Putin Lukashenko bilan NATOga qarshi yagona mudofaa makonini qurmoqchi

Olam

image
Lukashenko “katta og‘a”si bilan kelishib olgani Moskvaga keldi north_east

Lukashenko “katta og‘a”si bilan kelishib olgani Moskvaga keldi

Moskva va Minsk G‘arb agressiyasiga qarshi birgalikda javob qaytarib, harbiy kuchlarini birlashtiradi. Bu haqda bugun, 18 fevral kuni Kremlda bo‘lib o‘tgan Putin va Lukashenko o‘rtasidagi mezokaralar mobaynida so‘z borgan.

Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi rasmiy uchrashuv yakuniga yetganidan so‘ng, Prezidentlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilgan. Anjuman davomida Putin NATO va G‘arb agressiyasiga qarshi Rossiya hamda Belarus mudofaasining birgalikda kuchaytirilishi haqida ma’lum qilgan.

“Bugungi muzokaralarda, albatta, Rossiya va Belarusning umumiy mudofaa makonini mustahkamlash mavzusi atroflicha muhokama qilindi. Biz ittifoqchimizning tashqi chegaralarida NATO davlatlarining harbiy faolligi oshib borayotgani munosabati bilan ikki davlat xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni birgalikda ko‘rishni davom ettirishga kelishib oldik”, degan Rossiya Prezidenti. 

Bundan avval, Belarusning Ukraina bilan chegaradosh hududlari bo‘ylab qo‘shin joylashtirgan Rossiya Mudofaa vazirligi, joriy yil 10 dan 20 fevralga qadar Belarus hududida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishi haqida ma’lum qilgan edi. Anjuman davomida Putin G‘arbning Belarus hududiga joylashtirilgan rus harbiylari Ukrainaga hujum qilish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xavotirli bayonotlarga javob qaytargan.

Putinga ko‘ra, Belarus hududi bo‘ylab joylashtirilgan harbiylar va 10 kun davom etadigan harbiy mashg‘ulotlar qo‘shni Ukrainaga hujum qilishga emas, balki Rossiya va Belarus mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan. 

“Rossiya-Belarus chegaralari bo‘ylab tahdidlar kuchayishi ortidan, biz asosiy qismi 20 fevralgacha Belarus hududida bo‘lib o‘tadigan “Ittifoqchilar kelishuvi – 2022” harbiy mashg‘ulotlariga jiddiy e’tibor qaratdik. Shuni aytishim kerakki, bu mashg‘ulotlar faqat mudofaa xarakteriga ega va hech kimning xavfsizligiga tahdid tug‘dirmaydi. Aleksandr Grigorevich ta’kidlaganidek, ushbu mashg‘ulotlarning o‘tkazilishi rejalashtirilgani haqida ikki davlat mudofaa vazirligi oldindan xabar berib kelayotgan edi. Mashg‘ulotlarni kuzatib borayotgan xorijiy davlat mudofaa tizimi vakillari kabi Belarus rahbarining o‘zi ham u yerda bo‘ldi va harbiy manyovrlarga guvoh bo‘ldi”, degan Prezident Putin. 


 
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi o‘rtalaridan boshlab Kreml Belarusga “Ittifoqchilar kelishuvi – 2022” doirasida o‘z harbiylari va og‘ir artilleriyalarni yubora boshlagan. Hozirga qadar qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun Belarus hududiga Rossiyaning 30 000 dan ortiq askarlari kiritilgani aytilmoqda.

Shuningdek, Belarus hududiga S-400 yer-havo raketa tizimlarining ikkita bataloni va 12 ta “Suxoy Su-35” qiruvchi samolyotlari mamlakat hududiga joylashtirilgan.

NATO ushbu harakatlarni Sovuq urush davridan buyon Belarus hududiga kiritilgan eng katta qo‘shin deya baholamoqda. Bildirilishicha, hozirda Rossiya ixtiyoriga o‘tgan Qrim, Belarus va Ukraina bilan chegaradosh boshqa hududlarda 100 000 lab rus qo‘shinlari joylashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

200

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing