Putin Karlson unga o‘tkir savollar bermaganidan nolidi
Olam
−
15 fevral
7702Rossiya Prezidenti Vladimir Putin amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusiga izoh berdi. Bu haqda u jurnalist Pavel Zarubin bilan suhbatda so‘z ochdi.
Putinning aytishicha, u G‘arb davlatlari rahbarlari intervyuni kuzatib, Rossiya Prezidentining gaplarini tinglaganidan xursand.
Shuningdek, Putin Taker Karlsonni xavfli odam deb atadi, chunki u intervyuda sabrli tinglovchi taktikasini tanlagan.
"Sizning Karlsoningiz – men “sizniki” deganimda, u sizning jurnalistika ustaxonangizning xavfli vakili ekanini nazarda tutyapman. To‘g‘risini aytsam, u o‘zini agressiv tutib, o‘tkir savollar beradi, deb o‘ylagandim. Men bunga nafaqat tayyor edim, balki buni xohlardim, chunki bu menga keskin javob berish imkoniyatini ham berardi. Mening fikrimcha, bu bizning butun suhbatimizga ma’lum bir o‘ziga xoslikni berardi. Ammo u boshqacha taktikani tanladi, bir necha bor gapimni to‘xtatmoqchi bo‘ldi, lekin baribir g‘arblik jurnalist uchun ajablanarlisi shundaki, u sabrli bo‘lib, mening qarashlarimni, ayniqsa tarixga oid gaplarimni tingladi. Menga tayyor bo‘lgan narsani qilishim uchun sabab bermadi”, deydi Putin.
Rossiya rahbarining aytishicha, u bu intervyudan to‘liq zavq olmagan, ammo Taker Karlson o‘z rejasi bo‘yicha qattiq harakat qildi va rejasini amalga oshirdi.
Shuningdek, Vladimir Putin amerikalik jurnalistga vositachilik qilgani uchun minnatdorlik bildirgan, chunki Rossiya G‘arb bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkaza olmayapti.
Intervyu uchun AQSHda Taker Karlsonning hibsga olinishi ehtimolini izohlar ekan, Vladimir Putin bu qayg‘uli ekanini, ammo jurnalist nima qilayotganini bilishini aytgan.
"Biroq, ehtimol, nazariy jihatdan, bugungi Amerikada, bugungi Qo‘shma Shtatlarda hamma narsa bo‘lishi mumkin", deb qo‘shimcha qilgan Rossiya Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq amerikalik jurnalist Taker Karlson Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan intervyu olgandi. Ushbu 2 soat 7 daqiqa davom etgan intervyu 9 fevral kuni ommaga e’lon qilindi. Kremlning ta’kidlashicha, suhbatda ko‘tarilgan 60 ta savol kelishib olinmagan. Uchrashuvda Putin jurnalistga Rossiya tarixi, NATO, AQSH, Xitoy, “Shimoliy oqim”dagi portlashlar, Rossiyada josuslikda ayblangan amerikalik jurnalist Evan Gershkovichning ozod etilishi hamda Ukrainada tinchlik o‘rnatilishi kabi mavzularga oid savollarga javob bergan.
Mazkur intervyu X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilinganidan keyin 23 soatdan ko‘proq vaqt ichida 150 milliondan ortiq ko‘rildi. Ammo ko‘pchilik kutgan ushbu intervyuda hayron qolarli va keskin gaplar bo‘lmadi.
LiveBarchasi