Prezident yiliga 1 mlrd daromad qilayotgan dehqon onaxonni mukofotladi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 1 may kuni Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Xonqa tumanidagi “Sobirjon Yusuf” oilaviy fermer xo‘jaligi dalasida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fermer xo‘jaligi  rahbari 73 yoshli Oyimjon Otajonova qirq yildan beri ko‘chatchilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. Xo‘jalikning 3 gektar maydonida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtiriladi. Yana ikki gektarda esa bog‘dorchilik qilinadi. Bundan tashqari, 12 sotix issiqxonada 40 turdagi gul ko‘chatlari yetishtiriladi. Issiqxona zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar bilan ta’minlangan bo‘lib, uning har bir bo‘limida ko‘chatlarning turi va xususiyatidan kelib chiqib zarur mikroiqlim yaratilgan. 

“Serg‘ayrat onaxon oila a’zolarini ham shu ishga boshlagan. Yiliga 50 ming tupdan ortiq ko‘chatlar o‘stirib, sotiladi. Ularning yillik daromadi bir milliard so‘mdan ortadi. E’tiborli jihati, bu yerda yetishtirilayotgan ko‘chatlar qo‘shni hududlar, Qozog‘iston  va Turkmanistonga ham yetkazib berilmoqda”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bog‘ joylashgan Guliston mahallasida 7 mingdan ziyod aholi yashaydi. Oyimjon Otajonova hozirgacha 200 dan ortiq shogird yetishtirgan, 300 nafar ishsiz fuqaroni ko‘chatchilikka o‘rgatgan. Mahalladagi 70 foiz xonadon bilan kasanachilik yo‘lga qo‘yilgan. 

Fidoyi dehqon bu yil tumandagi barcha maktab va bog‘chalarga 2 ming dona qarag‘ay ko‘chatini beg‘araz tarqatgan.

Bandlik vazirligi va bank bilan hamkorlikda xo‘jalikning yondosh hududida o‘quv markazi ochilgan. Unda xo‘jalik tajribasi asosida xonadonlardagi samarasiz tomorqadan yil davomida daromad olishga o‘rgatilmoqda. Natijada mahallalarda omilkorlik kengayib, oilalarga qo‘shimcha daromad kirmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu xizmatlari, mehnatsevarligi va yosh avlodga namunaligini inobatga olib, Oyimjon Otajonovani “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” unvoni bilan mukofotlashga qaror qildi. Bugun, 1 may kuni shu to‘g‘risidagi Prezidentning tegishli farmoni ham qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xorazm Xonqa Oyimjon Otajonova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing