Putin ehtimoliy muzokaralarda Ukrainaga yon berishni rad etdi
Olam
−
26 Oktabr
3703Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskva “Ukraina bilan oqilona murosaga” tayyorligi, biroq hozircha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borilmayotganligini aytdi. Bu haqda u kecha, 25 oktyabr kuni “Rossiya-1” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Biz oqilona murosaga tayyormiz, ammo men hozir tafsilotlarga to‘xtalishni istamayman, chunki mazmunli muzokaralar yo‘q, narigi tomon buni rad etyapti”, degan Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gap imtiyozlar va “almashinuvlar” haqida ketayotgani yo‘q.
“Natija Rossiya foydasiga bo‘lishi kerak, men hech qanday xijolatsiz ochig‘ini aytishim va jang maydonida yuzaga kelayotgan voqeliklardan kelib chiqishim kerak, shubhasiz, biz bu yerda hech qanday yon bosmoqchi emasmiz, hech qanday almashinuv bo‘lmaydi”, deydi Rossiya rahbari.
Putin yana Ukraina tomonini tinchlik muzokaralariga kelganda “mantiqsiz xatti-harakatlar” qilayotganlikda aybladi.
“Shuning uchun nimadir bo‘yicha kelishib olishimiz mumkinligi haqida gapirishga hali erta”, deya xulosa qilgan Prezident.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Putin Ukrainadagi vaziyatni hal qilish bo‘yicha muloqotga ochiq va doimo shunday bo‘lib qolishini bildirgan.
“Putin bir necha bor aytgan va tasdiqlaganki, u muloqotga, suhbatga ochiq va shunday bo‘lib qoladi. Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha muloqot, albatta, oddiy bo‘lmaydi. Ammo u yoki bu tarzda, har qanday urush muzokaralar stolida tugaydi, tinchlik bilan tugaydi”, degan Peskov.
Ma’lumot uchun, Rossiya bosqinidan beri Ukraina aholisi 10 million kishiga kamaygan. Frontda o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan, yana 6,7 million kishi mamlakatni qochqin sifatida tark etgan. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha BMTning aholishunoslik fondi (UNFPA) direktori Florens Bauerning aytishicha, jangovar harakatlar tufayli Ukrainada deyarli odamlar yashamay qo‘ygan hududlar paydo bo‘lgan, u joylarda faqat qariyalar va oila qurishga qodir bo‘lmagan juftliklar qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Ukraina yadroviy inshootlariga hujum qilishni rejalashtirayotganini aytgandi. U buning uchun o‘z hamkorlariga qo‘shimcha yordam so‘rab murojaat qilgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya barcha issiqlik elektr stansiyalarini va mamlakatdagi gidroelektrostansiyalarning muhim qismini vayron qilgan.
LiveBarchasi