Putin Falastin Prezidenti bilan uchrashdi (video)
Olam
−
10 may 5488 2 daqiqa
Bugun, 10 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Kremlda falastinlik mavqedoshi Mahmud Abbos bilan uchrashuvi boshlandi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, suhbat davomida Putin G‘azo sektorida gumanitar falokat kuchayib borayotganidan xavotir bildirgan. Shuningdek, u Falastin-Isroil mojarosini ikki davlat tamoyili asosida barqaror hal qilish mumkinligini aytgan.
“Xalqlarimizni mustahkam do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Falastin-Isroil mojarosi hududida 51 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan fojiali voqealarni tashvish va hamdardlik bilan kuzatmoqdamiz”, degan Putin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Falastin xalqining do‘sti sifatida unga yordam bermoqda va bu yordam kelasida ham davom etadi.
Mahmud Abbos, o‘z navbatida, G‘azo sektoridagi vaziyat juda yomonligi, shuning uchun Rossiyaning yordami Falastin xalqining “ruhiga malham” ekanini aytgan. Shuningdek, u AQSH Prezidenti Donald Trampning falastinliklarni ko‘chirish haqidagi taklifiga qarshi ekanini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qabul qilar ekan, AQSH Prezidenti Vashington G‘azo sektori ustidan nazorat o‘rnatishini va “barcha xavfli portlamagan bombalar va boshqa qurollarni olib tashlash uchun javobgar bo‘lishini”, qirg‘oq chizig‘ini “Yaqin Sharq Rivrasi”ga aylantirishini aytgandi.
“Biz uni rivojlantiramiz, minglab ish o‘rinlarini yaratamiz. Bu butun Yaqin Sharq faxrlanishi mumkin bo‘lgan narsa bo‘ladi”, deb va’da berdi Tramp.
Shundan so‘ng, Donald Tramp G‘azo sektorida yashovchi falastinliklarni ko‘chirishni taklif qildi. Netanyaxu Trampning tashabbusini ma’qullab, uni “inqilobiy” deb atadi.
O‘z navbatida, falastinliklar, qator arab davlatlari va AQSHning G‘arb ittifoqchilari respublikachini tanqid qilib, uni xalqaro huquqni buzganlikda aybladi. Tanqidlarga qaramay, 10 fevral kuni Donald Tramp G‘azo sektorini sotib olish niyatini tasdiqladi.
“Uni qayta tiklashga kelsak, biz uni Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlarga berishimiz mumkin, ular hududining bir qismini qurishi mumkin: boshqa odamlar buni bizning homiyligimiz ostida amalga oshirishi mumkin”, deydi u.
Tramp, shuningdek, AQSHning ittifoqdoshlari Iordaniya va Misr, agar falastinliklarni G‘azo bo‘yicha bahsli rejasini qabul qilishdan bosh tortsa, ularga yordam berishni “nazariy” to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etish doirasida bir nechta davlat yetakchilari, shu jumladan Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan ham uchrashgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi