Po‘lat Bobojonovga rahbarlari ustidan arz qilgan namanganlik “uchastkoviy”ga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
17 noyabr 2021
19274Ijtimoiy tarmoqda Namangan shahridagi 2-sonli IIO‘ FMB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori, katta leytenant Sardorbek Otaboyevning Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga murojaati tarqalgandi. Unda Sardorbek Otaboyev o‘zi ishlayotgan idorada rahbarlarning qonunga zid ko‘rsatmalariga qarshi chiqqan, huquqini talab qilgan xodimlar haqoratlangan va ularga turli yo‘llar bilan bosim qilingani haqida arz qilgan.
Shundan so‘ng, viloyat IIB holat bo‘yicha munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, 2021 yil cyentyabr oyida fuqaro M.Yu.ning katta leytenant S.O.ning ustidan arz qilib, yozgan arizasiga asosan o‘tkazilgan tekshiruvda, katta leytenant S.O. 46, 27 va 39 yoshlardagi uch nafar fuqaroning nomiga soxta ma’lumotlar kiritib, “Xalq banki”dan 81 mln 400 ming so‘m kredit olib, o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.
Tekshiruv yakuniga ko‘ra, S.O.ni egallab turgan lavozimidan ozod etilishi haqida xulosa qilingan.
Namangan viloyati IIBning xizmat tekshiruvi xulosasi va to‘plangan hujjatlar aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun Namangan shahar prokuraturasiga yuborilgan.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning bergan ma’lumotiga ko‘ra, sobiq profilaktika inspektori S.O. boshqa fuqarolarning nomiga olingan jami 81,4 mln so‘m kredit mablag‘larini talon-toroj qilganligi holati yuzasidan JKning 168 va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchi turli bahonalar bilan tergovga kelishdan bosh tortib, yashiringani sababli, unga nisbatan sirtdan ayb e’lon qilinib, 13 noyabr kuni sudining ajrimi bilan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida 14 noyabr kuni ayblanuvchi ushlanib, himoya huquqlari ta’minlangan holda tergovga jalb qilingan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi