Putin deputatlar “qulog‘iga lag‘mon osdimi”?
Olam
−
23 fevral 2023
7318Avval xabar berganimizdek, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 21 fevral kuni Federal Majlisga murojaat qilgan va o‘z nutqida asosiy e’tiborni “mavjud vaziyatga” – “maxsus harbiy operatsiya”ni o‘tkazish, iqtisodiyot va ijtimoiy muammolarga qaratgandi. Uning murojaati to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilingan edi. Oradan ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik deputatning ushbu murojaatni qulog‘iga lag‘mon osgan holda tinglayotgani tasvirlangan video va suratlar tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, videodagi shaxs Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan Samara viloyati Dumasiga saylangan deputat Mixail Abdalkin bo‘lib, u Putinning murojaatini qulog‘iga lag‘mon ilgan holda kuzatgan hamda o‘zini suratga olib ijtimoiy tarmoqlarga joylagan.
“Samara viloyati Dumasi raisi o‘rinbosarining iltimosiga binoan Prezidentning ikki soatlik xabarini tingladim. To‘liq qo‘llab-quvvatlayman, to‘liq qo‘shilaman, ajoyib ish. Men so‘nggi 23 yil ichida bunday narsalarni eshitmaganman. Juda hayratdaman”, deya kinoya bilan yozgan deputat ijtimoy tarmoqlarda.
Shuningdek, u o‘z Telegram kanalida Prezident murojaatiga ishonish qiyinligini aytib o‘tgan. Unga ko‘ra, murojaatda chegaralar o‘zgarishidan tashqari “maxsus harbiy operatsiya” maqsadlariga erishish haqida hech narsa aytilmagan, jamoatchilik kutganidek “Vatan urushi” e’lon qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Mixail Abdalkin 1988 yil 4 noyabrda Kuybishev viloyati Novokuybishevsk shahrida tug‘ilgan. Hozirda u Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi Novokuybishevsk shahar bo‘limi qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlaydi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi