Rossiyada so‘z erkinligini bo‘g‘ish yo‘lida yana bir tashkilot qurbon qilinmoqchi

Olam

image

Moskva prokuraturasi poytaxt sudiga Jurnalistlar va OAV xodimlari kasaba uyushmasi mintaqalararo jamoat tashkilotini tugatish talabi bilan murojaat qildi. Bu haqda “Vedomosti” sudning 16 iyundagi tashkilotni tugatish bo‘yicha ma’muriy ishni ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi qaroriga tayanib xabar berdi.

Gazetaning yozishicha, prokuratura nima uchun bunday talab qo‘ygani hujjatda ko‘rsatilmagan. Moskva shahar sudi departamentning da’vosi qabul qilinganini tasdiqlagan. Dastlabki sud majlisi 13 iyulga belgilangan.

Shu bilan birga, 4 iyul kuni sud prokuratura talabiga binoan Rossiya armiyasini “obro‘sizlantirish” (Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 20.3.3-moddasi) bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani sababli tashkilot ishini to‘xtatib qo‘ygan.

Jurnalistlar kasaba uyushmasi ishining to‘xtatilishiga tashkilot veb-saytida “Rossiya Qurolli Kuchlarining DXR va LXRni “himoya qilish” bo‘yicha “maxsus harbiy operatsiya”sining borishi to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot” e’lon qilingani sabab bo‘lgan. Ammo qaysi ma’lumot haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, kasaba uyushmasi internet tarmog‘iga “inson va fuqaroning huquq va erkinliklari buzilishiga olib keladigan, jamoat tartibi va jamoat xavfsizligiga, jamiyat va davlatga zarar yetkazuvchi” “noqonuniy xarakterdagi ma’lumotlar”ni joylashtirgan.

Advokat Maksim Krupskiyning “Vedomosti” nashriga aytishicha, Jurnalistlar kasaba uyushmasi na da’vo, na ma’muriy ish qo‘zg‘atilganligi haqida ma’lumotga ega emas.

“Ushbu tartib-qoidalar amaldagi qonunchilikka muvofiq majburiydir va tashkilotning himoyalanish huquqining muhim elementi hisoblanadi. Biz nima uchun bu sodir bo‘lganiga aniqlik kiritamiz va natijalarga asoslanib, keyingi harakatlar to‘g‘risida qaror qabul qilamiz”, degan advokat.


Maqola muallifi

Teglar

jurnalist

Baholaganlar

122

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing