Prezidentning yangi qarori qabul qilindi
Jamiyat
−
03 avgust 2019
8238O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Respublikada moliya bozorini yanada rivojlantirish, aholini sifatli moliyaviy xizmatlar bilan qamrab olish ko‘lamini kengaytirish, sug‘urta tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ushbu sohada iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga islohotlarning hozirgi bosqichida iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlashga, aholi hayotining sifati va darajasini oshirishga yo‘naltirilgan moliyaviy xizmatlarni faol rivojlantirish respublikada sug‘urta bozorining rolini kuchaytirishni va sug‘urta vositalarini keng qo‘llashni taqozo etmoqda.
Milliy sug‘urta bozorini yanada isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash, sug‘urta xizmatlarining talab yuqori bo‘lgan yangi turlarini joriy etish, iste’molchilarning sug‘urta bozoriga bo‘lgan ishonchini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturiga muvofiq:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va jadal rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
sug‘urta sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shu jumladan, xalqaro tashkilotlarning standartlari va tavsiyalarini hamda ushbu sohadagi eng yaxshi jahon tajribalarini izchil joriy etish;
tartibga solish va prudensial nazoratning samarali mexanizmlarini joriy etish orqali sug‘urta bozorining ishonchliligi va barqarorligini ta’minlashga qaratilgan sug‘urta faoliyatini tartibga solish tizimini institutsional rivojlantirish;
sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining kapitallashuv darajasini, to‘lov qobiliyati va moliyaviy barqarorligini oshirish, ularning aktivlari sifatini yaxshilash, shuningdek, sug‘urtalovchilarning investitsiya faoliyatini rivojlantirish;
sug‘urta brokerlari faoliyatini faollashtirish, sug‘urta agentlarining ishlash tizimini takomillashtirish, banksug‘urta mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, umuman sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining rolini oshirish orqali sug‘urta bozori infratuzilmasini rivojlantirish va kengaytirish;
sug‘urta xizmatlari iste’molchilari va sug‘urta faoliyatining boshqa sub’ektlari huquqlari himoyasini kuchaytirish, aholining sug‘urta savodxonligini va sug‘urtaga bo‘lgan ishonchini oshirish, sug‘urta bozorining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;
yangi innovatsion sug‘urta mahsulotlarini joriy etish va talab yuqori bo‘lgan an’anaviy mahsulotlarni rivojlantirish orqali ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari hajmlarini, turlarini kengaytirish va sifatini oshirish;
sug‘urta faoliyatini tashkil etish va tartibga solish sohasidazamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, sug‘urta xizmatlarining elektron turlarini faol joriy etish va rivojlantirish;
sug‘urta bozori mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, sug‘urta sohasida ta’lim berishning zamonaviy usullarini qo‘llash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirish;
milliy sug‘urta bozorining ijobiy imijini shakllantirish va yuqori darajada ushlab turish hamda investitsiyaviy jozibadorligini, shu jumladan, milliy sug‘urta bozorini xalqaro va xorijiy sug‘urta bozorlari bilan integratsiyalash orqali oshirish.
2. Quyidagilar:
2019-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini jadal rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”(keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;
2019-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini jadal rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirish, shuningdek, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining:
sug‘urtalovchilarning sug‘urta faoliyati turlariga bog‘liq holda differensiatsiyalangan ustav kapitali minimal miqdorlarini 3-ilovaga muvofiq 2020-2022 yillarda bosqichma-bosqich oshirish to‘g‘risidagi;
daromadlarning 20 foizigacha miqdoridagi ajratmalar hisobiga, ularni chegiriladigan xarajatlarga kiritgan holda shakllantiriladigan sug‘urta tashkiloti zaxira jamg‘armasiningcheklangan miqdorini sug‘urta tashkiloti ustav fondining 50 foizigacha oshirish to‘g‘risidagi;
sug‘urtaning ayrim turlari bo‘yicha elektron polislarni (“Ye-polis”), shu jumladan, Internet, mobil ilovalar, infokiosklar orqali rasmiylashtirish mexanizmini joriy etish, ularni qog‘oz shaklidagi sug‘urta shartnomalariga (polislariga) tenglashtirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
4. Belgilansinki, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:
yuridik shaxslar – sug‘urta (qayta sug‘urta) brokerlari va sug‘urta agentlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi komissiya mukofotining 13 foizi miqdorida belgilanadi;
sug‘urta (qayta sug‘urta) tashkilotining boshqa sug‘urta (qayta sug‘urta) tashkilotlari ustav fondlarida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi, sug‘urtaning boshqa tarmoqlaridagi sug‘urta tashkilotlari ustav fondlarida ularning o‘zaro ishtirokini cheklash shartlarida ishtirok etish bundan mustasno;
vakolatli davlat organi sug‘urtalovchilar tomonidan qo‘llanilayotgan sug‘urta tariflarini, iste’molchilarning sug‘urta xizmatlari sifatidan qoniqishi darajasini, shuningdek, sug‘urta mahsulotlarining samaradorligini tahlil qilish asosida sug‘urta zaxiralarining qabul qilinayotgan tavakkalchiliklarga maqbulligini ta’minlaydigan sug‘urta zaxiralarining minimal darajasini belgilaydi.
5. 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab shunday tartib joriy qilinsinki, unga muvofiq qayta sug‘urtalovchi (qayta sug‘urta brokeri) sug‘urta majburiyatlarini qayta sug‘urtalash uchun xorijiy sug‘urta tashkilotlariga berishdan avval beriladigan sug‘urta majburiyatlarining kamida 50 foizi miqdorida qayta sug‘urtalash bo‘yicha ofertani (qayta sug‘urtalash shartnomalarini tuzish takliflarini) O‘zbekiston Respublikasi hududida qayta sug‘urtalash faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan sug‘urta tashkilotlariga yuborishishart. Bunda:
oferta shartlari sug‘urta majburiyatlarini xorijiy sug‘urta tashkilotlariga qayta sug‘urtalashga berish shartlariga muvofiq bo‘lishi kerak;
oferta aksepti yoki akseptni rad etish qayta sug‘urtalovchilar – mahalliy sug‘urta tashkilotlari tomonidan, agar ofertada aksept uchun kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ikki ish kunidankechikmagan holda amalga oshiriladi;
sug‘urta majburiyatlari qayta sug‘urtalovchi – mahalliy sug‘urta tashkiloti tomonidan o‘zining ushlab qolish hajmi doirasidaqabul qilinadi;
qayta sug‘urtalovchi – mahalliy sug‘urta tashkiloti sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan taqdirda va asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta to‘lovini amalga oshirishda qayta sug‘urtalash shartnomasi shartlari doirasida qayta sug‘urta qildiruvchining qarorlariga amal qiladi.
Belgilansinki, ushbu band talablari obligator qayta sug‘urtalashga tatbiq etilmaydi hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va investitsiya bitimlarida o‘zgacha tartib nazarda tutilgan bo‘lsa, qo‘llanilmaydi.
6. Belgilab qo‘yilsinki, jismoniy shaxslar daromadlarining hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash (barcha toifadagi hayot sug‘urtasi sohasi) bo‘yicha sug‘urta mukofotlarini to‘lash uchun O‘zbekiston Respublikasida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga litsenziyasi bo‘lgan yuridik shaxslarga yo‘naltiriladigan qismi yuzasidan soliq imtiyozlari quyidagi shartlarda qo‘llaniladi:
a) sug‘urta summasi shartnoma bo‘yicha sug‘urta davri boshlanishi sanasidan kamida 12 oydan so‘ng biryo‘la to‘langanda. Bunda sug‘urta badallarini to‘lash sug‘urta summasini to‘lash sanasidan oldingi 12 oylik davrda o‘sib bormaydigan tartib bo‘yicha amalga oshirilgan bo‘lishi kerak.
Shartnoma bo‘yicha sug‘urtalangan shaxsning hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash (barcha toifadagi hayot sug‘urtasi sohasi) bo‘yicha muayyan yoshgacha yoki sanagacha yashashidan boshqacha tarzdagi sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan taqdirda sug‘urta qoplamasini yoki sug‘urta summasini to‘lash ko‘rsatib o‘tilgan imtiyoz qo‘llanilgan holda shartnoma bo‘yicha sug‘urta davri boshlanishi sanasidan 12 oy o‘tmasdan amalga oshirilishi mumkin;
b) renta (annuitet) to‘lash shartnoma bo‘yicha sug‘urta davri boshlanishi sanasidan kamida 12 oydan so‘ng boshlanganda. Bunda joriy rentani (annuitetni) to‘lash sanasida shartnoma bo‘yicha haqiqatda jamlangan mablag‘lar (zaxira) summasi ko‘rsatib o‘tilgan renta (annuitet)ning to‘rt baravaridan kam bo‘lmasligi kerak;
v) rentani (annuitetni) to‘lash shartnoma bo‘yicha sug‘urta davri boshlanishi sanasidan 12 oy o‘tmasdan boshlanganda. Bunda dastlabki rentani (annuitetni) to‘lash boshlanadigan paytda haqiqatda to‘langan sug‘urta badallari summasi shartnoma bo‘yicha sug‘urta mukofotining yillik miqdoridan kam bo‘lmasligi kerakva rentalarni (annuitetlarni) to‘lash ushbu bandning “b” kichik bandi talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim.
Hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash shartnomasi muddatidan oldin to‘xtatilishi yoki ushbu band talablari buzilishi munosabati bilan jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliq to‘lov manbaida ushlab qolingan va byudjetga o‘tkazilganda sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urtalanuvchiga olingan sug‘urta mukofotlari summasi, jismoniy shaxslarning daromadidan ushlab qolingan soliq va qaytariladigan mablag‘lar to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi.
7. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari xodimlarini sohaga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarining “Sug‘urta ishi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi va kechki bo‘limlarga test sinovlari o‘tkazilmasdan, belgilangan qabul kvotalaridan tashqari pulli-kontrakt asosida qabul qilish tartibi joriy etilsin.
Bunda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish suhbat yakunlari bo‘yicha va quyidagilar:
xodimda umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumoti va sug‘urta bozorida kamida 2 yil amaliy ish staji mavjud bo‘lishi;
kontrakt ish beruvchi – sug‘urta bozorining professional ishtirokchisi tomonidan kafolatli to‘lanishi va xodim – bitiruvchi o‘qishni tamomlagandan keyin sug‘urta bozorining professional ishtirokchisi shtatida 3 yil mobaynida majburiy ishlab berishi sharti bilan amalga oshiriladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda sug‘urta bozori mutaxassislarining xorijiy ta’lim va boshqa tashkilotlarda ta’lim olishi, malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi tizimli asosda tashkil etilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
O‘zbekiston sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasiga sug‘urta bozori mutaxassisining chet elda o‘qishi, malakasini oshirishi yoki stajirovka o‘tashi zarurligini asoslantirgan holda unga nisbatan tavsiya xatini belgilangan tartibda “El-yurt umidi” jamg‘armasiga kiritish huquqi berilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2019 yil 30 noyabrga qadar Birlashgan Arab Amirliklari hukumatining texnik ko‘magida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish dasturiga sug‘urta faoliyati sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha alohida yo‘nalish kiritish masalasini ko‘rib chiqsin.
10. Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi negizidaO‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligini (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
11. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:
sug‘urta bozorining ishlashi va uning professional ishtirokchilari faoliyati ochiqligi va shaffofligini, shu jumladan, sug‘urta faoliyati sohasidagi statistik va moliyaviy ko‘rsatkichlarni muntazam e’lon qilish yo‘li bilan ta’minlash;
sug‘urta xizmatlari iste’molchilari va sug‘urta munosabatlarining boshqa ishtirokchilari huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, aholining sug‘urta bozoriga ishonchini oshirishga va jamiyatda sug‘urta madaniyatini rivojlantirishga ko‘maklashish;
sug‘urta bozori mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan, chet elda, shuningdek, xalqaro darajadagi ekspertlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda tashkil etishga ko‘maklashish;
sug‘urtalovchilarning to‘lov qobiliyati, sug‘urta zaxiralarini shakllantirish va ulardan foydalanish bo‘yicha majburiy normativ va talablarni belgilash, shuningdek, samarali sug‘urta faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan sug‘urta faoliyati sohasidagi qonun hujjatlariga, shuningdek, ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan normativ va talablarga rioya etilishini nazorat qilish;
sug‘urtalovchilar (qayta sug‘urtalovchilar) va sug‘urta brokerlarining sug‘urta faoliyatini litsenziyalash, aktuariylar faoliyatini sertifikatlash;
sug‘urta bozorining holati va uning professional ishtirokchilari faoliyatining hisobi va hisobotini yuritish, masofaviy nazorat qilish va tezkor onlayn-monitoringini olib borish bo‘yicha integratsiyalashtirilgan axborot tizimini shakllantirish va yuritish;
aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan sug‘urta xizmatlarining talab yuqori bo‘lgan an’anaviy turlarini rivojlantirishga va yangi turlarini joriy qilishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi faoliyati sohasida sug‘urta himoyasini kuchaytirish;
xorijiy davlatlarning o‘xshash tuzilmalari, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan sug‘urta faoliyati sohasida hamkorlikni tashkil etish.
12. Belgilansinki:
Agentlik sug‘urta bozorini tartibga solish va rivojlantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining sug‘urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish qismidagi barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi;
Agentlikni saqlash O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;
Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor boshchilik qiladi;
Agentlik direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazirning o‘rinbosariga tenglashtiriladi;
Agentlik xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi.
13. Agentlik boshqaruv xodimlarining cheklangan soni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimi boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida 28 birlik etib belgilansin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 30 noyabrga qadar:
majburiy tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etishning huquqiy asoslarini;
Sirdaryo viloyatida 2020 yildan boshlab “davolangan holat” uchun tibbiy xizmatlar to‘lovi mexanizmini va “jon boshi normativi” asosida moliyalashtirish tizimi metodologiyasini, shuningdek, 2021 yildan boshlab – majburiy tibbiy sug‘urta tizimini tajriba-sinov tarzida joriy etishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga:
a) ikki oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini, shu jumladan, Agentlik tuzilmasi va Agentlik to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutgan holda;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni;
b) 2020 yil 1 yanvarga qadar sug‘urta tashkilotlarining faoliyatini tavakkalchilikka qaratilgan yondashuv asosida tartibga solishga yo‘naltirilgan, sug‘urtalovchilarning kapitali yetarliligi va to‘lov qobiliyati bo‘yicha xalqaro standartlarni sug‘urta faoliyatiga bosqichma-bosqich joriy etish strategiyasi loyihasini kiritsin.
16. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va jadal rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi 4-ilovaga muvofiq;
ushbu qarorni amalga oshirish bo‘yicha Batafsil amaliy tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi guruh (J.Qo‘chqorov):
ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar so‘zsiz ijro etilishi muvofiqlashtirilishi va nazorat qilinishini, shuningdek, ularning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishi tashkil etilishini;
2019-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini jadal rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari bajarilishi ustidan tizimli monitoring olib borilishini;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda mazkur qarorning ijrosi yuzasidan axborot kiritib borilishini ta’minlasin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalarini keng yoritish bo‘yicha chiqishlar hamda mavzuli ko‘rsatuvlar va eshittirishlarni tashkil etsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.G‘ulomov va O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vazirining o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2019 yil 2 avgust
LiveBarchasi