Pul, ta’lim, kasb... Endi armiyaga borgan yigitlarga katta imtiyozlar beriladi
Jamiyat
−
13 yanvar 20190 2 daqiqa
Endi O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganlarga harbiy qismning oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati beriladi. Bu haqda bugun, 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishida so‘z bordi.
Prezidentga ko‘ra, muddatli harbiy xizmat – faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlar jamiyatda mustahkam o‘rnini topishi uchun ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarur.
Endilikda armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Harbiy qismlardagi asosiy yo‘nalish va mutaxassisliklardan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi.
Har yili 5 ming askar saralab olinib, “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitiladi.
Askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliygohga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda o‘qishini boshlaydi.
Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontraktga kirsa, foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.
Bundan tashqari, armiyadan qaytgan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ham alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarning kredit xarajatini 6 foizi davlat tomonidan qoplanadi, davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test ballariga 10 foizlik imtiyoz berish amaliyoti joriy qilinadi. Xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarga kasbni egallash va sertifikat olish xarajatlari to‘lab beriladi.
“Bir so‘z bilan aytganda, “muddatli harbiy xizmatni o‘tash – yoshlar uchun muvaffaqiyat yo‘li”ga aylanishi kerak”, deydi Prezident.