Putin Farrux Zokirov va Sevara Nazarxonni mukofotladi
Madaniyat-san’at
−
18 noyabr
11605O‘zbekistonlik san’atkorlar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin farmoni asosida “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Taqdirlash to‘g‘risidagi farmon normativ-huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi.
Hujjatda keltirilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 18 noyabr kuni O‘zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov va Sevara Nazarxonni mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.
Bildirilishicha, har ikki ijrochi o‘zbek va rus madaniyatini yaqinlashtirish va boyitishga qo‘shgan hissasi uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Ertaga, 19 noyabr kuni Moskva shahridagi Kreml davlat saroyida Rossiya Federatsiyasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida o‘zbek san’ati ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etiladi.
Ma’lumot uchun, “Do‘stlik” ordeni Rossiyada 1994 yil bahorida ta’sis etilgan. U Rossiya va chet el fuqarolariga xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashdagi xizmatlari, fan va madaniyat sohasidagi yutuqlari uchun beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Farrux Zokirovga “Xalq artisti” faxriy unvonini berish to‘g‘risida farmon imzolagan edi. Shu yilning avgust oyida esa Sevara Nazarxon O‘zbekiston xalq artisti bo‘ldi.