Putin davrida ta’qibga uchraganlarning soni qancha?

Olam

image

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiya rahbari Vladimir Putinning to‘rtinchi prezidentlik muddati davomida 116 ming kishi ta’qibga uchragan, bu esa ushbu davrni Stalindan keyingi SSSRdagi shunga o‘xshash vaqtlarga qaraganda ancha repressiv qiladi. Bu haqda "Proyekt" nashrining kecha, 22 fevral kuni chop etilgan tadqiqotida ma’lum qilindi. 

Nashr 2018 yildan 2023 yilgacha sudlarga kelib tushgan jinoyat va ma’muriy ishlarni o‘rganib chiqqan.

"Proyekt" hisob-kitoblariga ko‘ra, shu vaqt ichida huquq himoyachilari repressiv deb hisoblagan asosiy moddalar (ekstremizm, terrorizmni oqlash, soxtalashtirish, armiyani obro‘sizlantirish) bo‘yicha 5613 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ukrainada jang qilishdan bosh tortganlarni, shuningdek, davlatga xiyonat va josuslikda ayblanganlarni hisobga olsak, 11 442 nafar shaxs repressiyaga uchragan bo‘ladi.

Davlat arxiviga ko‘ra, 1956 yildan 1961 yilgacha Nikita Xrushchyov davrida 4883 kishi "Sovetlarga qarshi tashviqot va targ‘ibot" va "Qasddan yolg‘on uydirmalarni tarqatish" kabi asosiy siyosiy moddalar bo‘yicha sudlangan. Keyingi yillarda, ya’ni qayta qurish davrigacha (1962 yildan 1985 yilgacha) RSFSRda ushbu moddalar bo‘yicha 3234 kishi sudlangan.

"Proyekt"ning ta’kidlashicha, SSSRda “antisovetizm” uchun jinoiy ishlar Stalindan keyingi davrda qo‘llanilgan repressiv tizimning kichik bir qismidir va unda asosiy urg‘u "oldini olish" deb nomlangan.

Masalan, 1967-1974 yillarda 120 mingdan ortiq kishiga ogohlantirish berilgan va ro‘yxatga olingan.

“Bugungi kunda huquqni muhofaza qilish organlarining diqqat markazida bo‘lgan odamlarning statistikasi yo‘q. Biroq, so‘zga chiqqani va mitinglarda qatnashgani uchun jarimaga tortilganlar sonini aniqlash mumkin – olti yil ichida ularning soni 105 mingga yaqin bo‘lgan”, deya qayd etilgan “Proyekt” tadqiqotida.

Bundan tashqari, so‘nggi olti yil ichida Rossiyada Sovuq urush davridagidan ko‘ra ko‘proq odam davlat sirlarini oshkor qilish va josuslik moddalari bo‘yicha sudlangan. Putinning to‘rtinchi muddati davomida 39 kishi josuslikda ayblangan, bu yiliga o‘rtacha olti kishidan sal ko‘proq. 1967-1974 yillarda esa Sovet sudlari yiliga o‘rtacha ikki kishiga bunday hukm chiqargan.

Olti yil ichida Rossiyada davlat sirlarini oshkor qilganlik uchun 329 kishi sudlangan. Bu yiliga 54 kishiga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich 1967 yildan 1974 yilgacha bo‘lgan davrda yiliga o‘rtacha to‘rt kishidan sal ko‘proq bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Stalin ta'qib

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing