Professor Bahrullo Lutfullayev 75 yoshida vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
06 yanvar 2023
9067Taniqli bastakor, professor Bahrullo Lutfullayev bugun, 6 yanvar kuni 75 yoshida vafot etdi. Bu haqda marhumning yaqinlari QALAMPIR.UZ'ga xabar berdi.
Bahrullo Lutfullayev 1948 yil 5 sentyabr kuni Jizzax viloyatining Forish tumanida tug‘ilgan. U 1972 yilda Toshkent davlat konservatoriyasi xor dirijyorligi, 1987 yilda bastakorlik ixtisosliklari bo‘yicha tamomlagan. 2003 yildan,hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida faoliyatini boshlagan. Bir necha yillar davomida O‘zbekiston radiosi musiqiy eshittirishlar bo‘limi bosh muharriri, “O‘zbekiston milliy teleradio kompaniyasida” musiqa studiyasining bosh muharriri lavozimida faoliyat yuritgan.
Kompozitorning “Samarqand ushshog‘i”, “Yor istab”, “Hazilkash shoh”, “Mangu mash’al” kabi musiqali dramalari, solist va xor uchun “Hur O‘zbekiston”, “Toshkentim bor” syuitalari, “Ona” poemasi, “Firoq” xor turkumi va boshqa bir qator asarlari ijodining yorqin namunalaridan hisoblanadi. Kompozitorning musiqali dramalari Muqimiy nomidagi “O‘zbek davlat musiqali drama teatri” repertuaridan keng o‘rin olgan.
1999 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, 2001 yilda “Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlangan. 2008 yilda “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi” faxriy unvonini olgan.
QALAMPIR.UZ jamoasi marhum Bahrullo Lutfullayevning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
LiveBarchasi