Prezident YeXHT Parlament Assambleyasi raisini qabul qildi
Jamiyat
−
23 dekabr 2019
3975O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 dekabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi (YeXHT PA) raisi Georgiy Seretelini qabul qildi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakat 2018 yilda ushbu organdagi ishtirokini qayta tiklaganidan buyon o‘zaro munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani va ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bugungi kunda 2019-2020 yillarda YeXHT Parlament assambleyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” amalga oshirilmoqda.
Tuzilmaning 50 nafarga yaqin vakillaridan iborat delegatsiya ilk marta O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatishda ishtirok etayotgani qayd etildi.
Georgiy Sereteli Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul hamda birlashma bilan hamkorlik faollashgani uchun minnatdorlik bildirdi.
YeXHT PA raisi O‘zbekistonning assambleyadagi ishtiroki YeXHTga a’zo davlatlar qonun chiqaruvchi organlari bilan aloqalarni mustahkamlash doirasida mamlakatning manfaatlarini ilgari surishda yangi imkoniyatlar ochganini ta’kidladi.
Mehmonning fikricha, bo‘lib o‘tgan saylovlar O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega, chunki ular keng miqyosli islohotlar davrida, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining tavsiyalarini ham hisobga olib ishlab chiqilgan yangi Saylov kodeksi asosida o‘tdi.
Uchrashuv so‘ngida YeXHTning O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha uzoq va qisqa muddatli missiyalarining faoliyatiga qulay sharoitlar yaratilgani uchun minnatdorlik bildirildi.
LiveBarchasi