Xitoy Litvani jazolash uchun Germaniyadan foydalanmoqchi
Olam
−
17 dekabr 2021
7997Xitoy Germaniyaning “Continental” brendi ostida yirik avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqaradigan kompaniyasiga Litvada ishlab chiqarilgan har qanday ehtiyot qism va mahsulotlardan foydalanishni to‘xtatish talabini qo‘ymoqda. Bu haqda bugun, 17 dekabr kuni, “Reuters” axborot agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Xitoyning Berlinga bunday talab bilan chiqishiga Tayvan masalasida Boltiqbo‘yi davlatlari va Pekin o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqani sabab bo‘lgan. “Continental”ni bosimlar ostida qoldirgan Pekin Litva bilan bog‘liq siyosiy ziddiyatda Boltiqbo‘yi davlatiga iqtisodiy jihatdan zarba berish yo‘lini tanlamoqda. O‘z maqsadini amalga oshirish uchun esa Xitoy dunyodagi yirik avtomobil sanoatiga ega Germaniyani hozircha asosiy vosita sifatida ko‘rmoqda.
Xitoy o‘zining hududi deb biluvchi Tayvanning o‘tgan oyda Vilnyusda vakolatxonasini ochishi ortidan Litva bilan diplomatik aloqlarini uzgandi. Bunga qadar esa Litvada hukmron koalitsiya o‘tgan yili “demokratiya uchun kurashayotgan” Tayvanni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Dunyoning yirik butlovchi qisimlar ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan “Continental”, Litvada avtomobil uchun zarur elektronik jihozlar yig‘ish bazalariga ega. U yerda tayyorlangan mahsulotlar o‘rnatilgan mashinalar esa Xitoy va Hindiston kabi dunyoning bir nechta yirik bozorlariga eksport qilinadi.
“Ko‘plab Xitoy korxonalari Litvani o‘zlariga ishonchli hamkor sifatida ko‘rmay qolishgan. Litva kompaniyalari nega savdo va iqtisodiy jihatdan to‘siqlarga uchrayotganini bilmoqchi bo‘lsa, rasmiy Vilnyus olib borayotgan siyosatiga nazar solsin”, deydi Xitoy Tashqi ishlari vazirligi Matbuot kotibi o‘z bayonotida.
Bundan tashqari, Matbuot kotibi “Bir Xitoy bir Tayvan” siyosati Xitoyning ichki ishlariga aralashuv ruhini orttirib, Pekin-Taypey munosabatlariga rahna solmoqda, deya qo‘shimcha qilgan.
So‘nggi paytlarda Xitoy davlatlarni Tayvan bilan har qanday diplomatik aloqalarni uzishga undab kelmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning dekabr oyi boshlarida Xitoy Litva o‘zining baza va filiallariga ega kompaniyalardan mazkur Boltiqbo‘yi davlati bilan hamkorlik qilishni to‘xtatishini so‘ragan, aks holda Xitoy bozorlari ular uchun yopilishi haqida ularni ogohlantirgan.
Litva Tashqi ishlar offisi direktori vaziyatga izoh berar ekan, “Xitoy tomonidan joriy qilinayotgan iqtisodiy bosimlar Litvada o‘z baza va filiallariga ega korxonalar savdosi uchun jiddiy zarar tug‘dirishi mumkin. Biz Germaniya kompaniyasi va boshqa tashkilotlar bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olamiz va Xitoy bilan iqtisodiy muammolarga yechim topilishiga umid bog‘laymiz” deya ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, “Bir Xitoy bir Tayvan” siyosati AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp tomonidan, Xitoyning Tayvanni o‘z tasarrufida saqlab qolish uchun joriy qilingan “Bir Xitoy” siyosatiga qarshi ilgari surilgan. “Bir Xitoy” siyosatida Tayvan Xitoyning ajralmas qismi hamda Xitoy Xalq Respublikasi ekanligi nazarda tutilgan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi