28 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoga birga cho‘milishni taklif qildi. Bu haqda “RIA Novosti” yozmoqda.
Xabarga ko‘ra, Prezident Putin Belarus rahbariga Sochida havo yaxshiligini aytib, unga dengizda birga cho‘milishni taklif qilgan.
“Ko‘rib turganingizdek, Sochida ob-havo yaxshi. Dengizda cho‘milishimiz mumkin. Havo ham borgan sari iliq bo‘lib boryapti. O‘ylaymanki, bu ham ikki o‘rtadagi uchrashuvimizning natijalariga o‘z hissasini qo‘shadi”, deydi Putin.
Bunga javoban, Aleksandr Lukashenko “bajonidil” ushbu taklifni qabul qilishini aytgan.
Bundan tashqari, Sochidagi ushbu muzokaralar vaqtida Belarus Prezidenti Rossiya rahbariga “Ryanair” aviakompaniyasining parvozi bilan bog‘liq vaziyatga oid “ba’zi hujjatlarni” namoyish etish niyatida ekanini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu voqealar Belarusdagi vaziyatni beqarorlashtirish va holatni o‘tgan yildagi “avgust voqealari”gacha olib borishdek ko‘rinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili avgust oyida Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari namoyishlarga aylanib ketib, mamlakatdagi siyosiy beqarorlik bir necha oylab davom etgan edi.
“Ryanair” bilan bog‘liq holatga keladigan bo‘lsak, 23 may kuni Gretsiyaning Afinasidan Litvaning Vilnyus shahriga uchib ketayotgan “Ryanair” aviakompaniyasining samolyoti Minskga qo‘ndirildi.
Ma’lum bo‘lishicha, samolyot bu vaqtda Belarus osmonida parvoz qilayotgan bo‘lgan va mamlakat Harbiy havo kuchlariga qarashli MiG-29 qiruvchisi yo‘lovchi samolyotining majburiy tarzda qo‘ndirilishini ta’minlagan. Rasmiylar bunday favqulodda harakatga samolyotda bomba borligi haqidagi xabarni sabab qilib ko‘rsatdi. Keyinchalik, bu xabar o‘z tasdig‘ini topmadi.
Ma’lum bo‘lishicha ushbu samolyot bortida bomba emas, Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan jurnalist Protasevich bo‘lgan va u darhol hibsga olingan.
Nega jurnalist Protasevich Belarusda terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan?
Gap shundaki, Protasevich bosh muharrirlik qilgan Nexta Telegram kanali 2020 yilning yozida Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng boshlangan va bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlarini yoritgan va ommani unda qatnashishga chorlagan.
Qayd etish kerakki, Nexta Telegram kanali Belarusda ekstremistik, deb topilgan.
Protasevich esa Belarusda “ommaviy tartibsizliklar uyushtirish”da (bu uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin) va “guruh bo‘lib jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzganlik”da (uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin) ayblanmoqda.
Bundan tashqari, unga nisbatan kasbiy mansubligi asosida “ijtimoiy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan xatti-harakatlarni qasddan sodir etish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan (eng yuqori jazo 12 yil).
“Ryanair” voqeasidan so‘ng Litva Belarusdan samolyotlarni qabul qilishni to‘xtatdi, Yevropa Kengashi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “Belavia”ning barcha parvozlarini taqiqlashni buyurdi, shuningdek, Buyuk Britaniya ham “Belavia”ning parvozlariga ruxsatni to‘xtatdi.
Yevropaning Fransiyaning “Air France”, Latviyaning “airBaltic” Gollandiyaning KLM, Skandinaviyaning SAS, Vengriyaning “Wizz Air”, Germaniyaning "Lufthansa", Finlyandiyaning "Finnair" aviakompaniyasi Belarus havo hududidan foydalanmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, Ukraina 26 may yarim tundan boshlab Belarus bilan parvozlarni rasmiy ravishda to‘xtatdi.
LiveBarchasi