Propan narxi oshganiga izoh berildi
Jamiyat
−
11 yanvar 16412 2 daqiqa
Suyultirilgan gaz (propan) bozorda import mahsulot ulushi va narxining oshishi hisobiga qimmatladi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda birja savdolarida jami 358 ming tonna propan sotilgan bo‘lib, shundan 61 foizi (219 ming tonna) mahalliy va 39 foizi import mahsulot hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yanvar-iyul oylarida ichki bozorda mahalliy mahsulotning ulushi yuqori bo‘lib, o‘rtacha 80 foizgachani tashkil etgan. Avgust oyidan boshlab bu ko‘rsatkich kamayib borgan va dekabr (35 foiz) oyi va yanvarning o‘tgan davrida 10 foizgacha qisqargan.
“Bunga asosiy sabab – mahalliy mahsulotning aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga yo‘naltirilganligi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan propan narxiga nisbatan boshlang‘ich narxdan oshirish chegarasi ko‘pi bilan 20 foiz (spred) etib belgilanishi, 1 ta savdo sessiyasida 5 tonna (bungacha – 10 tonna) xarid limiti o‘rnatilishi hisobiga mahalliy mahsulot sotilish narxi yil davomida tonnasiga 7 mln so‘mdan oshmagan.
Ayni paytda import mahsulot narxi 8 mln so‘mgacha shakllangan.
Shu o‘rinda qo‘mita mahalliy va import mahsulot o‘rtasida mavjud narx tafovutini eslatib, so‘nggi vaqtlarda propan qimmatlashganini import mahsulot ulushi va narxlari o‘sishi bilan izohlagan.
“Mahalliy va import mahsulotning boshlang‘ich (50 foiz) va sotilish (35 foiz) narxi o‘rtasida 40 foizgacha tafovut mavjud. Biroq so‘nggi oylarda ichki bozorda import mahsulot ulushi va talabning oshishi hisobiga birja savdolaridagi o‘rtacha narx import mahsulot hisobiga shakllanmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan import mahsulotning boshlang‘ich narxlari oshirilishi sababli bugungi kunda 1 tonna suyultirilgan gaz mahsuloti o‘rtacha 9,5 mln so‘mgacha sotilmoqda – dekabrga nisbatan o‘sish 20 foiz”, deyiladi xabarda.
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, respublikada propanda harakatlanuvchi avtomobillar ulushi 11 foiz, ichki bozorda realizatsiya qilingan yoqilg‘i mahsulotlarning atigi 5 foizi suyultirilgan gaz (propan) hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘z navbatida, Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda propan narxini barqarorlashtirish maqsadida o‘z vakolati doirasida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, AYOQSHlarda narxlar ustidan doimiy monitoring olib borilayotganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi