Putin Xitoyga boradi

Olam

image

Vladimir Putin Szinpinning joriy yil oktyabr oyida Xitoyda bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan “Bir makon, bir yo‘l” forumiga taklifini qabul qildi. Bu haqda u bugun, 20 sentyabr kuni Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

“Albatta, Xitoy Xalq Respublikasi Raisining oktyabr oyidagi “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro tadbiri doirasida Xitoyga taklifini mamnuniyat bilan qabul qildim”, degan Putin.

Shu bilan birga, Putin joriy yil boshida Sining Rossiyaga tashrifi juda muvaffaqiyatli kechganini qayd etgan.

“Aytgan bo‘lardimki, Xitoy Raisining tashrifi yangi davrga qadam qo‘yganimizni anglatadi. Ayniqsa, bu o‘rtoq Si Szinpin Xitoy Xalq Respublikasi raisi etib saylanganidan so‘ng darhol sodir bo‘lganligi bilan bog‘liq. Bu ishonch va o‘zaro munosabatlarimizning yuksak darajasi hisoblanadi”, degan Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya va Xitoy manfaatlariga to‘liq mos keladi, shuningdek, “katta Yevrosiyoni yaratish g‘oyasiga hamohang”. 

Putinning qo‘shimcha qilishicha, Moskva va Pekin “juda sinxron harakat qilmoqda”.

O‘z navbatida, Van I hozirgi sharoitda dunyodagi vaziyat uchun Rossiya va Xitoyga alohida mas’uliyat yuklanganini qayd etgan.

“Zamonaviy dunyo tektonik siljishlarni boshdan kechirmoqda. O‘zgaruvchan xalqaro vaziyat sharoitida dunyoning ko‘p qutblilik jarayoni jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda, antigloballashuv tendensiyasi kuzatilmoqda. Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari sifatida tinchlik va taraqqiyotga intilmoqda. Bizning yelkamizda muhim mas’uliyat bor”, degan Xitoy TIV rahbari.

Shuningdek, Van I Putinga Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokaralari haqida so‘zlab bergan.

“Biz bir qator muhim kelishuvlarga erishdik. Xalqaro vaziyat qaysi tomonga o‘zgarmasin, Xitoy Rossiya bilan o‘zaro ishonch va pragmatik hamkorlikni mustahkamlash, umumiy manfaatlarini himoya qilish va xalqaro adolatni o‘rnatishda davom etadi ”, degan vazir.

Van I Rossiya rahbariga Xitoy raisining “samimiy salomi va ezgu tilaklari”ni yetkazgan. U joriy uchrashuvda Putinning oktyabr oyida Xitoyda bo‘lib o‘tadigan “Bir makon, bir yo‘l” forumida ishtirok etish rejalarini muhokama qilishga tayyorligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Szinpin Rossiyaga borgan va Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazgandi. O‘shanda Si Putinni Xitoyga taklif qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Xitoy Si Tszin'pin Van I

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing