Putin Lukashenkodan kartoshka so‘radi

Olam

image

Belaruslik Aleksandr Lukashenko mamlakatda kartoshka yetishtirish hajmini oshirish zarurligini ta’kidlab, bu kartoshka Belarusning o‘ziga ham, Rossiyaga ham yetishi kerakligini aytdi. Bu haqda Lukashenko kecha, 28 may kuni Brest viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Pyotr Parxomchik bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

Unga ko‘ra, Rossiyada kartoshka yetishmovchiligi ko‘payib bormoqda.

“Juda ko‘p gap-so‘zlar bo‘lyapti. Ayniqsa, Rossiya Prezidentining yig‘ilishidan keyin – u yerda Putin kartoshka haqida hazil qilgandi. Lekin bu biz uchun juda jiddiy masala. Qanday bo‘lmasin, biz kartoshka yetishtirishni bilamiz. Shunchalik ko‘p yetishtirishimiz kerakki, bu nafaqat o‘zimizga, balki Rossiyaga ham yetsin”, degan Lukashenko.

Lukashenko bu yerda gap xayriya haqida emas, balki “yaxshi pul va yaxshi narx” haqida ketayotganini alohida ta’kidlagan.

Shu bilan birga, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 26 may kuni ishbilarmonlar bilan uchrashuvda Rossiyada aholining kartoshka, qand lavlagi va boshqa sabzavotlar bilan ta’minlanishidagi muammolar haqida gapirgan.

“Kartoshkani Belarusdan sotib olaylik, u yerda bu bo‘yicha katta mutaxassislar bor”, degan Putin.

Biroq Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Maksim Oreshkin Belarusda bu ildizmeva – kartoshka tugab qolganini aytgan.

Qolaversa, 27 may kuni Putin Aleksandr Lukashenko bilan o‘tkazilgan suhbatda Belarus fermerlari barcha kartoshkani Rossiyaga sotib yuborganini eslab o‘tgan va undan yana kartoshka so‘ragan.

“Kartoshka masalasi haqida gap ketdi. Men o‘zim ham ota-onam bilan birga kartoshka ekkanman. Bu oson ish emas – ekish, keyin begona o‘tlardan tozalash kerak. Endi esa ma’lum bo‘ldiki, bizda kartoshka yetishmayapti. Aleksandr Grigorevich aytdi – bizdagilar hammasini allaqachon Rossiyaga sotib yubordi”, degan Putin.

Shu bilan birga, Putin yana Belarusdan kartoshka sotib olishni taklif qilgan.

Rossiyada kartoshka haqiqatdan tanqismi?

Rossiyada 2025 yilning boshidan buyon kartoshka narxi 85 foizga oshgan, ulgurji narxlar 1 kg uchun 46–51 rublga yetgan. Chakana narxlar esa o‘rtacha 85,4 rublga ko‘tarilgan.
Savdo tarmoqlari (retailerlar) kartoshkani zarariga sotayotgani aytmoqda.

Narxlarning keskin oshishiga 2024 yil hosilining pastligi, yomon ob-havo va talab ko‘pligi sabab bo‘lgan.

“Kartoshka ittifoqi” ijrochi direktori Aleksey Krasilnikovning aytishicha, bozorda import kartoshkasi ustunlik qilmoqda, chunki o‘tgan yilgi kartoshkaning saqlash muddati tugagan. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, narxlar yangi hosil bilan pasaya boshlaydi.

Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi ham iyulda narxlar barqarorlashishini kutmoqda – bu yangi hosil va import hajmining oshishi hisobiga bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin kartoshka Aleksandr Lukashenko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing