Putin gaz bermasdan Germaniyaga aytganini qildirmoqchi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin gazdan foydalanib, Germaniyani o‘zi yo‘rig‘iga yurgizish niyatida chog‘i. Putinning Tehronda bildirgan fikri shunday deyishga asos bo‘lyapti. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eronga tashrifi chog‘ida bildirgan fikrlarini TASS e’lon qildi.

Putin Eronga safari chog‘ida jurnalistlar savollariga javob berib, Yevropaga gaz yetkazib berishning yana bir yo‘li borligini – bu “Shimoliy oqim 2” gaz quvuri ekanini aytib o‘tdi.

“Bizda yana bir tayyor marshrut bor – bu “Shimoliy oqim 2”. Uni ishga tushirish mumkin”, degan Putin.

Shu bilan birga, ushbu gaz quvuri quvvatining yarmi allaqachon ichki iste’mol uchun band qilinganini ta’kidlagan. 

“Shuning uchun ertaga “Shimoliy oqim 2”ni ishga tushirsak ham, bu yiliga 55 milliard kub metr emas, balki yarmini tashkil qiladi”, deya tushuntirgan Putin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “Gazprom” Kanadadan “Shimoliy oqim 1” gaz quvuri uchun turbinani qaytarish bo‘yicha rasmiy hujjatlarni haligacha olmagan. Agar turbina qaytarilmasa, yo‘nalish bo‘ylab hozirgi 60 million o‘rniga kuniga atigi 30 million kub metr gaz yetkazib berish mumkin bo‘ladi.

Putin, shuningdek, G‘arb davlatlarining Rossiya neftiga maksimal narx belgilash rejalariga ham izoh bergan. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bu g‘oyalarni “haqiqatga mos kelmaydigan” deb atagan va ular amalga oshirilsa, “neft narxi osmonga ko‘tarilishi”ni bashorat qilgan.

“Shimoliy oqim 2” gaz quvuri Boltiq dengizi tubi bo‘ylab Rossiyaning Ust-Luga shahridan Germaniyaning Grayfsvald shahrigacha cho‘zilgan. Uning qurilishi 2021 yilning kuzida yakunlandi. 22 fevral kuni Germaniya Rossiyaning o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXR mustaqilligini tan olishiga javoban “Shimoliy oqim 2”ni ishga tushirish jarayonini to‘xtatdi.

Hozir“Shimoliy oqim 1” gaz quvuri Rossiya gazini Yevropaga yetkazib berishning asosiy yo‘li bo‘lib turibdi. Iyun oyida “Gazprom” u orqali gaz oqimini kuniga 67 million kub metrgacha qisqartirgan (ko‘rsatkichning 60 foizi).

“Gazprom” buni Kanadaga ta’mirlash uchun yuborilgan va urush boshlanganidan keyin sanksiyalar ostida qolgan Siemens turbinasini qaytarishning kechikishi bilan izohladi. Kanada keyinchalik Germaniyaning iltimosiga binoan turbinani Rossiyaga qaytarishga rozi bo‘ldi.

11 iyuldan boshlab “Shimoliy oqim 1” rejalashtirilgan texnik ishlarni bajarish uchun 10 kunga to‘liq to‘xtatib qo‘yildi. Yevropa davlatlari rahbarlari Rossiya Federatsiyasi u orqali gaz yetkazib berishni qayta tiklamasligi yoki ularni to‘liq tiklamasligi mumkin deb xavotir olmoqda. “Bloomberg” xabariga ko‘ra, Yevrokomissiya avgust oyidan boshlab YeIda gaz iste’molini 15 foizga kamaytirishni taklif qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

593

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing