Putin “qora shahzoda”ni Moskvaga taklif qildi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yaqin Sharqqa tashrifi bilan chet el sayohatlari geografiyasini kengaytirdi. Rossiyaning to‘rtta Su-35S qiruvchi samolyoti qo‘riqlovida Putin kecha, 6 dekabr kuni BAAga yetib bordi va u yerdan kechqurun Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi. Har ikki davlat ham Putinni Ukrainadagi urush jinoyatlarida ayblab hibsga olishga order bergan Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi. 

Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud Rossiya rahbarini muzokaralar bo‘lib o‘tadigan “Al-Yamama” saroyiga kiraverishda kutib oldi. 

U konferensiya zali tomon yurar ekan Putin bilan suhbati chog‘ida uning qo‘lini bir necha marta siqib qo‘ydi. 

Rossiya delegatsiyasi a’zolarini tanishtirish chog‘ida valiahd shahzoda barcha bilan, jumladan, delegatsiyadagi yagona ayol bo‘lgan Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina bilan jilmayib, qo‘l berib ko‘rishdi. 

U Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va Rossiya bevosita investitsiyalar fondi rahbari Kirill Dmitriyevni ayniqsa iliq tabassum bilan kutib oldi.

Muzokaralar avvalida Vladimir Putin Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar rivojlanishiga hech narsa to‘sqinlik qila olmasligini aytdi. Uning aniqlik kiritishicha, Moskva va Ar-Riyod o‘rtasida siyosiy hamkorlik, iqtisodiyot va gumanitar sohalarda juda yaxshi munosabatlar mavjud. Rossiya rahbari, shuningdek, mintaqada sodir bo‘layotgan voqealar haqida ma’lumot almashish va baholash muhimligini ta’kidladi.

Prezident valiahd shahzodaga mamlakatga tashrif buyurish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi. Putin Muhammad bin Salmonning Rossiyaga safari 2023 yilga rejalashtirilganini, biroq amalga oshmaganini ta’kidladi.

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi esa Rossiyaga borishga tayyorligini aytib o‘tgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Muhammad bin Salmon Ol Saudning Rossiyaga ehtimoliy tashrifi diplomatik kanallar orqali ishlab chiqiladi, ammo hozircha bu borada aniq ma’lumotlar yo‘q.

Shuningdek, Peskov Ar-Riyoddagi uchrashuvda Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama qilinganini aytdi. 

“Ar-Riyoddagi kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralardan so‘ng Prezident va valiahd shahzoda tushlik paytida yuzma-yuz muloqotni davom ettirdi. Bu yerda nima muhokama qilinganini aniq ayta olmayman. Lekin umuman olganda, bu, albatta, Isroil-Falastin mojarosi va xalqaro kun tartibidagi boshqa nozik masalalarni o‘z ichiga olgani aniq", deydi Peskov.

Uning bildirishicha, Rossiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasida qo‘shma tinchlik tashabbuslari haqida hozircha gap yo‘q. Hozir ikki davlat diplomatlari qandaydir qo‘shma hujjatga erishish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda, biroq bu umuman ikki tomonlama munosabatlarga tegishli. 

Shuningdek, u Vladimir Putin va Muhammad bin Salmon Ol Saud OPEC+ doirasidagi hamkorlikni muhokama qilganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Saudiya Arabistoni Muhammad bin Salmon Ol Saud

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing