Haydovchilarga 2 kun Toshkentga kelmaslik tavsiya qilindi
Jamiyat
−
25 may
21748Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi munosabati bilan Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida ikki kunga transport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 26-27 may kunlari Toshkent shahrida keng miqyosdagi xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi hamda obodonlashtirish va qurilish-montaj ishlari ayrim ko‘chalarda davom etayotganligi munosabati bilan transport vositalarining harakati cheklanadi.
“Zarurat bo‘lmaganda haydovchilarga Toshkent shahriga harakatlanmaslikni tavsiya qilamiz. Ma’lum ko‘chalarda transport vositalarining harakatini cheklash bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rilgan vaqtda haydovchilardan tartibga soluvchilarning ishoralariga, yo‘l belgilari hamda chiziqlarning talablariga qat’iy rioya etishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 26–27 may kunlari davlat tashrifi bilan Toshkentda bo‘lishi xabar qilingandi. Oldinroq Putin Toshkentga kelganida qayerlarga borishi ma’lum bo‘lgandi.