Prezidentkush mamlakat. Tiyiqsiz Tramp tiyiladimi?
Tahlil
−
15 iyul
7106Prezidentkush mamlakat. AQSHda nimalar bo‘lmoqda?
Dastlab Avraam Linkoln, keyin Jeyms Garfild, so‘ngra Uilyam MakKinli, undan keyin Teodor Ruzvelt, keyinchalik Jon Kennedi va Ronald Reygan. Endi esa Donald Tramp. Amerika Qo‘shma Shtatlarida Prezident va sobiq prezidentlarga nisbatan uyushtirilgan suiqasdlar serialining navbatdagi qismi efirda.
Voqea qanday sodir bo‘ldi?
O‘tgan haftaning so‘ngida, 13 iyul kuni, AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp prezidentlik poygasidagi eng muhim shtatlardan biri ekanligi aytiladigan Pensilvaniya shtatining Pittsburgdan taxminan 34 mil shimolida joylashgan 13 ming kishilik Butler shahrida saylovoldi tashviqotlarini davom ettirayotgandi. Tramp o‘z chiqishida Baydenning migratsiya siyosatini tanqid qilayotgan va bu bilan bog‘liq muammolar haqida so‘z ochgandi. Sobiq prezident nutqidan taxminan olti daqiqa o‘tgach, mitingda gurkirashlar eshitildi. Tramp qulog‘ini mahkam ushlagancha yerga egildi va bir necha Maxfiy xizmat xodimlari sahnaga otilib chiqib, uni har tomondan o‘rab olishdi. Trampning qulog‘i va yuzining yon tomonidan sizib chiqayotgan qonni ko‘rish mumkin edi. Keyinchalik u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida o‘q “o‘ng qulog‘imning yuqori qismini teshib o‘tgan”ini aytdi. Suiqasdni amalga oshirgan shaxs ushbu qisqa vaqt ichida Tramp uchun yig‘ilganlarga qarata 8 marotaba o‘t ochgan. Qotil saylovoldi mitingi bo‘layotgan hududdagi olomonga eng yaqin bino ichiga yashiringan. U joylashgan masofa esa Tramp turgan joydan taxminan 430 fut, ya’ni 130 metr uzoqda edi. Maxfiy xizmat xodimlari darhol suiqasdni amalga oshirgan shaxsni yo‘q qilgan. Ammo ungacha Trampdan tashqari yana ikki kishi yaralangan va bir kishi vafot etgan. Jabrlanganlar orasida politsiyachilar yo‘q, deydi mas’ullar. Bundan tashqari, Federal qidiruv boshqarmasi otishmaga guvoh bo‘lganlarni FQB bilan bog‘lanishini so‘ragan. Huquq-tartibot idoralarining ikki vakiliga ko‘ra, suiqasdni uyushtirgan erkakdan AR-15 tipidagi yarim avtomatik miltiq topilgan. O‘qlar aynan shu quroldan otilgan. Tergovchilar qotilning yoshi endigina 20 da ekanligini aniqlashgandan so‘ng u tomondan ishlatilgan qurol uning otasiga tegishlimi yoki u qonuniy ravishda sotib olingan yoki yo‘qligini tekshirmoqda, deydi tergov haqida ma’lumot bergan ikki yuqori martabali huquq-tartibot organi xodimlari.
Ushbu suiqasd yuzasidan ba’zi respublikachilar tomonidan xavfsizlik xizmati keng tanqid ostiga olindi. Ammo huquq-tartibot idoralarining uchta yuqori martabali xodimi NBC News telekanaliga ma’lum qilishicha, Tramp va uning tarafdorlariga qarata yo‘naltirilgan o‘q Maxfiy xizmat tomonidan o‘rnatilgan xavfsizlik chegarasi tashqaridan uzilgan. Bundan tashqari, Pensilvaniya shtati politsiyasi podpolkovnigi ham otishma sodir etgan shaxs joylashgan bino xavfsizlik chegarasidan biroz uzoqda joylashganini tasdiqladi. NBC bilan suhbatlashgan ekspertlarning ta’kidlashicha, siyosiy mitinglar kabi tadbirlar har doim keng maydonlarni himoya qilishda qiyinchiliklarga olib kelgan. Maxfiy xizmatning sobiq agentlaridan birining aytishicha, doimo xavfsiz maydonning o‘lchami yuzasidan savollar tug‘iladi. Uning aytishicha, mitinglar uchun xavfsiz hudud yaratishda uzoq va keng masofalarni nazoratga olish juda katta qiyinchilik tug‘diradi va bu har doim muammo bo‘lib kelgan.
Ammo o‘q uzgan deb taxmin qilingan qurolli shaxsni yaqin atrofdagi bino tepasida miltiq bilan bir necha daqiqa aylanib yurganini aniq ko‘rish mumkin edi, degan guvohlardan biri BBCga bergan ko‘rsatmasida. O‘zini Greg deb atagan guvohning so‘zlariga ko‘ra, u va boshqalar bergan ogohlantirishlar politsiya tomonidan bajarilmagan. Gregning aytishicha, miting chog‘ida qotil joylashgan bino tomi unga g‘alati va shubhali ko‘ringan, ammo politsiya uning ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirgan.
Ayni damda suiqasd yuzasidan tergov jarayonlari davom etmoqda va o‘rganilishi lozim bo‘lgan masalalardan biri uni sodir etgan shaxsning yolg‘iz o‘zi bo‘lgan yoki aksinchaligidir. Olib borilayotgan tergov FQB, shuningdek, Maxfiy xizmat va Ichki xavfsizlik departamentini o‘z ichiga oladi. Maxfiy xizmat direktori Kimberli Chitl esa 22 iyul kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasi qo‘mitasiga ko‘rsatma berish uchun chaqirildi.
Voqea qahramoni Donald Tramp esa otdek sog‘lom deyishga bir qancha asoslar bor. Chunki sobiq prezidentning yordamchisi ijtimoiy tarmoqqa Nyu-Jersiga qo‘nganidan so‘ng samolyotdan yordamsiz tushib ketgani aks etgan videoni joylashtirdi. Uning jarohatlangan qulog‘i esa videoda ko‘rinmasdi. Tramp saylovoldi kampaniyasi va Respublikachilar milliy qo‘mitasi sobiq prezident 15 iyul kuni boshlanishi rejalashtirilgan Respublikachilar qurultoyida qatnashishini aytdi. Tramp ilk bor voqea haqida o‘zi tomonidan asos solingan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida xabar qoldirdi.
“Menga o‘q tegib, o‘ng qulog‘imning yuqori qismini teshib o‘tdi. Men nimadir noto‘g‘ri ekanligini darhol angladim, chunki shivirlagan ovozni, otishmalarni eshitdim va darhol o‘q terini yorib yuborganini his qildim. Ko‘p qon ketish sodir bo‘ldi, shuning uchun men nima bo‘layotganini angladim. Xudo Amerikani yorlaqasin”, deb yozdi Tramp.
U, shuningdek, Maxfiy xizmat va huquq-tartibot idoralariga tezkor javob uchun minnatdorchilik ham bildirdi va mitingda halok bo‘lgan shaxsning oilasiga ham hamdardlik bildirdi.
Gumonlanuvchi kim?
FQB yakshanba kuni erta tongda voqea joyida o‘ldirilgan gumonlanuvchining Bezel Parkdagi 20 yoshli Tomas Metyu Kruks ekanligini aniqladi. U otishma sodir bo‘lgan joydan taxminan bir soatlik uzoqlikda yashagan. Shtat ma’lumotlariga ko‘ra, Kruks respublikachi saylovchi sifatida ro‘yxatga olingan. U 2022 yilda Pensilvaniyadagi o‘rta maktabni tamomlagan. Rasmiylar u boshqaradigan mashinadan portlovchi moddaga o‘xshagan qurilmalarni topgan. Manbalarga ko‘ra, hozircha tergovchilar 20 yoshli Metyu Kruks ekstremistik tashkilotlar yoki shaxslar bilan hech qanday aloqani yo‘lga qo‘ymaganini tasdiqlashdi. Biroq ular gumonlanuvchining telefoni va boshqa raqamli qurilmalaridan ma’lumotlarni tekshirishda davom etishmoqda.
Metyuning sobiq sinfdoshlari ABC News telekanaliga bergan intervyusida uni sokin va do‘stlari ko‘p bo‘lmagan talaba sifatida tasvirlashdi. U bilan boshlang‘ich maktabda birga tahsil olgan Jeyms Mayers marhumning ko‘pincha yolg‘izlikda vaqt o‘tkazishi va maktab davrida uning siyosiy inqilobchi sifatida birorta harakatlariga guvoh bo‘lmaganini aytdi. Kruksning boshqa sinfdoshlari ham xuddi shu fikrni takrorlagan. Ular Kruksning juda vazminligi va matematika fanidan boshqa barcha sinfdoshlaridan ko‘ra aqlliroq bo‘lganini eslashdi. Metyu Kruks haqida sinfdoshlaridan olingan boshqa ma’lumotlar esa uning og‘ir-bosiq shaxs bo‘lganligi, hech qachon tahdidga moyil bo‘lib ko‘rinmagani, tushlik paytida doim yolg‘iz ovqatlanishi va suhbat davralarida hech qachon siyosatni muhokama qilmagani to‘g‘risidagi ko‘rsatmalardan iborat.
Kruksning otasi, 53 yoshli Metyu Kruksning CNN telekanaliga aytishicha, u ham nima bo‘lganini tushunishga harakat qilmoqda va o‘g‘li haqida gapirishdan oldin huquq-tartibot idoralari bilan gaplashguncha kutishini aytdi. Shu bilan birga, Krukslar yashash joyining perimetri sariq politsiya lentasi bilan o‘ralgan va Federal aviatsiya ma’muriyati “maxsus xavfsizlik sabablari” tufayli Bezel Park ustidagi havo bo‘shlig‘ini ham yopgan.
Dunyo yetakchilari va Tramp yaqinlarining dil izhorlari
Tramp suiqasdga uchragach, o‘z oilasi, jamoasi, tarafdorlari va dunyo yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Dastlab rafiqasi Melaniya Tramp yakshanba kuni bayonot berib, voqea sodir bo‘lganini ko‘rgandagi qo‘rquvini tasvirlab, Maxfiy xizmat xodimlari va huquq-tartibot idoralariga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u otishma qurbonlariga ham hamdardlik bildirdi. Trampning to‘ng‘ich qizi Ivanka Tramp X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida mazkur hujumni qoralab, odamlarga ibodatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Maxfiy xizmat va boshqa barcha huquq-tartibot idoralari xodimlariga bugungi tezkor va qat’iy harakatlari uchun minnatdorman. Men mamlakatimiz uchun ibodat qilishda davom etaman. Ota, men sizni har doim yaxshi ko‘raman”, deb yozdi Ivanka Tramp.
Trampning to‘ng‘ich o‘g‘li, kichik Donald Tramp o‘z matbuot kotibi orqali bergan bayonotida, shanba kuni otasi bilan telefon orqali gaplashgani va u “ajoyib kayfiyatda” ekanini aytdi.
“Unga qarshi nima bo‘lishidan qat’i nazar, u Amerikani qutqarish uchun kurashni hech qachon to‘xtatmaydi”, deydi kichik Tramp.
Uning ukasi Erik Tramp esa X tarmog‘iga otasi otishmadan keyin mushtini havoga urayotgani aks etgan suratni joylashtirib, “bu Amerika uchun kerak bo‘lgan jangchi!” deya post qoldirdi.
O‘z o‘rnida, bir qancha dunyo yetakchilari ham voqeaga nisbatan bir-biriga o‘xshash bayonotlar bilan o‘zlarining tezkor munosabatlarini bildirdi. Xususan, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Kir Starmer, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, AQSH vitse-prezidenti Kamola Harris, Yevropa Bosh diplomati Jozef Borrel, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, Qozog‘iston Prezidenti Qosim Jomart To‘qayev va boshqalar suiqasdni qoraladi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlarning 44-Prezidenti Barak Obama ham o‘zi va rafiqasi nomidan Trampga sog‘liq tiladi va mamlakatda zo‘ravonlikka mutlaqo o‘rin yo‘qligini ta’kidladi.
“Bizning demokratiyamizda siyosiy zo‘ravonlikka mutlaqo o‘rin yo‘q. Hali nima bo‘lganini aniq bilmasak-da, biz barchamiz sobiq prezident Tramp jiddiy jarohatlanmaganidan yengil tortishimiz va shu vaziyatdan siyosatimizga sodiqligimizni tasdiqlash uchun foydalanishimiz kerak. Mishel va men unga tez orada sog‘ayib ketishini tilayman”, degan Obama.
Shuningdek, Space X asoschisi X ijtimoiy tarmog‘i egasi Ilon Mask ham voqeaga o‘z munosabatini bildirgan.
“Men prezident Trampni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman va uning tez orada sog‘ayib ketishiga umid qilaman”, deya ta’kidlagan Mask.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Donald Trampga qilingan suiqasdni qoralab, unga tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidentligiga nomzod Respublikachi Donald Trampga uyushtirilgan suiqasdga munosabat bildirgani haqida Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlarining sobiq prezidenti Donald Tramp Pensilvaniya shtatida saylovoldi uchrashuvda nutq so‘zlayotgan chog‘ida uning hayotiga suiqasd uyushtirilgani haqidagi xabarni chuqur xavotir bilan qabul qildi. Davlatimiz rahbari ushbu zo‘ravonlik harakatini keskin qoralaydi va Donald Trampga tez fursatda sog‘ayib ketishini tilaydi”, deyilgan xabarda.
Voqeadan so‘ng hammaning ko‘zi to‘rt bo‘lib kutgan AQSHning hozircha amaldagi Prezidenti Jo Bayden ilk bor jurnalistlarga voqea sodir bo‘lganidan taxminan 90 daqiqa o‘tib bayonot berdi. U bu suiqasddan Delaverdagi cherkovida katolik marosimidan chiqqanidan so‘ng xabardor bo‘lgan. Baydenning aytishicha, Trampning ahvoli yaxshi. Otishma sodir bo‘lganidan ko‘p o‘tmay jurnalistning “bu voqeani suiqasd bo‘lganiga ishonasizmi” degan savoliga Bayden “Mening fikrim bor, lekin menda barcha faktlar yo‘q”, deya javob berdi. Bayden qo‘shimcha izoh berishdan oldin ko‘proq qo‘shimcha ma’lumot olishni xohlayotganini aytdi. U bilan allaqachon huquq-tartibot idoralari bog‘langan va ular ayni damda uzluksiz aloqada. Oq uyga ko‘ra, Bayden Tramp bilan dastlabki urinishda bog‘lana olmagan, ammo oradan biroz vaqt o‘tgach ikki raqib o‘zaro suhbatlashishga erishishgan. Otishmadan so‘ng demokratlar saylov kampaniyasi to‘xtatilganini e’lon qilishdi. Demokratlarning rasmiy manbasi kompaniya barcha chiquvchi aloqalarni to‘xtatib, televideniye reklamalarini ham imkon qadar tezroq olib tashlashga harakat qiladi, deya xabar berdi.
Al Jazeera muxbiri Kimberli Xelkett, Oq uydan xabar berishicha, “amerikaliklar hali ham hayratlanarli yangilikni hazm qilishga harakat qilmoqdalar. Ulardan ba’zilari hech qachon bunday narsani boshdan kechirmagan. Chunki oxirgi marta shunday voqea 1981 yilda Ronald Reygan bilan sodir bo‘lgandi”, deydi muxbir.
Tramp saylovni muddatidan oldin yutdimi?
Xususan, bu voqelik bir qancha savollarni o‘rtaga tashlamoqda. Jumladan, suiqasd nega uyushtirilgani, u kimning rejasi ekanligi va bundan aynan nima maqsad ko‘zlangani haqidagi fikr va taxminlar qoq ikki qutbga bo‘lingan. Ba’zilarda buni “shov-shuv ko‘tarish va qahramonga aylanish orqali saylovchilar oldidagi mashhurligi va obro‘yini oshirish maqsadida Trampning o‘zi uyushtirgan”, degan taxminlar ham yo‘q emas. Ammo mazkur reja juda ham katta tavakkalchilik talab etishini esdan chiqarmaslik lozim. Negaki, agarda bu Tramp va uning jamoasi tomonidan uyushtirilgan bo‘lsa, va ushbu ko‘zbo‘yamachilik isbotlansa, bu sobiq Oq uy egasi uchun katta sharmandalik va prezidentlik poygasidagi muddatidan oldingi mag‘lubiyat deganidir. Chunki bunday ish saylovchilar oldidagi Tramp reputatsiyasini oniy lahzalar butunlay yo‘q qilishi shubhasiz. Shunday ekan, Tramp bunday tavakkalchilikka qo‘l uradi deb hisoblash biroz xato hisoblanadi. Ayni damda uning uchun hammasi joyida. Negaki, u dastlabki prezidentlik teledebatida Baydenni butkul mahv etdi. Qolaversa, bugun demokratlar ichida kichik xaos mavjud bo‘lib, ular hali ham katta ehtimol bilan bu yilgi saylovlar uchun kimni nomzod qilib ko‘rsatishga ikkilanmoqda. Voqealar rivojining barcha ko‘rinishlari Tramp uchun ishlamoqda. Sababi suiqasddan hali 1 sutka ham o‘tmay turib, Tramp o‘ng qo‘lini ko‘tarib turgan suratlar tushirilgan futbolkalar paydo bo‘ldi. Internetda shu ko‘rinishdagi memlar yasaldi, giflar paydo bo‘ldi. Statistikalar yaqin 24 soat ichida Tramp va uning tarafdorlari o‘rtasidagi jipslik yanada kuchayganini ko‘rsatmoqda. Bular esa saylov va ovoz berish jarayoniga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Ammo bularning barchasi taxmin va tahlillar xolos. Zero, prezidentlik poygasining yakuniy natijalari 6 noyabr kuni e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ,“ Hizbulloh ” uchuvchisiz havo vositalaridan Xermon tog‘idagi Isroil harbiy radar stansiyasiga zarba bergandi.
LiveBarchasi