Putin Bayden bilan xavfsizlik masalasida kelishuvga erishganini ochiqladi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin amerikalik hamkasbi Jo Bayden bilan suhbatni ochiq va konstruktiv deb baholadi. Bu haqda TASS yozmoqda.

"Muloqot juda ochiq, mazmunli va konstruktiv o‘tdi. Nima bo‘lganda ham, umid qilamanki, Amerika tomoni bizning uchrashuvimiz natijalarini shunday baholaydi", deydi Rossiya davlat rahbari.

Ma’lumki, kecha, 7 dekabr kuni Rossiya Prezidenti  Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Jozef Bayden o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

"Bizda bu muloqotni davom ettirish imkoniyati bor, menimcha, bu eng muhimi", deya qo‘shimcha qiladi Putin. 

Rossiya yetakchisining ta’kidlashicha, u Bayden bilan xavfsizlik, NATOning sharqqa, jumladan, Ukraina hisobiga kengayishi, kibersferadagi o‘zaro hamkorlik va Eron muammosi kabi mavzularni muhokama qilgan.

"Biz bir qator boshqa masalalar, diplomatik aloqalarni normallashtirish va hokazolar haqida gaplashdik. Umuman olganda, biz bu mavzularning barchasida batafsil, uzoq vaqt suhbat qurdik",  deydi Rossiya Prezidenti. Uning qayd etishicha, suhbat ikki soatdan ko‘proq davom etgan.

Kiberxavfsizlik bo‘yicha dialog

Putinning aytishicha, u va Bayden kiberxavfsizlik bo‘yicha mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotning rivojlanishini qayd etgan. 

“Biz kiberxavfsizlik, bu sohada xavfsizlikni ta’minlash haqida batafsil gaplashdik va Jenevada bo‘lib o‘tgan uchrashuvimizdan so‘ng bu borada sezilarli yutuqlarga erishganimizni urg‘uladik”, deydi Putin. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, “konstruktiv muloqot o‘rnatildi, u davom etmoqda, tegishli tuzilmalar yaratilgan”.  

“Axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi va bu ijobiy natijalar bermoqda”, deydi Rossiya Prezidenti. 

Putin Moskva bir necha kun ichida xavfsizlik masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlab, AQSHga taqdim etishini aytdi. 

“Rossiya bir necha kun, bir hafta ichida o‘z mulohazalarini tom ma’noda tayyorlaydi va biz uni Amerika tomoniga ko‘rib chiqish uchun taqdim etamiz. 

Biz buni professional tarzda amalga oshirishga qodir bo‘lgan tegishli tuzilma yaratilishiga kelishib oldik. 

Rossiya xavfsizlik masalalari bo‘yicha Amerika tomoniga o‘z takliflarini “iloji boricha oshkora taqdim etadi”, deydi Putin.

Ikki yetakchining kechagi suhbati Bayden Amerika prezidenti lavozimini egallaganidan beri beshinchi suhbatdir. Avvalroq ikki davlat rahbarlari uch marta telefon orqali gaplashgan, iyun o‘rtalarida esa Jenevada yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazgan edi. Yakkama-yakka suhbat deyarli ikki soat davom etdi va har ikki tomonning fikricha, konstruktiv o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Jozef Bayden

Baholaganlar

130

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing