Putin AQSH va NATO ustidan Makronga shikoyat qildi
Olam
−
29 yanvar 2022
17584Xavfsizlik kafolati borasidagi talablariga AQSHdan yozma ravishda rad javobini olgan Kreml holat yuzasidan rasmiy bayonot elon qildi.
Bildirilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvaning Ukrainani alyansga a’zo qilmaslik borasidagi asosiy talabiga ko‘z yumgan AQSH va NATOni Sharqiy Yevropada qo‘shinlari sonini ko‘paytirayotagni uchun tanqid qilgan.
Kreml talablari rad etilganidan so‘ng, Rossiya rahbari Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan bo‘lgan telefon suhbatida AQSH va NATO borasida o‘z e’tirozlarini bildirgan.
Fransiya va Rossiya rahbarlari suhbatidan iqtibos keltirar ekan, Kremlning ma’lum qilishicha, Putin AQSH va NATOning javobi yuzasidan so‘nggi qarorini e’lon qilishdan avval uni yaxshilab o‘rganib chiqishini bildirgan.
“Suhbat davomida davlat rahbarlarining diqqati AQSH va NATO yo‘llagan javobda Rossiyaning asosiy talabini inobatga olmaganiga qaratildi”, deyiladi Putin va Makron suhbati haqida e’lon qilingan Kreml bayonotida.
Bundan tashqari, suhbat davomida NATOning kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning Rossiya chegaralari yaqinida hujum qurollarini joylashtirishi bilan bog‘liq muammolar ko‘rib chiqilgan.
NATOning “harbiy imkoniyatlari va infratuzilmasini” sobiq Varshava shartnomasiga binoan, Sharqiy Yevropa davlatlari ittifoqqa qo‘shilishdan oldingi holatiga qaytarish kabi masalalar ham muhokama qilingan.
“Asosiy savol e’tibordan chetda qoldi – Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari xavfsizlikning yaxlitligi tamoyiliga qanday amal qilmoqchi... Hech kim o‘z xavfsizligini boshqa davlatga xavf tug‘dirish hisobiga mustahkamlamasligi kerak”, deyiladi Kreml bayonotida.
Fransiya Prezidenti ma’muriyati rasmiysiga ko‘ra, Putin Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Moskva urushni xohlamasligi haqidagi so‘zlariga qo‘shilib, vaziyat keskinlashishini istamasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, bundan biroz avval AQSH Prezidenti Jozef Bayden Rossiya tez orada Ukrainaga hujum qilishi haqida ma’lum qilgan edi. Hatto u, Ukraina xavfsizligini ta’minlash uchun Sharqiy Yevropaga harbiylar guruhini yuborishi haqida ham bildirgan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi