Putin ham, Tramp ham Ukraina muzokaralari uchun Istanbulga bormaydigan bo‘ldi
Olam
−
15 may 11737 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralari uchun Istanbulga bormaydi. Uning ismi Putinning o‘zi tomonidan tasdiqlangan va kecha, 14 may kuni kechqurun Kreml saytida e’lon qilingan ushbu muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi ishtirokchilari ro‘yxatida yo‘q.
Shu kuni kechqurun “Sky News” telekanali AQSH Prezidenti Donald Tramp ham Turkiyadagi muzokaralarga bormasligi haqida xabar berdi. Xuddi shu ma’lumotni “Reuters” agentligi Tramp ma’muriyatidagi manbaga tayanib e’lon qildi.
Istanbuldagi muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qiladi. Unga birorta vazir, jumladan, na Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, na Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov kiritilmaydi. Ularning o‘rniga Kreml muzokaralarga Lavrovning o‘rinbosari Mixail Galuzin, Belousovning o‘rinbosari Aleksandr Fomin va Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Igor Kostyukovni yuboradi.
Kreml press-relizida, shuningdek, Putin tomonidan tasdiqlangan “Ukraina bilan muzokaralar olib borish uchun ekspertlar” ro‘yxati keltirilgan. Ular orasida Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi axborot departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Zorin, Prezidentning Gumanitar sohadagi davlat siyosati boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Yelena Podobreyevskaya, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining MDH mamlakatlari ikkinchi departamenti direktori Aleksey Polishchuk, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshqarmasi boshlig‘ining xalqaro kooperativ bo‘limi boshlig‘i Viktor Shevsov bor.
AQSH tomonidan Istanbulda Davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus elchilari Stiven Uitkoff va Kit Kellogg ishtirok etishi kutilmoqda.
“Donald Trampga Fors ko‘rfazi mintaqasiga safarida hamrohlik qilgan Rubio allaqachon Antaliyaga yetib borgan”, deb xabar berdi CNN.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Vladimir Putinni u bilan muzokaralar uchun shaxsan kelishga chaqirdi.
“Biz Putin bilan bu uchrashuv bo‘lib o‘tishi uchun hamma narsani qilamiz. O‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha qarorni faqat u qabul qilishi mumkin”, degandi Ukraina rahbari.
15 mayga o‘tar kechasi “Reuters” agentligi ismini oshkor etmagan ukrainalik mulozimga tayanib, Vladimir Zelenskiy Anqaraga “yo‘lga otlanayotgani”ni xabar qildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr