Profilaktika inspektorlari ortiqcha vazifalardan ozod qilinadi
Jamiyat
−
08 aprel 3229 3 daqiqa
O‘zbekistonda profilaktika inspektorlari ortiqcha vazifalardan xalos etiladi. Bu haqda bugun, 8 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari bugungi tahlikali zamonda mamlakatda jamoat xavfsizligini ishonchli ta’minlash eng ustuvor vazifalardan biri ekanini ta’kidlagan. Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligida Jamoat xavfsizligi departamenti tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiga huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va probatsiya xizmatlari birlashtirilgan. Hozirda mazkur departament IIV shaxsiy tarkibining qariyb 30 foizini tashkil etadi.
Bunday katta va murakkab tizimni samarali boshqarish hamda qat’iy nazorat qilish yangicha yondashuvni talab qiladi. Shu munosabat bilan taqdimotda sohada zamonaviy boshqaruv va raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish, samaradorlik ko‘rsatkichlarini “Jazolovchi tizimdan – aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizimga” tamoyili asosida qayta ishlab chiqish bo‘yicha takliflar muhokama qilingan.
Mahallalarda profilaktika ishlarini tashkil etish holatiga alohida e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda respublikadagi qariyb 9 ming mahallada 10 mingdan ziyod profilaktika inspektori xizmat qilib kelmoqda. O‘tgan yili ular aholidan kelib tushgan 2,5 milliondan ziyod arizani ko‘rib chiqqan, 470 mingdan ortiq holat bo‘yicha materiallar sudga yuborilgan. Shu bilan birga, profilaktika inspektorlari faoliyati ustidan ortiqcha boshqaruv bo‘g‘inlari ko‘payib ketgani oqibatida mahalla xavfsizligi va jinoyat profilaktikasiga yetarli e’tibor qaratilmayotgani qayd etilgan.
Shu munosabat bilan profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan xalos etib, ularning bevosita o‘ziga yuklatilgan ishga – mahallada xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi muammolari bilan manzilli ishlashga to‘liq yo‘naltirilgan tizim yaratish zarurligi ta’kidlangan.
Jumladan, kunlik onlayn yo‘riqnoma o‘tkazish, “Mening inspektorim” elektron tizimi orqali xizmatni tashkil etish, sud-tibbiy ekspertiza muassasalari bilan elektron ma’lumot almashishni joriy qilish, profilaktika inspektorlarini ishdan ajratmagan holda onlayn o‘qitish va malakasini oshirish, mahallada xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashuvchi “jamoat yordamchisi” guruhlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklif etilgan.
Inspektorlarga ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatini berish, 6 ta kam ahamiyatli qilmish bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish tizimini joriy etish taklif qilingan. Bu orqali inspektorning mahalladan chiqmagan holda ish olib borishi, samaradorligi ortishi va ko‘proq aholi bilan yaqindan ishlash imkoniyati yaratilishi ta’kidlangan.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha uzluksiz ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, buning uchun profilaktika inspektorlari, maktablardagi inspektor-psixologlar va mahallalardagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarni mahalla darajasida o‘zaro bog‘laydigan, yoshlar, ayollar va oilaviy muammolarning barvaqt oldini olishga xizmat qiladigan yaxlit tizim yaratish zarurligi ta’kidlangan. Ular real vaqt rejimida axborot almashishlari hamda yagona ma’lumotlar bazasidan foydalanishlari uchun profilaktika axborot tizimi joriy qilinadi.
Kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jamoat xavfsizligi xodimlarini tayyorlash tizimi amaliyot bilan uzviy bog‘langan manzilli dual ta’lim asosida qayta ko‘rib chiqilayotgani qayd etilgan. Xususan, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Jamoat xavfsizligi universiteti o‘rtasida profilaktika inspektorlari, probatsiya inspektorlari, patrul-post, yo‘l-patrul va qo‘riqlash xizmati mutaxassislarini maqsadli tayyorlash bo‘yicha yangi tizim taklif etilgan. Bunda nazariya va amaliyot uyg‘unlashtirilib, o‘qishning birinchi kursida 80/20, ikkinchi kursda 60/40 va uchinchi kursda esa 50/50 nisbatda tashkil etiladi.
Ta’lim jarayonida ijtimoiy profilaktikani amalga oshirish, protsessual harakatlar, nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish, jangovar tayyorgarlik, psixologik bardoshlilik, muomala madaniyati, saf bo‘linmalarini boshqarish kabi amaliy kompetensiyalar shakllantiriladi.
Tinglovchi va talabalar stajyor lavozimiga tayinlanadi, mustaqil ish yuritish hamda qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lib, murabbiy nazorati va javobgarligi ostida ish yuritadi. Bitiruvdan keyingi 5 yil davomida monitoring qilinib, malakasi doimiy oshirib boriladi.
Prezident takliflarni ma’qullab, jamoat xavfsizligini ishonchli ta’minlash, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar murojaatlariga tezkor javob berish va xodimlar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar bergan.
Live
Barchasi