PSJning yuzlab muxlislari hibsga olindi

Sport

image

Fransiya huquq-tartibot idoralari xodimlari Parij va uning atrofidagi shaharlarda “Pari Sen-Jermen” jamoasining Chempionlar ligasi finaliga chiqqanidan keyin yuzaga kelgan tartibsizliklar vaqtida 127 kishini hibsga oldi. Bu haqda Fransiya Ichki ishlar vaziri Loran Nunes ma’lum qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hibsga olishlarning aksariyati poytaxt Parijda amalga oshirilgan. “Pari Sen-Jermen” kecha, 6 may kuni Chempionlar ligasi yarim finalining javob uchrashuvida Germaniyaning “Bavariya” jamoasi bilan durang o‘ynadi va ikki o‘yin natijasiga ko‘ra finalga yo‘l oldi.

“Tartibsizliklar natijasida Parij metropoliten hududida 127 kishi hibsga olindi, ulardan 107 nafari Parijda qo‘lga olingan”, deydi Nunes CNews telekanaliga bergan intervyusida.

Vazirning ta’kidlashicha, tartibsizliklar davomida 11 kishi jarohat olgan. Ulardan biriga tartibsizlik qatnashchilari tomonidan o‘qotar qurol ishlatilishi oqibatida og‘ir tan jarohati yetgan. Shuningdek, tartibni tiklash jarayonida 23 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi yengil jarohatlangan.

Nunesning so‘zlariga ko‘ra, politsiyaning tezkor aralashuvi tufayli do‘konlarni talon-toroj qilish va halqa yo‘lini to‘sib qo‘yishga bo‘lgan urinishlarning oldi olingan.

“Pari Sen-Jermen”ning yirik g‘alabalaridan keyingi bunday tartibsizliklar Fransiya poytaxtida deyarli odatiy holatga aylangan. Shunga qaramay, politsiya bunday holatlarga murosa qilmasligi va kelajakda ham keskin choralar ko‘rishini vazir alohida ta’kidlamoqda.

Ma’lumot uchun, PSJ ketma-ket ikkinchi yil Chempionlar ligasi finaliga chiqdi. Final uchrashuvi joriy yilning 30 may kuni Budapesht shahrida bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Chempionlar ligasi muxlis “Pari Sen-Jermen”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing