“Puling bo‘lsa xaltada”. Farg‘onadagi hokimlar Yaltada dam oladi
Jamiyat
−
03 yanvar 2022
17111Farg‘ona viloyatining barcha tuman va shaharlari hokimlari joriy yilning 1 yanvaridan 15 yanvarigacha ta’tilga chiqdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’til “Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasi asosida va Prezident Administratsiyasining 25 dekabrdagi topshirig‘iga asosan belgilangan. Topshiriqqa binoan viloyat hokimining o‘rinbosarlari, maslahatchilari va yordamchilari, tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari, tumanlar va shaharlar hokimlari hamda ularning o‘rinbosarlari, tuman va shaharlar sektorlari rahbarlari tegishli muddatga ta’tilga chiqdi.
Birinchi bosqichda ta’tilga chiqayotgan tuman va shahar hokimlarining vazifalari vaqtinchalik hokim o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatildi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bog‘liq qarorlar va farmoyishlar tuman va shahar hokimi vazifalarini bajarish vaqtincha yuklangan hokim o‘rinbosarlari tomonidan tuman va shahar hokimi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.
Shuningdek, hokimlarga ularning o‘rinbosarlarini joriy yilning 17 yanvaridan sog‘lig‘ini tiklash maqsadida mehnat ta’tiliga chiqarishni ta’minlash topshirildi.
Shahar va tuman hokimlari Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son va 2-son shifoxonalari, “Qibray”, Rossiyadagi O‘zbekiston va Yalta sanatoriyalarida hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasining “Chinobod Plaza”, “Turon” va “Oqtosh” sanatoriyalarida sog‘ligini tiklaydi. Quvasoy shahar hokimi yaqinda ish boshlagani bois ish faoliyatini davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Buxoro viloyatining barcha tuman, shahar hokimlari va ularning o‘rinbosari joriy yilning 1 yanvaridan 15 yanvarigacha bo‘lgan muddatda rejaga ko‘ra ta’tilga chiqishi haqida xabar bergandik.
LiveBarchasi