Putin AQSHning yangi sanksiyalaridan xavotirda – Tramp
Olam
−
05 iyul 4269 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin bilan 3 iyul kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi telefon muloqoti chog‘ida Rossiyaning Ukrainadagi urushi sababli AQSH sanksiyalarini kuchaytirishi mumkinligi haqida ogohlantirganini va Putin, uning so‘zlariga ko‘ra, bu istiqboldan xavotirda va sanksiyalar joriy etilishi mumkinligini tushunganini aytdi. Bu haqda Tramp kecha, 4 iyul kuni Air Force One samolyoti bortida jurnalistlarning savollariga javoban ma’lum qildi.
Tramp Putin bilan Ukrainadagi mojaro yuzasidan qilgan telefon qo‘ng‘irog‘idan juda norozi ekanini aytib, Rossiya rahbari “odamlarni o‘ldirishda davom etmoqchi” ekanini ta’kidladi.
“Bu juda qiyin vaziyat. Prezident Putin bilan muloqotdan juda norozi ekanimni allaqachon aytdim. U oxirigacha borishni xohlaydi, shunchaki odamlarni o‘ldirishda davom etaveradi, bu yaxshi emas”, dedi Tramp.
Amerika Prezidenti, shuningdek, jurnalistlarga Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefonda gaplashgani va u bilan Kiyevga Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketalarni yuborish imkoniyatini muhokama qilganini aytdi.
“Bu ularga mudofaa uchun kerak bo‘ladi... Ularga nimadir kerak bo‘ladi, chunki ular juda qattiq zarba qabul qilib olishmoqda”, dedi Tramp.
U Patriot raketalarining samaradorligini yuqori baholab, bu qurollarni “juda ta’sirli” deb atadi.
Avvalroq AQSH kutilmaganda Ukrainaga muhim o‘q-dorilar, jumladan Patriot uchun raketalarni yetkazib berishni to‘xtatgani ma’lum bo‘lgan edi. Oq uy buni Amerika arsenallari tugashidan xavotir bilan izohladi.
“The Wall Street Journal” nashriga ko‘ra, to‘xtatilgan paytda o‘q-dorilar allaqachon Polshada bo‘lgan. Ular orasida 20 dan ortiq Patriot PAC-3 raketalari, 20 dan ortiq Stinger zenit tizimlari, Hellfire havo-yer boshqariladigan raketalari, 90 dan ortiq AIM havo-havo raketalari va boshqa tizimlar bor edi.
Ukraina, ayniqsa, Rossiya havo hujumlarining kuchayishi fonida sodir bo‘lgan voqealardan juda xavotirda.
Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari qo‘llayotgan qurollarning uchdan bir qismi Amerikanikii ekanini ta’kidladi.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi AQSHning Kiyevdagi vaqtinchalik ishlar vakili Jon Xinkelni suhbatga chaqirib, unga “Ukraina mudofaa qobiliyatini qo‘llab-quvvatlashdagi har qanday kechikish yoki ikkilanish tajovuzkorni tinchlikka intilishdan ko‘ra urush va terrorni davom ettirishga undaydi, xolos”, deb aytdi.
Live
Barchasi