Putin Qodirovdan qo‘rqadimi? So‘z Peskovga
Olam
−
04 fevral 2022
30961Checheniston rahbari Ramzan Qodirov respublikada jurnalistlarga tahdid qilib, sudya Saidi Yangulboyev ishi atrofida keskin fikrlar bildirayotgan bir vaqtda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bunga munosabat bildirmay kelayotgani ortidan odamlar orasida turli fikrlar paydo bo‘la boshladi.
Holat jurnalistlar Prezidentning Matbuot kotibi Dmitriy Peskovga Putin Checheniston rahbaridan qo‘rqadimi, degan savol berishigacha bordi.
Peskov bunday savol qo‘yilishidan hayratda qoldi va javoban Putin nima uchun Rossiya hududlaridan birining rahbaridan qo‘rqishi kerakligini so‘ragan.
“Nega Putin Rossiya hududlaridan birining rahbaridan qo‘rqishi kerak? Sizning savolingizni tushunmayapman”, degan Peskov.
Kreml matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, Checheniston Rossiya Federatsiyasining sub’ekti va u yerdagi vaziyat nazoratdan chiqib ketgan degan fikrga qo‘shilmaydi. Prezident Ichki ishlar vazirligi rahbari yoki Bosh prokuror bilan respublikadagi vaziyatni muhokama qildimi, degan savolga javob berar ekan, Peskov Putin mamlakat huquq-tartibot idoralari rahbarlari bilan har kuni aloqada ekanini ta’kidlagan.
Avvalroq, Checheniston poytaxti Grozniyda Ramzan Qodirov tarafdorlari yirik miting o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
Chechenistonda Saidi Yangulboyev atrofidagi mojaro tobora avj olmoqda. Saidi Yangulboyev – Checheniston Oliy sudining iste’fodagi sudyasi. Bir necha hafta oldin uning rafiqasi Zarema Musayeva hibsga olingan edi. 20 yanvar kuni Nijniy Novgoroddagi kvartirasiga qurollangan shaxslar bostirib kirib, Musayevani Chechenistonga olib ketishgan. Uni oyoq yalang va ustki kiyimsiz uydan olib chiqishgan. Checheniston rasmiylarining aytishicha, Musayeva hokimiyat vakilini haqorat qilgani uchun ma’muriy ish bo‘yicha maxsus hibsxonada saqlanmoqda. Keyinroq unga nisbatan hokimiyat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash bo‘yicha jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘ldi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning aytishicha, Musayeva “politsiya xodimiga hujum qilib, uning ko‘zini o‘yib olishiga oz qolgan”. 2 fevral kuni Musayeva ikki oyga hibsga olingan.
Qodirov Yangulboyevlar oilasini “terrorchilarning sheriklari” deb atagan, ularni hibsga olish va agar qarshilik ko‘rsatsa, “yo‘q qilish”ni talab qilgan. Saidi Yangulboyev qizi bilan Rossiyani tark etgan. O‘g‘illari anchadan beri xorijda yashab kelishadi. Ulardan biri Ibrohim Yangulboyev o‘z oilasining ta’qib qilinishini Checheniston muxolifatini boshqargani bilan bog‘laydi. Yanvar oyi oxirida unga nisbatan terrorizmga chaqirish aybi bilan jinoiy ish ochilgan edi. Baza’ning yozishicha, Tergov qo‘mitasi Ibrohim Yangulboyevni 1ADAT administratorlaridan biri deb biladi.
Qodirov jurnalist Yelena Milashina va huquq faoli Igor Kalyapinni ham “terrorchilar” va “terrorchilarning sheriklari” deb atagan. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qodirov “shaxsiy fikrini” bildirganini aytgan. “Novaya gazeta” Kremlning pozitsiyasini qoralab chiqdi. “Exo Moskva” gazetasi bosh muharriri Aleksey Venediktov va “Dojd” telekanali Rossiya rahbariyatini Qodirovning tahdidlariga javob berishga chaqirdi.
LiveBarchasi