Chilonzorda kanaldan topilgan chaqaloqning o‘limi sababi aniqlandi
Jamiyat
−
10 fevral 2020
41001Avvalroq, Toshkentning Chilonzor tumanida kanaldan yangi tug‘ilgan o‘g‘il bola chaqaloqning jasadi topilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur voqea bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, bugun, 10 fevral kuni Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Bunyodkor shox ko‘chasi yoqasi bo‘ylab oqib o‘tuvchi Anxor kanalidan oqayotgan suvdan yangi tug‘ilgan, o‘g‘il bola jinsiga mansub chaqaloq murdasi topilgan.
Hodisa joyiga Toshkent shahar prokuraturasi maxsus tezkor-tergov guruhi, Chilonzor tumani prokuraturasi va tuman IIO FMB rahbarlari hamda xodimlari chiqishdi. Maxsus tezkor-tergov guruhi tomonidan hodisa joyi va murda ko‘zdan kechirilishi davomida, tashqi ko‘rikda chaqaloq murdasida jarohatlar aniqlanmagan.
Respublika Sud tibbiy ekspertiza ilmiy amaliy markazi Toshkent shahar filialining 10.02.2020 yilgi 179-sonli dastlabki xulosasiga ko‘ra, chaqaloqning o‘limi “Bosh yumshoq to‘qimalari ostiga qon quyilishi. Kefologematoma. Tug‘ruq travmasi”dan kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, ekspertiza tekshiruvi davomida chaqaloq 38-40 haftalik bo‘lgani va chaqaloqning antropometrik belgilari bo‘yicha yetuk tug‘ilganligi aniqlandi. Murda boshlang‘ich chirish davrida ekani, tanasida tug‘ma nuqson va boshqa xususiyatga ega bo‘lgan belgilar aniqlanmadi.
Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 99-moddasi (Onaning o‘z chaqalog‘ini qasddan o‘ldirishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi