Prigojinga qarshi jinoiy ish tugatilmagan – “Kommersant”
Olam
−
26 iyun 2023
14485Bugun, 26 iyun kuni ertalab “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojinga qarshi qurolli isyon uyushtirganlik bo‘yicha tergov ishi hali ham tugallanmagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Rossiya Bosh prokuraturasidagi manbasiga tayanib, “Kommersant” gazetasi xabar berdi.
Nashr suhbatdoshiga ko‘ra, Rossiya Jinoyat kodeksining 279-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror haligacha bekor qilinmagan va tergov davom etmoqda. Manbaga ko‘ra, boshqa qaror qabul qilish uchun juda oz vaqt o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 iyun kuni Kreml voizi Dmitriy Peskov “Vagner” jangchilari javobgarlikka tortilmasligini, Prigojinga qarshi qurolli isyon uyushtirganlik ishi to‘xtatilishini va uning o‘zi Belarusga jo‘nab ketishi mumkinligini aytgandi.
Prigojinning bir kunlik isyoni
24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini so‘ragan va Moskvagacha borishini bildirdi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli kuchlar harakatini to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi