Prezident yana bir qonunni imzoladi
Jamiyat
−
06 noyabr 2019
8201O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi tahrirdagi "Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Quyida qonunning to‘liq matni keltirilgan.
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi bank faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
bank – bank hisobvaraqlarini ochish va yuritish, to‘lovlarni amalga oshirish, omonatlarga (depozitlarga) pul mablag‘larini jalb etish, o‘z nomidan kreditlar berish bo‘yicha bank faoliyati sifatida aniqlangan operatsiyalar majmuini amalga oshiruvchi tijorat tashkiloti bo‘lgan yuridik shaxs;
banklar guruhi – moliya institutlarining yuridik shaxs bo‘lmagan birlashmasi bo‘lib, bunda asosiy bank boshqa moliya institutlarini nazorat qiladi;
bank hisobvarag‘i – bank tomonidan shartnomaga muvofiq mijozga ochilgan hisobvaraq bo‘lib, unga ko‘ra bank mijozning hisobvarag‘iga tushayotgan pul mablag‘larini qabul qilish va hisobga kiritish, mijozning hisobvarag‘idan tegishli pul mablag‘larini o‘tkazish hamda berish va hisobvaraq bo‘yicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish haqidagi topshiriqlarini bajarish majburiyatini zimmasiga oladi;
bankning barqaror moliyaviy holati – bankning moliyaviy oqimlar mutanosibligini, to‘lov qobiliyatini, likvidliligi va rentabelli faoliyatini saqlab turish uchun mablag‘larning yetarliligini, shuningdek barcha prudensial normativlar bank tomonidan bajarilishini ifodalovchi holati;
bilvosita egalik qiluvchi (oluvchi) – bankning aksiyalariga o‘zi nazorat qiladigan boshqa shaxs orqali egalik qiluvchi (aksiyalarni oluvchi) shaxs;
muhim ahamiyatga ega xodimlar – bankning boshqaruv a’zolari bo‘lmagan, lavozimi bank faoliyatiga muhim ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini beradigan xodimlari;
mo‘ljallangan olish – potensial oluvchi tomonidan bank aksiyalarini olish yoki ularga hal qiluvchi egalik qilishni ko‘paytirish yuzasidan qabul qilingan qaror;
oxirgi benefitsiar mulkdor – yuridik shaxs bo‘lgan, bank aksiyalarining potensial oluvchisiga yoki bu aksiyalarga bevosita yoxud bilvosita egalik qiluvchiga bevosita yoki bilvosita egalik qiladigan yoxud uni nazorat qiladigan jismoniy shaxs;
prudensial nazorat – bank faoliyatining o‘ziga xos tavakkalchiliklarining oldini olish va kamaytirish maqsadida banklar faoliyati ustidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki amalga oshiradigan nazorat;
regulyativ kapital – bank faoliyatini tartibga solish va prudensial normativlar hisob-kitobini amalga oshirish maqsadida hisob-kitob qilish yo‘li bilan aniqlanadigan bank kapitali;
tizimli ahamiyatga molik bank – bank tizimining barqarorligi qaysi bankning faoliyatiga bog‘liq bo‘lsa, o‘sha bank;
chet el banki – chet davlatning hududida ro‘yxatga olingan, uning qonun hujjatlariga muvofiq bank deb hisoblanadigan yuridik shaxs;
hal qiluvchi egalik – shaxs tomonidan yoki birgalikda harakat qiluvchi shaxslar tomonidan yuridik shaxs ustav fondining (ustav kapitalining) bir yoxud bir necha bitim natijasida olingan kamida besh foiziga bevosita yoki bilvosita egalik qilish.
4-modda. Bank faoliyati sohasini tartibga soluvchi davlat organi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) bank faoliyati sohasini tartibga soluvchi va litsenziyalash, tartibga solish hamda prudensial nazorat bo‘yicha vakolatlarni amalga oshiruvchi davlat organidir.
5-modda. Bank operatsiyalari
Banklar tomonidan amalga oshiriladigan moliyaviy operatsiyalar jumlasiga quyidagilar kiradi:
pul mablag‘larini omonatlarga (depozitlarga) jalb etish;
to‘lovlarni amalga oshirish, shu jumladan bank hisobvaraqlarini ochmasdan amalga oshirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlarini, shu jumladan banklarning vakillik hisobvaraqlarini ochish hamda yuritish;
kreditlarni ularning qaytarilishi, foizliligi va muddatliligi sharti bilan o‘z nomidan o‘zining mablag‘lari hamda jalb etilgan mablag‘lar hisobidan berish;
chet el valyutasi bilan naqd va naqdsiz shakllardagi operatsiyalar;
jismoniy yoki yuridik shaxs bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha mol-mulkni ishonchli boshqarish;
inkassatsiya va kassa xizmatlarini ko‘rsatish;
uchinchi shaxslar nomidan ularning majburiyatlari bajarilishini nazarda tutuvchi kafolatlar berish va boshqa majburiyatlarni qabul qilish;
uchinchi shaxslardan pul shaklidagi majburiyatlarning bajarilishini talab qilish huquqini olish (faktoring);
qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, xarid qilish, sotish, ularning hisobini yuritish va ularni saqlash, mijoz bilan tuzilgan shartnomaga binoan qimmatli qog‘ozlarni boshqarish, ular bilan boshqa operatsiyalarni bajarish;
affinlangan qimmatbaho metallar sotib olish va sotish, shu jumladan metallarni mas’ul saqlash hisobvaraqlarini hamda metallarning egasizlantirilgan (jismoniy bo‘lmagan) hisobvaraqlarini yuritish;
qimmatbaho metallardan yasalgan tangalarni sotib olish va sotish;
hosilaviy moliya vositalari (derivativlar) bilan operatsiyalarni amalga oshirish;
hujjatlarni yoki qimmatliklarni saqlash uchun maxsus binolarni yoki ularning ichidagi seyflarni ijaraga berish;
lizing berish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan shakllarda qarzlar berish;
moliyaviy operatsiyalar bilan bog‘liq maslahat xizmatlari ko‘rsatish;
aktivlar majmuini (portfelini) boshqarish;
elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va to‘lash;
bank kartalarini berish va to‘lovlarga ishlov berish, bank kartalariga boshqa tashkilotlar, jumladan boshqa moliya institutlari bilan birgalikda xizmat ko‘rsatish.
Banklar banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa moliyaviy operatsiyalarni ham amalga oshiradi.
Banklar bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyada ko‘rsatilmagan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga haqli emas.
6-modda. Omonat (depozit)
Quyidagi shartlarning barchasiga muvofiq bo‘lgan, qo‘yilgan pul mablag‘lari omonatdir (depozitdir):
mijozning talabiga binoan yoki muddat o‘tganidan keyin foizlar yoxud boshqa daromadlar bilan yoki ularsiz yoxud omonatchi yoki uning vakolatli vakili va pul mablag‘larini qabul qiluvchi bank o‘rtasida, kelishilgan shartlar asosida qaytarilishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari;
subordinar qarzga, egalik qilish huquqlariga yoki xizmatlariga, shu jumladan sug‘urta xizmatlariga taalluqli bo‘lmagan pul mablag‘lari;
pul mablag‘larini qabul qiluvchi bankning tegishli hujjati bilan yozma shaklda tasdiqlangan pul mablag‘lari.
Pul mablag‘larini omonatlarga (depozitlarga) jalb etish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanishga faqat banklar haqli.
7-modda. Banklar uchun taqiqlangan yoki cheklangan faoliyat
Banklar bevosita ishlab chiqarish, savdo, sug‘urta faoliyati hamda banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga haqli emas.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan cheklov quyidagi hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
bank kartalari asosida naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimlarida foydalaniladigan ixtisoslashtirilgan uskunani va unga doir dasturiy ta’minotni sotish yoki ijaraga berishga;
o‘z aktivlarini sotishga;
chek daftarchalarini chiqarish, realizatsiya qilish va tarqatishga;
sug‘urta tashkilotlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari nomidan sug‘urta shartnomasi tuzilishini tashkil etish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirishga;
bank o‘zi muassis bo‘lgan yuridik shaxslarga o‘z mol-mulkini mulkiy ijara (arenda) shartnomasiga muvofiq ijaraga berishga.
Banklarga yuridik shaxslarni tashkil etish va (yoki) yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) ulushlarni yoki aksiyalarni olish taqiqlanadi, bundan quyidagilar mustasno:
kredit, sug‘urta va lizing operatsiyalarini professional asosda amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
moliya bozori infratuzilmasining bir qismi bo‘lgan yoki banklarga axborot va maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar;
qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
bankning kafolati ostida qimmatli qog‘ozlarni chiqarish va joylashtirish maqsadida mazkur bankning xorijda tashkil etiladigan sho‘’ba tashkilotlari;
faqat inkassatsiya faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar;
bank operatsiyalari bo‘yicha hisob-kitoblar, shu jumladan bank kartalari bilan operatsiyalarga doir hisob-kitoblar ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar;
fond va valyuta birjalari;
kredit byurolari;
qimmatli qog‘ozlarning ikkilamchi bozoriga joylashtirilgan aksiyalarning yigirma foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda fond birjasi listingiga kiritilgan aksiyadorlik jamiyatlari.
Ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq bank tomonidan bir yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini olish bankning birinchi darajali regulyativ kapitalining o‘n besh foizidan oshmasligi kerak. Ushbu cheklov bank tomonidan mazkur yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga yoki aksiyalariga egalik qilishga, shu jumladan mazkur yuridik shaxslarning tashkil etilishi hollariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Banklar tomonidan qimmatli qog‘ozlar bilan bitimlarni amalga oshirish, yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini yoki aksiyalarini sotib olish yig‘indisi bankning birinchi darajali regulyativ kapitalining ellik foizidan oshmasligi kerak.
Agar bank tomonidan yuridik shaxslar ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga yoki aksiyalariga egalik qilish ushbu moddaning to‘rtinchi va beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan miqdordan ortiq bo‘lsa, ushbu ortgan qismni bank bir yil ichida sotishi shart.
Bankka ushbu bank ustav kapitalining bir yoki undan ortiq foiziga egalik qiluvchi yuridik shaxsning ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etish taqiqlanadi.
Ushbu moddaning talablari banklar tomonidan boshqa bankning aksiyalarini yoki o‘zga bank saqlovchisi bo‘lgan boshqa qimmatli qog‘ozlarni yoxud o‘zga bankka tegishli yuridik shaxslar ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarni yoki aksiyalarni ular tomonidan qo‘shib yuborish yoki qo‘shib olish shaklida qayta tashkil etish amalga oshirilayotganda olish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
8-modda. Banklarning mustaqilligi
Banklar moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishda mustaqildir.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga banklar faoliyatiga, shu jumladan banklarning kredit portfelini va aktivlarini shakllantirish bilan bog‘liq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarishga, banklarning rahbar xodimlarini tayinlashga aralashish, shuningdek bankning mablag‘lari hisobidan turli xil to‘lovlar va badallar talab qilish taqiqlanadi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
9-modda. Davlat va banklar majburiyatlarining chegaralab qo‘yilishi
Banklar davlatning majburiyatlari bo‘yicha, davlat esa banklarning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, bundan banklarning yoki davlatning o‘zi bunday majburiyatlarni zimmasiga olish hollari mustasno.
10-modda. Banklarning uyushmalari
Banklar, agar qonun hujjatlarining talablariga zid kelmasa, o‘zining umumiy manfaatlarini himoya qilish hamda birgalikdagi dasturlarni amalga oshirish maqsadida uyushmalar va boshqa birlashmalar tuzishi mumkin.
Banklarning uyushmalari axborot almashish va bank faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa masalalarni birgalikda hal qilishga doir tashkilotlarni tashkil etishi mumkin.
Banklarning uyushmalari vakolatli davlat organi tomonidan ro‘yxatga olinganidan yoki tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan keyin Markaziy bankni bu haqda o‘n kunlik muddatda xabardor etadi.
11-modda. Bankning nomi
«Bank» atamasidan yoki mazkur atama qo‘shib yasalgan so‘z birikmalaridan faqat bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan firma nomida yoxud tovar belgisida (xizmat ko‘rsatish belgisida) foydalaniladi.
Bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar «bank» atamasini o‘zining firma nomiga qo‘shishi shart.
12-modda. Bankning muassislari
Yuridik va jismoniy shaxs bo‘lgan rezidentlar, shuningdek norezidentlar bank muassislari bo‘lishi mumkin.
Davlat O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari asosida boshqa davlat tashkilotlari nomidan bank muassisi va aksiyadori bo‘lishi mumkin. Ustav fondining (ustav kapitalining) ellik foizdan ortig‘i davlatga tegishli bo‘lgan korxonalar va tashkilotlar, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, bank muassislari va aksiyadorlari bo‘lishi mumkin emas.
13-modda. Bankning ustav kapitali
Bank ustav kapitalining eng kam miqdori yuz milliard so‘mni tashkil etishi lozim.
Bankning ustav kapitali O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida shakllantiriladi hamda bank muassislari va aksiyadorlari kiritgan pul mablag‘laridan yoki davlatning qimmatli qog‘ozlaridan tashkil topadi, bundan quyidagi hollar mustasno:
bank aksiyalarini bankning kreditorlari orasida joylashtirish va bankning kreditorlar oldidagi pul majburiyatlari bo‘yicha har qanday huquqlarini (talablarini) hisobga olish yo‘li bilan ularning haqini to‘lash;
qimmatli qog‘ozlarni bank aksiyalariga ayirboshlash;
bankning joylashtirilgan bir turdagi aksiyalarini ushbu bankning boshqa turdagi aksiyalariga almashtirish.
Bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun kreditga, garovga olingan mablag‘lardan, shuningdek majburiyat yuklatilgan boshqa mablag‘lardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bank ustav kapitalining eng kam miqdori bank muassislari tomonidan bankni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza taqdim etiladigan paytgacha kiritilishi kerak. Ustav kapitaliga kiritiladigan mablag‘lar bankda ochilgan jamg‘arma hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Tizimli moliyaviy inqiroz holatida bank aksiyalari davlat qimmatli qog‘ozlari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan sotib olinishi mumkin.
14-modda. Bankning ustavi va ichki nizomlari
Bank o‘z ustavi asosida faoliyat ko‘rsatadi.
Bank ustavida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
bankning to‘liq va qisqartirilgan firma nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) hamda elektron pochta manzili;
ustav kapitalining miqdori;
ustav kapitalini ko‘paytirish va kamaytirish tartibi;
chiqarilayotgan aksiyalarning turlari va soni, aksiyalar turlarining nisbati;
sof foydani taqsimlash, shuningdek zararlarning o‘rnini qoplash tartibi;
zaxira fondini va boshqa fondlarni tashkil etish tartibi;
bank aksiyadorlarining huquqlari va majburiyatlari, shu jumladan ushbu Qonun talablariga muvofiqlikni ta’minlash uchun bank tomonidan so‘rab olinadigan axborotni taqdim etish majburiyatlari;
bankning boshqaruv organlari tuzilmasi, ularni tashkil etish tartibi, bank kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolarining soni, vakolatlari va vazifalari haqidagi ma’lumotlar;
aksiyadorlar (muassislar) o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish choralari;
bank tomonidan aksiyalarni joylashtirish tartibi va shartlari;
bankni qayta tashkil etish va tugatish tartibi.
Bankning ustavida ushbu moddada belgilangan talablardan tashqari aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ma’lumotlar ham bo‘lishi kerak.
Bankning ustavi, unga kiritiladigan o‘zgartish va qo‘shimchalar Markaziy bankda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Bankning ichki qoidalari, shuningdek ularga kiritiladigan keyingi o‘zgartish hamda qo‘shimchalar banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilishi hamda Markaziy bankka taqdim etilishi kerak.
2-bob. Bank faoliyatiga ruxsat berishga doir eng zarur shartlar
15-modda. Bankni tashkil etish
Banklar aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi.
Banklar Markaziy bankda davlat ro‘yxatiga olingan paytdan e’tiboran yuridik shaxs maqomini oladi.
Banklar O‘zbekiston Respublikasida o‘z faoliyatini Markaziy bank tomonidan beriladigan, bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) asosida amalga oshiradi.
Litsenziya uning amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi.
Litsenziyani yoki unga doir huquqlarni boshqa shaxslarga o‘tkazish taqiqlanadi.
Litsenziyasiz amalga oshiriladigan bank faoliyati g‘ayriqonuniy deb hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday faoliyat natijasida olingan daromad O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga olib qo‘yiladi.
Banklarni litsenziyalash tartib-taomili quyidagi ikki bosqichdan iborat:
Markaziy bank tomonidan bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish;
bir vaqtning o‘zida litsenziya bergan holda bankni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish.
Amalga oshirilishi uchun qonun hujjatlariga muvofiq alohida litsenziyalar yoki ruxsatnomalar olinishi talab etiladigan faoliyat banklar tomonidan tegishli hujjatlar olinganidan keyin amalga oshiriladi.
16-modda. Bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish
Bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun muassislar tomonidan bank tashkil etish bo‘yicha o‘z manfaatlarini Markaziy bankda ifoda etishga vakil qilingan shaxs (bundan buyon matnda ariza beruvchi deb yuritiladi) ta’sis shartnomasi imzolaganidan keyin uch oydan kechiktirmay Markaziy bankka quyidagilarni ilova qilgan holda ariza taqdim etadi:
ta’sis shartnomasini;
ikki nusxadagi bank ustavini;
ta’sis yig‘ilishining bayonnomasini;
muassislar ro‘yxatini;
hal qiluvchi egalikka ega bo‘lgan bevosita va bilvosita muassislar, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlar to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek ushbu Qonunning 24-moddasiga muvofiq baholashni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan axborotni;
hal qiluvchi egalikka ega bo‘lgan shaxslar mavjud bo‘lmagan taqdirda, bankning ustav kapitalida eng ko‘p ulushlarga ega bo‘lgan, umumiy ulushi kamida ellik foizni tashkil etadigan bevosita va bilvosita muassislar, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlar to‘g‘risidagi axborotni, shu jumladan ushbu Qonunning 24-moddasiga muvofiq baholashni o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan axborotni;
muassis bo‘lgan yuridik shaxsning auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangan oxirgi uch yil uchun moliyaviy hisobotlarini;
bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun kiritilgan mablag‘larning manbalari to‘g‘risidagi hujjatlar bilan tasdiqlangan axborotni;
bankning kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari to‘g‘risidagi, bu a’zolarning ushbu Qonunning 36-moddasi talablariga muvofiqligini baholash uchun zarur bo‘lgan axborotni;
bankning tashkiliy tuzilmasini;
bankning ichki audit xizmati to‘g‘risidagi nizom loyihasini;
bankning keyingi uch yilga mo‘ljallangan biznes-rejasini;
keyinchalik bankning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanishi lozim bo‘lgan, bankning kredit, investitsiya va emissiya siyosatining loyihalarining, shuningdek tavakkalchiliklarni boshqarish va ichki nazorat siyosati loyihalarining ko‘chirma nusxalarini;
arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni.
Bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqqanlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Ariza beruvchi bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish to‘g‘risidagi arizada elektron pochta manzilini ko‘rsatishga haqli. Elektron pochta manzilining ko‘rsatilishi ariza yuzasidan qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi xabarnomani olishga yoki axborot‑kommunikatsiya tizimi orqali elektron shaklda qo‘shimcha axborotni so‘rab olinishiga bo‘lgan rozilikdir.
Taqdim etilgan hujjatlarda Markaziy bank tomonidan kamchiliklar aniqlangan va (yoki) ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar ariza beruvchi tomonidan to‘liq hajmda taqdim etilmagan taqdirda, Markaziy bank ariza beruvchiga bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklar va (yoki) taqdim etilishi zarur bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati ko‘rsatilgan holdagi xabarnomani ariza taqdim etilgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida yuboradi.
Bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish to‘g‘risidagi ariza bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kundan e’tiboran uch oy ichida Markaziy bank tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. Mazkur muddat ushbu moddaning oltinchi qismida ko‘rsatilgan hollarda to‘rt oygacha uzaytirilishi mumkin.
Agar ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar va axborot bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun yetarli bo‘lmasa, Markaziy bank ariza beruvchidan qo‘shimcha hujjatlar va axborot so‘rashga haqlidir.
Ariza beruvchi Markaziy bank so‘ragan hujjatlar va axborotni so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘ttiz kalendar kundan oshmagan muddatda ushbu moddaning oltinchi qismiga muvofiq taqdim etishi kerak, ushbu muddat mobaynida bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish to‘g‘risidagi ariza ko‘rib chiqiladigan uch oylik davr to‘xtatib turiladi.
Markaziy bank ariza beruvchini qabul qilingan qaror to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran uch ish kuni ichida yozma shaklda, shu jumladan axborot-kommunikatsiya tizimi orqali elektron shaklda xabardor qiladi.
Bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnoma olingan kundan e’tiboran olti oydan oshmagan muddat ichida yuridik kuchini saqlab turadi.
Bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnoma quyidagi hollarda amal qilish muddati tugashidan oldin bekor qilinadi:
dastlabki ruxsatnoma soxta hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda;
ilgari baholashdan o‘tgan va ushbu Qonunning 24-moddasi talablariga javob bergan muassislar, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlar endilikda ushbu modda talablariga muvofiq bo‘lmaganda;
ilgari baholashdan o‘tgan va ushbu Qonunning 36-moddasi talablariga javob bergan bank kuzatuv kengashi va (yoki) boshqaruvi a’zolari endilikda ushbu modda talablariga muvofiq bo‘lmaganda, shuningdek bank kuzatuv kengashi va (yoki) boshqaruvining yangi tayinlangan a’zolari to‘g‘risida axborot taqdim etilmaganda;
taqdim etilgan biznes-rejaga tarkibiy o‘zgartishlar kiritilganda;
bankni xavfsiz va barqaror boshqarishni ta’minlab bo‘lmasligini ko‘rsatuvchi faktlar aniqlanganda.
17-modda. Chet ellik muassislarga nisbatan ular tomonidan bankni tashkil etish yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etish chog‘ida qo‘yiladigan qo‘shimcha talablar
Bankni tashkil etishda yoki bankning ustav kapitalida chet el banki ishtirok etganda ushbu Qonunning 16-moddasida ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagi hujjatlar qo‘shimcha ravishda taqdim etiladi:
chet el banki vakolatli organining bankni tashkil etish yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etish to‘g‘risidagi qarori;
chet el bankining ustavi;
chet el banki bankni nazorat qilish organining mazkur chet el banki uning konsolidatsiyalashgan nazorati ostida turishi, pul mablag‘larini depozitlarga qabul qilish huquqiga ega ekanligi va unga bankni nazorat qilish organining bankni tashkil etish yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etish uchun ruxsatnomasi berilganligi to‘g‘risidagi yozma tasdiqnomasi yoxud shunday ruxsatnoma talab etilmasligi to‘g‘risidagi tasdiqnomasi;
chet el banki kapitalining va kredit reytingining Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat.
Markaziy bank yuqori kapital va kredit reytingi ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan xalqaro moliya institutlari, chet el banklari hamda boshqa kredit tashkilotlari tomonidan bank tashkil etayotganda yoki bankning ustav kapitalida ishtirok etayotganda dastlabki ruxsatnomani olishning alohida tartibini belgilashga haqli.
Norezident bo‘lgan jismoniy shaxslarning va xalqaro moliya institutlari, chet el banklari va boshqa kredit tashkilotlari bo‘lmagan yuridik shaxslarning jami ulushi bank ustav kapitalining ellik foizidan oshmasligi kerak.
Markaziy bank xalqaro moliya institutlari, chet el banklari va boshqa kredit tashkilotlari bo‘lmagan, bank muassislari bo‘lgan norezidentlarning kapitaliga hamda kredit reytingiga nisbatan, shuningdek norezidentlar joylashgan davlatning reytingiga nisbatan eng zarur talablarni belgilashga haqli.
Qaysi norezidentlarning ishtirokchilari (aksiyadorlari) hamda oxirgi benefitsiar mulkdorlari imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va (yoki) oxirgi benefitsiar mulkdorning shaxsini oshkor etishni hamda moliyaviy operatsiyalarni o‘tkazish chog‘ida axborot taqdim etishni nazarda tutmaydigan davlatda yoki hududda ro‘yxatga olingan bo‘lsa, o‘sha norezidentlar bank muassislari va aksiyadorlari bo‘lishi mumkin emas.
Bank tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqishda Markaziy bank:
Markaziy bank bilan chet el banki bo‘lgan muassisning bankni nazorat qilish organi o‘rtasida axborot ayirboshlash to‘g‘risidagi kelishuv mavjudligini;
norezident joylashgan mamlakat vakolatli organlarining axborotini va fikrlarini inobatga oladi.
Ushbu Qonunning 16-moddasida va ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar muassis bo‘lgan bank ro‘yxatga olingan yerda joylashgan O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi yoki boshqa konsullik muassasalari tomonidan tasdiqlanadi.
18-modda. Litsenziyalashdan oldin boshqa organlar bilan maslahatlashish
Markaziy bank litsenziyalashdan oldingi tartib-taomillar doirasida vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan maslahatlashishga haqlidir.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari Markaziy bank tomonidan so‘ralgan, tegishli qarorni qabul qilish uchun zarur bo‘lgan axborotni taqdim etishi kerak.
Markaziy bank chet davlatlarning vakolatli organlariga zarur axborotni taqdim etish to‘g‘risida so‘rovnomalar yuborishga haqli.
19-modda. Bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish
Bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
ushbu Qonun 16 va 17-moddalarida ko‘rsatilgan taqdim etilgan hujjatlarning banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq emasligi;
baholanishi ushbu Qonunning 24-moddasiga muvofiq amalga oshirilgan muassislarning, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlarning mazkur modda talablariga muvofiq emasligi;
bankning biznes-rejada ko‘rsatilgan maqsadlarga erishishga qodir emasligi;
tashkil etiladigan bank bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan bir yoki bir necha shaxsning faoliyatini tartibga soluvchi boshqa mamlakat qonunlarida yoki normativ hujjatlarida ushbu shaxslarga nisbatan boshqa mamlakat vakolatli organlarining talablari mavjudligi yoxud ular tomonidan qo‘llanilgan, Markaziy bankning nazorat qilish vazifasini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiluvchi taqiqlar hamda cheklovlar qo‘llanilganligi yoki O‘zbekiston Respublikasining banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etish borasida boshqa moneliklarning mavjudligi;
ushbu Qonun 16-moddasining oltinchi qismiga muvofiq Markaziy bank tomonidan so‘ralgan qo‘shimcha hujjatlarning va axborotning taqdim etilmaganligi.
Yaqin aloqalar deganda ikki yoki bir necha shaxs quyidagilar vositasida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan holat tushuniladi:
yuridik shaxs ovoz berish huquqlarining yoki ustav fondining (ustav kapitalining) kamida yigirma foiziga bevosita egalik qilishni yoki nazoratni qo‘lga kiritish;
nazorat qilish;
ikki shaxs yoki barcha shaxslar o‘rtasida yoki shu shaxslar va uchinchi shaxs o‘rtasida o‘rnatilgan doimiy nazoratning mavjudligi.
Nazorat deganda shaxslar o‘rtasidagi quyidagi mezonlardan biriga mos keluvchi o‘zaro aloqa tushuniladi:
shaxs tomonidan boshqa yuridik shaxsning ustav fondida (ustav kapitalida) ustunlik qiladigan ulushlarga egalik qilish;
yuridik shaxsning ishtirokchisi (aksiyadori) bo‘lgan shaxsning shu yuridik shaxs boshqaruv organlarining ko‘pchilik a’zolarini tayinlash yoki almashtirish huquqi;
shaxsning yuridik shaxs faoliyatiga, u bilan tuzilgan shartnomaga va (yoki) uning ustavi qoidalariga muvofiq ta’sir ko‘rsatish imkoniyati;
yuridik shaxsning ishtirokchisi (aksiyadori) bo‘lgan shaxsning shu yuridik shaxs boshqaruv organlarining ovoz berish huquqini amalga oshirishi natijasida o‘zi tayinlagan a’zolariga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati. Ushbu mezon, agar nazorat ushbu qismning ikkinchi – to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan mezonlardan biriga muvofiq bo‘lsa, qo‘llanilmaydi;
yuridik shaxsning ishtirokchisi (aksiyadori) bo‘lgan shaxsning o‘zining boshqa ishtirokchilari (aksiyadorlari) yoki a’zolari bilan kelishuvga binoan mazkur yuridik shaxsning ustav fondida (ustav kapitalida) ustunlik qiladigan ulushlarni boshqarish imkoniyati.
Markaziy bankning asoslantirilgan mulohazasi bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish uchun asos bo‘ladi.
Dastlabki ruxsatnomani berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma ariza beruvchiga ushbu Qonun 16-moddasining sakkizinchi qismida nazarda tutilgan muddatlarda va shakllarda, rad etish sabablari ko‘rsatilgan holda yuboriladi.
Rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf qilinganligi inobatga olingan holda taqdim etilgan ariza va hujjatlar yangidan berilgan deb hisoblanadi.
20-modda. Bankni davlat ro‘yxatiga olish va litsenziya berish
Bankni davlat ro‘yxatiga olish va litsenziya olish uchun ariza beruvchi bankni tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnoma olinganidan keyin olti oydan kechiktirmay Markaziy bankka quyidagilarni taqdim etishi kerak:
bankni davlat ro‘yxatiga olish va litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza;
ushbu Qonun bilan belgilangan eng kam miqdordan kam bo‘lmagan summada bankning ustav kapitali shakllantirilganligini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek muassislarning ro‘yxati;
bankning muhim ahamiyatga ega xodimlari to‘g‘risida ularning ushbu Qonunning 36-moddasi talablariga muvofiqligini baholashdan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan axborot;
tashkil etilayotgan bank joylashgan yerdagi Markaziy bank hududiy bosh boshqarmasining bank binolari, ularning muhofaza qilinishi ta’minlanganligi, uskunalar, ishlarni tashkil etish texnika vositalari bilan jihozlanganligining va dasturiy ta’minotining Markaziy bank talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi;
ushbu Qonunning 16 va 17-moddalarida sanab o‘tilgan barcha hujjatlarning elektron shakldagi ko‘chirma nusxalari.
Basharti bankning faoliyati xavfsiz tarzda amalga oshirilishi ta’minlansa hamda omonatchilar va kreditorlarning manfaatlari himoya qilinishini, shuningdek bank tizimi lozim darajada ishlashini kafolatlovchi korporativ boshqaruv talablariga rioya etilsa, Markaziy bank bankni davlat ro‘yxatiga olish hamda litsenziya berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Bankni davlat ro‘yxatiga olish va litsenziya berish haqidagi qaror ariza barcha zarur hujjatlar bilan olingan kundan e’tiboran bir oydan oshmagan muddatda qabul qilinadi.
Markaziy bank tegishli qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran uch ish kuni ichida ariza beruvchini qabul qilingan qaror haqida yozma shaklda, shu jumladan axborot-kommunikatsiya tizimi orqali elektron shaklda xabardor qiladi.
Litsenziya berilganligi uchun bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.
Bankning davlat ro‘yxatiga olinganligi va unga litsenziya berilganligi to‘g‘risidagi axborot Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Litsenziyaning qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlangan taqdirda litsenziya Markaziy bank tomonidan chaqirib olinadi.
21-modda. Bankni davlat ro‘yxatiga olishni va litsenziya berishni rad etish
Bankni davlat ro‘yxatiga olishni va litsenziya berishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
Bankning shakllantirilgan ustav kapitali miqdorining bankni davlat ro‘yxatiga olish va litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani topshirish paytida ushbu Qonun talablariga muvofiq emasligi;
ilgari baholashdan o‘tgan va ushbu Qonunning 24-moddasi talablariga javob bergan muassislarning, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlarning endilikda ushbu modda talablariga muvofiq emasligi;
muhim ahamiyatga ega xodimlarning Markaziy bankning malaka talablariga muvofiq emasligi;
bankning binolari, ularning muhofaza qilinishi ta’minlanganligi, uskunalar va ishlarni tashkil etish texnika vositalari bilan jihozlanganligining va dasturiy ta’minotining Markaziy bank talablariga muvofiq emasligi.
Bankni davlat ro‘yxatiga olish va litsenziya berish rad etilganligi to‘g‘risidagi xabarnoma ariza beruvchiga ushbu Qonun 20-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan muddatda va shakllarda, rad etish sabablari hamda ariza beruvchi ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etib, takroran ko‘rib chiqish uchun hujjatlarni taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatilgan holda yuboriladi.
Bankni ro‘yxatga olish va litsenziya berish rad etilganligi to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan vaqtga mutanosib bo‘lishi kerak hamda ikki oydan kam bo‘lishi mumkin emas.
Ariza beruvchi tomonidan bankni davlat ro‘yxatiga olishni va litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish ariza barcha zarur hujjatlar bilan olingan kundan e’tiboran bir oydan oshmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bankni davlat ro‘yxatiga olish va litsenziya berish to‘g‘risidagi arizani qayta ko‘rib chiqish chog‘ida bankni davlat ro‘yxatiga olishni va litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada ilgari ko‘rsatilmagan yangi asoslar bo‘yicha rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bankni davlat ro‘yxatiga olishni va unga litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tganidan keyin berilgan bankni davlat ro‘yxatiga olish va litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza yangidan berilgan deb hisoblanadi.
22-modda. Bank aksiyalariga egalik qilishga doir ruxsatnoma va cheklov
Jismoniy va yuridik shaxslar yoki birgalikda harakat qiluvchi shaxslar, shu jumladan norezidentlar bir yoki bir necha bitim natijasida bankning ustav kapitalidagi:
besh va undan ko‘proq foizni, lekin ko‘pi bilan yigirma foizni;
yigirma va undan ko‘proq foizni, lekin ko‘pi bilan ellik foizni;
ellik va undan ko‘proq foizni tashkil etadigan ulushni bevosita yoki bilvosita olishdan oldin Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan bank ustav kapitalidagi ulushlar Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olgan shaxslar tomonidan o‘zgartirilgan taqdirda, ushbu Qonunning 26-moddasida ko‘rsatilgan tartibda xabardor qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Quyidagilar birgalikda harakat qiluvchi shaxslar hisoblanadi:
1) bank aksiyalarini muvofiqlashtirilgan (kelishilgan) tarzda sotib olishni yoki shaxslarning bank aksiyalarini birgalikda sotib olish niyatida ekanligini ko‘rsatuvchi shartlar asosida bank aksiyalarini sotib olgan shaxslar;
2) jalb etilgan shaxslar:
a) boshqa shaxs ustidan nazoratni amalga oshiruvchi yoki boshqa shaxsning nazorati ostidagi yoxud uchinchi shaxsning birgalikdagi nazorati ostidagi shaxslar;
b) ovoz berish huquqini olish uchun yoki ovoz berish huquqini birgalikda amalga oshirish uchun bitimlarda bevosita yoki bilvosita ishtirok etuvchi shaxslar, agar bitimning predmeti bo‘lgan ulushlar (aksiyalar) ularga nazoratni ta’minlasa;
v) yuridik shaxsga nisbatan rahbarlik vakolatiga yoki nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar;
g) yuridik shaxs boshqaruv organlari a’zolarining ko‘pchiligini tayinlash vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar;
d) yaqin qarindoshlar (qarindoshlik yoki qayin-bo‘yinchilik munosabatidagi shaxslar, ya’ni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar, opa-singillar, er-xotin, farzandlar, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobolar, buvilar, nevaralar, er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan yoki o‘gay aka-ukalari, opa-singillari, shuningdek ularning nazorati ostidagi yuridik shaxslar);
3) nazoratni amalga oshiruvchi yuridik shaxs va uning nazorati ostidagi yuridik shaxslar, shuningdek bitta nazorat qiluvchi yuridik shaxsning nazorati ostidagi yuridik shaxslar o‘zaro;
4) yuridik shaxs o‘z boshqaruv organi a’zolari va jalb etilgan shaxslari bilan birga, shuningdek ushbu shaxslar o‘zaro;
5) o‘zining moliya-xo‘jalik faoliyatida ayni bir shaxs tomonidan taqdim etilgan yoki jalb etilgan shaxslar hisoblanuvchi turli shaxslardan kelib tushayotgan moliyaviy resurslardan foydalanuvchi shaxslar;
6) o‘z iqtisodiy faoliyatidan olingan nafni ayni bir shaxsga yoki jalb etilgan shaxslar bo‘lgan turli shaxslarga o‘tkazuvchi shaxslar;
7) asosan ishtirokchilarning (aksiyadorlarning) yoki boshqaruv organlarining bir xil tarkibiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar;
8) bitta emitent yoki jalb etilgan shaxslar tomonidan chiqarilgan moliyaviy vositalarni sotib olish va (yoki) sotish orqali aynan o‘xshash investitsiya siyosatini qabul qilgan yoki amalga oshirayotgan shaxslar;
9) bank tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar beradigan huquqlarni o‘xshash holda amalga oshirish orqali bankka nisbatan birgalikdagi uzoq muddatli siyosatni olib boruvchi shaxslar;
10) jalb etilgan shaxs (jalb etilgan shaxslar) bo‘lgan ayni bir shaxsni (ayni o‘sha shaxslarni) moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish, manfaatlarni ifodalash yoki o‘z egaligida bo‘lgan ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlar yoki aksiyalar beradigan ovoz berish huquqlarini amalga oshirish uchun vakolatli vakil (vakolatli vakillar) sifatida tayinlagan yoki tayinlaydigan shaxslar;
11) bank bilan bog‘liq bo‘lgan operatsiyalarni o‘tkazish maqsadida har qanday tashkiliy-huquqiy shaklga birlashgan shaxslar;
12) bir vaqtning o‘zida bir yoki bir necha yuridik shaxsning ustav fondida (ustav kapitalida) aksiyalarga yoki ulushlarga ega bo‘lgan yoki egalik qiluvchi, ularning ustidan nazoratni amalga oshiruvchi va ularga nisbatan birgalikda siyosatni amalga oshiruvchi shaxslar;
13) birgalikda moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirgan yoki amalga oshirayotgan shaxslar;
14) Markaziy bank tomonidan asosli mulohaza asosida belgilangan boshqa shaxslar.
Banklar boshqa bankning aksiyalarini bevosita yoki bilvosita olishdan oldin Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi shart. Banklar boshqa bankning ustav kapitalidagi ulushini ko‘paytirish uchun Markaziy bankning takroriy dastlabki ruxsatnomasini olishi shart.
Imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va (yoki) oxirgi benefitsiar mulkdorning shaxsini oshkor etishni hamda moliyaviy operatsiyalarni o‘tkazishda axborot taqdim etishni nazarda tutmaydigan davlatda va hududda yashaydigan norezident bo‘lgan jismoniy shaxslar hamda shunday davlatda ro‘yxatga olingan yuridik shaxslar, aksiyadorlar (ishtirokchilar), oxirgi benefitsiar mulkdorlar bank aksiyalarining bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchilari bo‘lishi mumkin emas.
Agar bankning aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish talab etilsa, bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun berilgan ariza Markaziy bank tomonidan monopoliyaga qarshi organning qarorini hisobga olgan holda ko‘rib chiqiladi.
Ushbu moddaning birinchi va to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilgan bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomasiz tuzilgan bank aksiyalarini olishga oid bitimlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Bank aksiyalari ushbu moddaning birinchi va to‘rtinchi qismlarida belgilangan talablar buzilgan holda olingan taqdirda, aksiyalarning egasi bunday bitim tuzilgan kundan e’tiboran aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ovoz berishga, aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirishni va o‘tkazishni talab qilishga, kun tartibiga masalalar kiritishga, bank kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatishga, shuningdek bank foydasining bir qismini dividendlar tarzida olishga haqli emas.
Shaxs o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda bankning aksiyalarini ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hajmda olganda Markaziy bank ruxsatnomasini olish talab qilinadi. Shaxs o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda bankning aksiyalarini olgan kundan e’tiboran Markaziy bank tomonidan tegishli qaror qabul qilinadigan kunga qadar aksiyalar egasining huquqlari to‘xtatib turiladi.
Aksiyador o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda bank aksiyalarini olgan kundan e’tiboran oltmish kun ichida Markaziy bankning ruxsatnomasini olish uchun ariza taqdim etishi kerak. Aksiyador tomonidan ariza taqdim etilmagan taqdirda, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda olingan bank aksiyalari olingan kundan e’tiboran uch oy ichida boshqa shaxsga berilishi lozim.
23-modda. Bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani berish
Potensial oluvchi bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun Markaziy bank tomonidan belgilangan hujjatlar ilova qilingan holdagi arizani Markaziy bankka taqdim etadi. Markaziy bank ariza olingan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida potensial oluvchiga ariza olinganligi to‘g‘risida tasdiqnoma yuboradi.
Birgalikda harakat qilayotgan, mo‘ljallanilayotgan sotib olish munosabati bilan bank aksiyalarini bevosita yoki bilvosita, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdor sifatida olishni niyat qilgan shaxs yoki shaxslar guruhi potensial oluvchidir.
Markaziy bank potensial sotib oluvchini ariza olinganligi to‘g‘risida tasdiqnoma yuborilgan kundan e’tiboran ikki oy ichida ushbu Qonunning 24-moddasiga muvofiq baholashni amalga oshiradi.
Potensial oluvchi hujjatlarni to‘liq hajmda taqdim etmagan taqdirda, baholash davri Markaziy bank tomonidan barcha tegishli hujjatlar olingan kundan e’tiboran boshlanadi.
Potensial sotib oluvchining ushbu Qonunning 24-moddasida ko‘rsatilgan mezonlardan birontasiga muvofiq emasligini tasdiqlovchi hujjatlar va (yoki) axborot mavjud bo‘lgan taqdirda, Markaziy bank bankning aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni baholashni o‘tkazmasdan rad etishga haqli.
Markaziy bank baholash o‘tkazilayotgan davrda potensial oluvchiga baholashni tamomlash uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha hujjatlarni va axborotni taqdim etishi to‘g‘risida so‘rovnoma yuborishga haqli.
Potensial oluvchi Markaziy bankning so‘rovnomasiga binoan qo‘shimcha hujjatlar va axborotni so‘rovnoma olingan kundan e’tiboran yigirma ish kunidan oshmagan muddatda taqdim etishi kerak, shu vaqt mobaynida baholash davri to‘xtatib turiladi. Potensial oluvchi chet elda joylashgan yoki unga nisbatan boshqa davlatning qonunlari tatbiq etilgan taqdirda, Markaziy bank qo‘shimcha axborot taqdim etish davrini o‘ttiz ish kunigacha uzaytirishga haqli. Taqdim etilgan axborotni aniqlashtirish maqsadida Markaziy bank tomonidan potensial oluvchiga yuboriladigan keyingi so‘rovnomalar baholash davrining to‘xtatib turilishiga olib kelmasligi kerak.
Potensial oluvchi tomonidan ushbu moddaning yettinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlarga rioya etilmagan taqdirda, Markaziy bank bankning aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani berishni rad etishga haqlidir.
Markaziy bank potensial oluvchining so‘rovnomasi asosida bankning aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun berilgan arizani ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan asoslangan qarorni o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qiladi. Markaziy bank mazkur axborotni potensial oluvchining so‘rovnomasi bo‘lmasa ham e’lon qilishga haqli.
Bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnoma olingan kundan e’tiboran olti oy mobaynida yuridik kuchini saqlab qoladi.
Bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani bekor qilish banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
24-modda. Potensial oluvchini baholash
Bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun berilgan arizani ko‘rib chiqish chog‘ida Markaziy bank:
potensial oluvchining ishchanlik obro‘sini;
mo‘ljallanayotgan olish amalga oshirilganidan keyin tayinlanishi nazarda tutilayotgan bankning kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolarining, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlarining ishchanlik obro‘si, bilimi, malakasi va tajribasini;
potensial oluvchining moliyaviy salohiyatini, xususan aksiyalarini olish mo‘ljallanilayotgan bank faoliyatining ko‘lami va ixtisoslashuvi jihatidan salohiyatini;
mo‘ljallanilayotgan olish amalga oshirilganidan keyin bankning banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan prudensial talablarni bajara olish imkoniyatini;
mo‘ljallanilayotgan olish borasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolining tarqatilishini moliyalashtirishga doir amalga oshirilgan yoki amalga oshirilayotgan urinishlar mavjudligi haqidagi shubhalar, shuningdek mo‘ljallanilayotgan olish amalga oshirilganidan keyin shunday tavakkalchilikning ortishi to‘g‘risidagi taxmin mavjud emasligini;
potensial oluvchi faoliyatining bank faoliyati bilan uyg‘unlashuvi ehtimolini va buning bank faoliyatining rivojlanishiga ta’sirini;
potensial oluvchi korporativ boshqaruvi tashkiliy tuzilmasining va unga aloqador bo‘lgan shaxslarning bankni tartibga solishga hamda uning ustidan nazorat qilishga doir ta’sirini baholaydi.
Boshqa shaxsga aloqador shaxslar quyidagilardan iborat:
yuridik shaxs boshqaruvi organlarining a’zolari, shuningdek bankning muhim ahamiyatga ega xodimlari;
bevosita yoki bilvosita, yakka tartibda yoki shaxslar guruhi tarkibida birgalikda faoliyat ko‘rsatuvchi, bankda hal qiluvchi egalikka ega bo‘lgan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorlar. Agar mazkur jismoniy shaxslarning yaqin qarindoshlari bankning ustav kapitalidagi ulushlarga egalik qilsa yoki egalikni nazorat qilsa, uning miqdoridan qat’i nazar, ushbu ulush mazkur shaxsning egaligida va nazorati ostida turgan deb hisoblanadi;
boshqa shaxs ustidan nazoratni amalga oshirayotgan yoki boshqa shaxsning nazorati ostidagi yoxud uchinchi shaxsning birgalikdagi nazorati ostidagi shaxslar;
bank ustidan nazoratni amalga oshirayotgan shaxslar o‘zida hal qiluvchi egalikka ega bo‘lgan yuridik shaxslar;
ushbu qismning ikkinchi – beshinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan shaxslarga aloqador shaxslar, shu jumladan jismoniy shaxsning yaqin qarindoshlari, shuningdek jismoniy shaxslar va (yoki) ularning yaqin qarindoshlari o‘zida nazoratni amalga oshirayotgan yoki ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ulushlarga egalik qilayotgan yoki boshqaruv organining a’zolari bo‘lgan yuridik shaxslar;
ushbu qismning ikkinchi – oltinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bank bilan qaysi shaxslar orqali bitim amalga oshiriladigan bo‘lsa, o‘sha shaxslar va mazkur shaxslar o‘rtasida qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga oid fuqaroviy yoki boshqa munosabatlar mavjudligi tufayli mazkur bitimda ushbu qismning ikkinchi – oltinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan shaxslarning ta’siri ostida deb hisoblanadigan shaxslar;
asoslantirilgan mulohaza asosida Markaziy bank tomonidan belgilangan boshqa shaxslar.
Markaziy bank potensial oluvchiga dastlabki ruxsatnomani quyidagi hollarda beradi:
potensial oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan mezonlarga to‘liq mos kelsa;
potensial oluvchi mo‘ljallanilayotgan olishning oxirgi benefitsiar mulkdori emasligi xususida shubha mavjud bo‘lmasa;
aksiyadorlar bo‘lgan yuridik shaxslarning haddan tashqari (potensial oluvchidan oxirgi benefitsiar mulkdorgacha uchta pog‘onadan ko‘p) darajalarga tabaqalashtirilishi mavjud bo‘lmasa;
hujjatlar to‘liq hajmda topshirilgan bo‘lsa;
potensial oluvchi taqdim etgan hujjatlarda va axborotda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa.
Markaziy bank ushbu moddada nazarda tutilgan baholashni faqat bank aksiyalariga bevosita egalik qiluvchi va oxirgi benefitsiar mulkdor bo‘lgan shaxsga nisbatan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqlidir.
Markaziy bank olinayotgan ulushning miqdorini belgilashga va mo‘ljallanilayotgan olishni bozorning iqtisodiy ehtiyojlari nuqtai nazaridan baholashga haqli emas.
Ayni bir bankning o‘zidan hal qiluvchi egalikni olish yoki ko‘paytirish uchun bir vaqtning o‘zida ikki yoki undan ortiq ariza berilganda Markaziy bank potensial oluvchilarni teng shartlar asosida ko‘rib chiqadi.
Potensial oluvchini baholash tartibi va shartlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Ushbu moddaning talablari ariza beruvchi tomonidan bank tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani berish uchun hujjatlarni taqdim etish chog‘ida muassislarni baholashga nisbatan ham tatbiq etiladi.
25-modda. Aksiyadorning muvofiqligi to‘g‘risidagi talablarga rioya etmaslik
Markaziy bank hal etuvchi egalikka bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchiga, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llashga quyidagi hollarda haqlidir, agar ular:
banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga mos bo‘lmasa;
bankka uning barqaror moliyaviy holatiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tarzda ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa;
oxirgi benefitsiar mulkdorning shaxsi to‘g‘risidagi axborotni taqdim etmagan bo‘lsa.
Markaziy bank bankning aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnomani olmasdan turib kelishilgan faoliyat natijasida hal qiluvchi egalikka ega bo‘lgan aksiyadorlarga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llashga haqli.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan hollarda Markaziy bank quyidagi choralar hamda sanksiyalarni alohida-alohida yoki jamlangan tarzda qo‘llaydi:
ovoz berish, aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirish va o‘tkazishni talab qilish, kun tartibiga masalalarni kiritish, bank kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish hamda bank foydasining bir qismini dividendlar tarzida olish huquqini to‘xtatib qo‘yadi;
ovoz berish huquqi to‘xtatib qo‘yilgan shaxslar tomonidan bank aksiyalari sotilishi to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
bank aksiyalarini olishga doir berilgan dastlabki ruxsatnomani chaqirib oladi.
Hal qiluvchi egalikka ega bo‘lgan aksiyadorlar o‘ziga tegishli aksiyalarni bankning aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnoma chaqirib olingan kundan e’tiboran uch oy ichida sotishi kerak.
Ushbu moddaga muvofiq o‘ziga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llanilgan shaxslar tegishli bankning, shuningdek boshqa banklarning aksiyalariga bevosita yoki bilvosita egalik qilishga haqli emas.
26-modda. Hal qiluvchi egalik sotib olinganligi, o‘zgartirilganligi yoki boshqalarga berilganligi to‘g‘risidagi xabarnoma
Hal qiluvchi egalikka bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchi, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdor quyidagi hollarda Markaziy bankni va bankni o‘n kunlik muddatda yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda xabardor qilishi shart:
bank aksiyalarini olishga doir dastlabki ruxsatnoma olingan bitim amalga oshirilganda;
dastlabki ruxsatnoma olingan, ushbu Qonun 22-moddasining birinchi qismida belgilangan aksiyalar ulushi ko‘payganda;
bank ustav kapitalidagi hal qiluvchi egalikni boshqa shaxsga berish yoki kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilish natijasida hal qiluvchi egalik tegishincha ellik foizdan, yigirma foizdan yoki besh foizdan kam bo‘lib qolganda;
ushbu Qonunning 22-moddasi birinchi qismida belgilangan hajmdagi bank aksiyalari shaxs tomonidan o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda olinganda.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda bank xabarnoma olingan kundan e’tiboran bir kunlik muddatda Markaziy bankni yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda xabardor qilishi kerak.
27-modda. Xabardor qilish majburiyati
Bank bankning ustav kapitalidagi ulushlarga bevosita va bilvosita egalik qiluvchilarning, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorning shaxsi va ulushining miqdori to‘g‘risidagi mavjud ma’lumotlarni Markaziy bankning so‘rovnomasiga binoan taqdim etishi shart.
Bank aksiyalariga bevosita va bilvosita egalik qiluvchining, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorning banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini baholashdan o‘tkazish maqsadida Markaziy bankning yoki bankning so‘rovnomasiga binoan ushbu shaxslar:
tadbirkorlik faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shu jumladan yillik moliyaviy hisobotni;
o‘ziga aloqador shaxslar va egalik qiluvchi bankka nisbatan birgalikda harakat qilayotgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek Markaziy bankka zarur bo‘lgan boshqa axborotni taqdim etishi shart.
Markaziy bank predmeti yoki mazmuni quyidagilardan iborat bo‘lgan har qanday tuzilgan kelishuv to‘g‘risida xabardor etilishi kerak:
bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishlarida yoki bank ustidan nazoratni amalga oshiruvchi shaxslarning umumiy yig‘ilishlarida ovoz berish huquqini kelishilgan holda amalga oshirish;
bank boshqaruvi organi a’zolarining yoki bank ustidan nazoratni amalga oshiruvchi shaxslarning kelishilgan holda faoliyat ko‘rsatishi;
bank boshqaruvi yoki kuzatuv kengashi a’zolarining nomzodlarning yoxud bank ustidan nazoratni amalga oshiruvchi shaxslarning ko‘pchiligi nomzodini ko‘rsatish huquqini amalga oshirish.
Ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan xabarnoma kelishuv imzolangan sanadan e’tiboran besh ish kuni ichida yoki uning mavjudligini oshkor etuvchi holatlar aniqlangan paytdan e’tiboran darhol Markaziy bankka kelishuv taraflari yoki bankning boshqaruv organlari tomonidan yuborilishi kerak.
Hal qiluvchi egalikka bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchi, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdor aksiyadorning banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini baholashga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlar to‘g‘risida shunday holatlar vujudga kelgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida Markaziy bankni xabardor qilishi kerak.
28-modda. Banklar tomonidan o‘z aksiyalarini sotib olish
Banklar o‘z aksiyalarini sotib olish uchun Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi shart. Bank tomonidan sotib olinadigan o‘z aksiyalarining summasi bank ustav kapitalining o‘n foizidan oshishi mumkin emas.
Bank o‘z aksiyalarini sotib olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun Markaziy bankka arizani va o‘z aksiyalarini sotib olish sabablarini ko‘rsatgan holda bank aksiyadorlari umumiy yig‘ilishining qarorini taqdim etadi.
Bankning moliyaviy holati qoniqarsiz bo‘lsa, shuningdek ushbu sotib olish prudensial normativlarga rioya etilmasligiga olib kelsa, Markaziy bank dastlabki ruxsatnomani berishga haqli emas.
3-bob. Filiallar va vakolatxonalar
29-modda. Banklarning O‘zbekiston Respublikasi hududidagi filiallari va vakolatxonalari
Banklar Markaziy bankning ruxsati bilan O‘zbekiston Respublikasida filiallar tashkil etishi, vakolatxonalar va boshqa alohida bo‘linmalar ochishi mumkin.
Bank filiali bankning yuridik shaxs bo‘lmagan, bank nomidan bank faoliyatini amalga oshiruvchi va bank tomonidan o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida harakat qiluvchi alohida bo‘linmasidir.
Bank tomonidan filialni tashkil etishga doir ruxsatnoma olish uchun bank quyidagilarni ilova qilgan holda Markaziy bankka ariza beradi:
bankning filialini tashkil etish va bank filiali to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi bank kuzatuv kengashining qarori;
bankning filiali to‘g‘risidagi nizom;
filial rahbari va bosh buxgalteri lavozimiga nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
tashkil etilayotgan bank joylashgan yerdagi Markaziy bank hududiy boshqarmasining bank filiali binolari, ularning muhofaza qilinishi ta’minlanganligi, uskunalar, ishlarni tashkil etish texnika vositalari bilan jihozlanganligining va dasturiy ta’minotning Markaziy bank talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi;
filialni tashkil etishning iqtisodiy asoslari, shuningdek filialning taxminiy balans axborotnomasi va daromadlari to‘g‘risidagi taxminiy hisoboti.
Bank tomonidan filial tashkil etishga doir ruxsatnoma berish to‘g‘risidagi ariza ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan barcha hujjatlar Markaziy bank tomonidan olingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida ko‘rib chiqilishi kerak.
Markaziy bank quyidagi hollarda bank filialini tashkil etishga doir ruxsatnomani beradi:
bankning moliyaviy holati barqaror bo‘lganda;
prudensial talablar bajarilganda;
filial rahbari va bosh buxgalteri lavozimlariga taklif etilayotgan nomzodlar kasbga muvofiq bo‘lganda;
bank filiali binolari, ularning muhofaza qilinishi, uskunalar, tashkiliy-texnik vositalar bilan jihozlanishi va dasturiy ta’minoti Markaziy bank talablariga muvofiq bo‘lganda.
Markaziy bank tegishli qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay bankni qabul qilingan qaror to‘g‘risida yozma shaklda, shu jumladan axborot-kommunikatsiya tizimi orqali elektron shaklda xabardor qiladi. Hujjatlar banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, hujjatlar to‘plami qaytarish sabablari asoslantirilgan holda qaytarib yuboriladi.
Bankning filiali ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi axborot Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Ro‘yxatga olinguniga qadar filial tomonidan amalga oshirilgan faoliyat qonunga xilofdir.
Bank tomonidan filialni yopish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, bank mijozlarni filial yopilishidan o‘n besh kun oldin xabardor qilishi va ularning oldidagi majburiyatlar bajarilishini ta’minlash choralarini ko‘rishi yoki bu majburiyatlarni mijoz bilan kelishilgan holda boshqa filialga o‘tkazishi shart.
Bank filialni yopish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran ikki ish kuni ichida Markaziy bankni xabardor qilishi va mijozlar oldidagi majburiyatlarni bajarishni ta’minlashga doir rejani taqdim etishi kerak.
Bank vakolatxonasi O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq ochiladi.
30-modda. Chet el banklarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi filiallari va vakolatxonalari
O‘zbekiston Respublikasida chet el banklari tomonidan filiallar tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Chet el bankining O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan hamda bank faoliyatini va boshqa tijorat faoliyatini amalga oshirish huquqisiz bankning manfaatlarini ifodalovchi alohida bo‘linmasi chet el bankining vakolatxonasidir.
O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el bankining vakolatxonasi Markaziy bank tomonidan akkreditatsiya qilinadi.
31-modda. Banklarning chet eldagi sho‘’ba banklari, filiallari va vakolatxonalari
Banklar Markaziy bankning ruxsatnomasi bilan quyidagi hollarda chet elda sho‘’ba banklar ochishi va filiallar tashkil etishi, banklarning kapitalida ishtirok etishi, shu jumladan chet el banklarini tashkil etishda ishtirok etishi mumkin:
Markaziy bank va qabul qiluvchi mamlakatning bank nazorati organi bilan axborot ayirboshlash to‘g‘risida kelishuv mavjud bo‘lganda;
qabul qiluvchi mamlakatning qonun hujjatlari va uning qo‘llanilish uslubiyoti Markaziy bank tomonidan sho‘’ba bank, filial ustidan nazorat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilmaganda;
bankning boshqaruvi va moliyaviy holati sho‘’ba bank, filial orqali amalga oshiriladigan, rejalashtirilayotgan faoliyat uchun yetarli bo‘lganda;
prudensial normativlar ko‘rsatkichlariga rioya etilganda va ular o‘sib borganda hamda banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunning boshqa talablariga muvofiq bo‘lganda.
Bankning sho‘’ba banklari hamda vakolatxonalari ular ochiladigan va (yoki) tashkil etiladigan mamlakat qonun hujjatlariga muvofiq ochiladi va (yoki) filiallari tashkil etiladi.
Bank tomonidan chet elda vakolatxona ochish, sho‘’ba bankni, vakolatxonani yoki filialni yopish, shuningdek chet el banki aksiyalarini sotish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, bank bunday qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran o‘ttiz kun ichida Markaziy bankni xabardor qilishi va ushbu qaror bankning moliyaviy barqarorligiga qanday ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risida axborot taqdim etishi shart.
Markaziy bank qabul qiluvchi mamlakatdagi bank nazorati organini O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi bo‘lgan, mazkur mamlakat hududida sho‘’ba bank, vakolatxona yoki filial orqali faoliyat ko‘rsatayotgan bankning litsenziyasi chaqirib olinayotganligi to‘g‘risida xabardor qilishi kerak.
4-bob. Bankning korporativ boshqaruvi
32-modda. Bankning boshqaruv organlari
Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi, bankning kuzatuv kengashi va boshqaruvi bankning boshqaruv organlaridir.
Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi bankning yuqori boshqaruv organidir.
Bank korporativ boshqaruvga oid siyosatni ishlab chiqishi va tasdiqlashi shart.
Bank kuzatuv kengashining va boshqaruvining vakolatlari ijro etish uchun uchinchi shaxslarga o‘tkazilishi mumkin emas, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
33-modda. Korporativ boshqaruv
Bank:
javobgarlikning shaffof sohalarini;
bank duchor bo‘lgan yoki duchor bo‘lishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklarni aniqlash, boshqarish, monitoring qilish va ular haqida xabardor etishning samarali tartib-taomillarini (tanglik vaziyatining sodir bo‘lishi ssenariylarini);
operatsiyaga oid tavakkalchilikning o‘rnini qoplash uchun likvidlikni va kapitalning yetarliligini baholash tartib-taomilini;
ichki nazoratning tegishli mexanizmlarini, shu jumladan buxgalteriya hisobini yuritish tartibini;
tavakkalchiliklarni oqilona hamda samarali boshqarishga ko‘maklashadigan hamda mos keladigan xodimlarni mukofotlashning siyosati va usullarini belgilovchi korporativ boshqaruvning aniq ifodalangan tashkiliy tuzilmasiga ega bo‘lishi kerak.
Korporativ boshqaruvning tashkiliy tuzilmasi, tartib-taomillari va mexanizmlari kompleks tusga ega bo‘lishi hamda bank amalga oshirayotgan biznes-model va faoliyatga xos bo‘lgan tavakkalchiliklarning xususiyati, miqyosi hamda murakkabligiga muvofiq bo‘lishi kerak. Ichki nazorat mexanizmlari kamida boshqaruv vazifalari bajarilishini va tavakkalchiliklar baholanishini hamda ichki audit talablariga rioya etilishini ta’minlashi kerak.
Banklardagi korporativ boshqaruvga doir talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
34-modda. Bankning kuzatuv kengashi
Bankning kuzatuv kengashi bank faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, boshqaruvga oid qarorlar qabul qilish jarayonida nazorat va tekshiruv vazifasini bajaradi hamda umuman bankning faoliyati va moliyaviy barqarorligi uchun javobgardir.
Bankning kuzatuv kengashi bankni samarali va tadbirli boshqarishni, shu jumladan bank boshqaruvi a’zolari o‘rtasida vakolatlarning hamda javobgarlikning taqsimlanishini, manfaatlar to‘qnashuvining oldi olinishini va bartaraf etilishini ta’minlaydigan boshqaruv tashkiliy tuzilmasini belgilaydi hamda uning joriy etilishi ustidan nazorat va tekshiruvni amalga oshiradi.
Bankning kuzatuv kengashi a’zolari bankning oqilona korporativ boshqaruviga ko‘maklashishi hamda o‘z vakolatlarini va majburiyatlarini bajarish chog‘ida bankning, uning omonatchilari va aksiyadorlarining qonuniy manfaatlarini inobatga olishi, shuningdek Markaziy bank bilan samarali hamkorlikni ta’minlashi kerak.
Bank kuzatuv kengashining «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan vakolatlari jumlasiga qo‘shimcha ravishda quyidagilar kiradi:
strategik maqsadlarni, korporativ boshqaruv siyosatini, bankning boshqa ichki siyosatlarini, shu jumladan tavakkalchiliklarni aniqlash, boshqarish, monitoring qilish va ular to‘g‘risida xabardor etish, kapitalning yetarliligini lozim darajada saqlab turish siyosatini tasdiqlash hamda ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish;
aktivlarni tasniflash asosida aktivlar bo‘yicha ehtimoldagi zararlarga qarshi yaratiladigan zaxiralar shakllantirilishi ustidan nazorat qilish, shuningdek bankning kapital va umumiy zaxiralarining yetarli darajada saqlab turilishini ta’minlash;
manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni bartaraf etish tartibini tasdiqlash;
bankning moliyaviy holatini tiklash rejalarini tasdiqlash;
bankning boshqaruvi ustidan nazoratni amalga oshirish;
bankning qabul qilingan biznes-rejasi bajarilishi ustidan nazorat qilish, shuningdek har chorakda bankning faoliyati natijalari to‘g‘risida bank boshqaruvining hisobotini eshitish;
bankning ichki audit xizmati faoliyatini tashkil etish, shuningdek bank ichki audit xizmatining choraklik hisobotlari asosida bank boshqaruvi tomonidan bank strategiyalari va siyosatlariga rioya etilishini baholashdan o‘tkazish;
bank boshqaruvi a’zolari tomonidan taqdim etilgan axborotni, takliflarni va tushuntirishlarni o‘rganish, muhokama qilish hamda ular bo‘yicha bahslashish;
bank faoliyatini boshqarish tizimi samaradorligini, shu jumladan bank boshqaruvi prinsiplari monitoringini va ularni davriy baholashni amalga oshirish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun tegishli choralarni ko‘rish;
bir yilda kamida bir marta amalga oshirilgan nazorat va tekshiruv faoliyati to‘g‘risida aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishiga hisobot taqdim etish;
yillik moliyaviy hisobotlarni tasdiqlash hamda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotlar tizimining yaxlitligini ta’minlash;
bankning uzoq muddatli moliyaviy manfaatlarini va Markaziy bank tomonidan kapitalga nisbatan belgilangan talablarni hisobga olgan holda prudensial talablarga rioya etilishini ta’minlash.
Bankning kuzatuv kengashi a’zolari soni, bank aksiyadorlari sonidan qat’i nazar, besh kishidan kam bo‘lmagan miqdorda toq sonda bo‘lishi lozim. Kuzatuv kengashi a’zolarining ko‘pchiligi bankka aloqador shaxslar bo‘lmasligi kerak, bundan ularning kuzatuv kengashidagi a’zoligi mustasno.
Bank kuzatuv kengashi a’zolari o‘z mulohazalarining mustaqilligi bo‘yicha talablarga rioya etishi kerak.
Quyidagi hollarda shaxs kuzatuv kengashi a’zoligiga saylanishi mumkin emas yoki saylangan shaxs kuzatuv kengashi a’zoligi huquqidan mahrum etiladi, agar:
shaxs ikki yoki undan ortiq bankning kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lsa yoki a’zo bo‘lish niyatida bo‘lsa, bundan mazkur banklar bir bank guruhiga tegishli bo‘lgan hollar mustasno;
shaxsning vakolatlari Markaziy bank talabiga ko‘ra muddatidan ilgari tugatilgan bo‘lsa.
35-modda. Bank boshqaruvi
Bank boshqaruvi bankni boshqarishning ijro etuvchi organi bo‘lib, u bankning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlangan faoliyat strategiyasi va uni boshqarish tizimiga muvofiq bankning faoliyatiga operativ boshqaruvni amalga oshiradi hamda bankning faoliyati uchun javobgarlikni to‘liq zimmasiga oladi.
Bank boshqaruvi:
strategik maqsadlarni, korporativ boshqaruv siyosatini, bankning boshqa ichki siyosatlarini, shu jumladan tavakkalchiliklarni aniqlash, boshqarish, monitoring qilish va tavakkalchiliklar to‘g‘risida xabardor etish, kapitalning yetarliligini lozim darajada saqlab turish siyosatini amalga oshirishi;
bankning tegishli va shaffof tashkiliy tuzilmasini, shu jumladan vakolatlarni va javobgarlikni bank xodimlari o‘rtasida o‘z vakolatlari doirasida taqsimlashni ta’minlashi;
bank xodimlarining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishi;
bankning qabul qilingan yillik biznes-rejasini bajarishi, shuningdek bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishiga va kuzatuv kengashiga bajarilgan ishlar, bankka nisbatan qo‘llanilgan choralar hamda sanksiyalar to‘g‘risidagi hisobotni davriy ravishda taqdim etishi;
bank ustavida hamda banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarishi shart.
Bank boshqaruvi bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishiga va kuzatuv kengashiga hisobdordir.
36-modda. Rahbarlik prinsiplarini qo‘llash
Bank kuzatuv kengashining va boshqaruvining a’zolari, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlari benuqson ishchanlik obro‘siga, bank tavakkalchiliklarining samarali boshqarilishini, o‘z vakolatlari doirasida asosli qarorlar qabul qilinishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tajribaga, bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak.
Bank bankning kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlari banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga doimo muvofiq bo‘lishini ta’minlashi shart.
Markaziy bank bank kuzatuv kengashining va boshqaruvning a’zoligiga hamda muhim ahamiyatga ega xodimlar lavozimlariga ko‘rsatilayotgan nomzodlarni ularning lavozimga kirishishidan oldin kelishib oladi. Agar muhim ahamiyatga ega xodimlarni ob’ektiv sabablarga ko‘ra oldindan kelishib olishning imkoni bo‘lmasa, bank keyinchalik rozilik olish uchun so‘rovnoma yuborishi kerak.
Bank boshqaruvi a’zolari va muhim ahamiyatga ega xodimlari ish beruvchining roziligi bilan boshqa tashkilotlarda o‘rindoshlik asosida ishlashi mumkin, bundan ularning boshqa banklar va tashkilotlarda ishga joylashuvi manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar mustasno.
Bank kuzatuv kengashining va boshqaruvining a’zolarini, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlarni baholash shartlari, baholash uchun zarur hujjatlar, malaka talablariga muvofiqlik mezonlari, shuningdek ularni kelishib olish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
37-modda. Korrupsiyaning oldini olish choralari, bank xodimlarining odob-axloq qoidalari va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmasligi
Banklar bankning saylanadigan organlari a’zolari va xodimlari tomonidan rioya etilishi majburiy bo‘lgan:
korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha choralarni;
odob-axloq qoidalarini;
manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni bartaraf etish siyosatini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.
Bankka yoki bankning nazorati ostidagi yuridik shaxsga aloqador bo‘lgan shubhali faoliyat, firibgarlik yoxud suiiste’molliklar to‘g‘risida xabar qilgan bank kuzatuv kengashi, boshqaruvi a’zosining yoki xodimining shaxsi oshkor qilinmasligi kerak.
5-bob. Prudensial talablar va tavakkalchiliklarni boshqarish
38-modda. Banklar va bank guruhlari tomonidan prudensial normativlarga rioya etish
Banklarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda omonatchilar va kreditorlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida banklar va bank guruhlari hisoblab chiqarish tartibi va yo‘l qo‘yiladigan qiymatlari Markaziy bank tomonidan belgilanadigan prudensial normativlarga rioya etishi shart.
Prudensial normativlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
kapitalning monandlik koeffitsiyentlari;
bir qarz oluvchiga yoki o‘zaro aloqador qarz oluvchilar guruhiga doir tavakkalchilikning eng ko‘p miqdori;
yirik kredit tavakkalchiliklarining va investitsiyalarning eng ko‘p miqdori;
sohalar kesimida to‘planish (konsentratsiya) koeffitsiyentlari;
likvidlik koeffitsiyentlari;
bankning aloqador shaxslari uchun tavakkalchilikning eng ko‘p miqdori;
ta’minotsiz kreditlar (ishonchga asoslangan kreditlar) berishning eng ko‘p miqdori;
bankning aktivlarini tasniflashga va ularning sifatini baholashga, bank aktivlari bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralarni aktivlarni tasniflash asosida shakllantirishga doir talablar;
bank aktivlari bo‘yicha foizlarni hisoblash va ularni bankning daromadlar hisobvarag‘iga kiritishga doir talablar;
yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) sotib olinadigan ulushlar va aksiyalarning eng ko‘p miqdori;
ko‘chmas mulkni va boshqa mol-mulkni sotib olishga hamda unga egalik qilishga doir talablar;
ochiq valyuta mavqei limitlari;
umum qabul qilingan xalqaro amaliyotga muvofiq Markaziy bank tomonidan belgilanadigan boshqa prudensial normativlar.
Banklar aktivlar bo‘yicha yo‘qotishlarga oid tavakkalchilikni kamaytirish maqsadida o‘zining kapitalini va likvid resurslarini yetarli darajada saqlab turishi, aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralarni aktivlarni tasniflash asosida shakllantirishi, shuningdek o‘z aktivlarining diversifikatsiya qilinishini ta’minlashi kerak.
Markaziy bank banklar, banklar guruhi va tizimli ahamiyatga ega banklar uchun mazkur bankka, tizimli ahamiyatga ega bankka va banklar guruhiga xos tavakkalchilik omillarining eng ko‘p o‘zgarishlari chog‘ida yuzaga keladigan ehtimoldagi zararlarning o‘rnini qoplash uchun likvidlik va kapitalning yetarlilik koeffitsiyentlariga qo‘shimcha ustamalar belgilashga haqli.
Prudensial normativlarga kelgusidagi o‘zgartishlar ushbu o‘zgartishlar amalga kiritilishidan kamida bir oy oldin Markaziy bank tomonidan rasman e’lon qilinadi.
39-modda. Foydaning taqsimlanishini cheklash
Bank aksiyadorlarga dividendlar to‘lash, shuningdek bankning kuzatuv kengashi, boshqaruvi a’zolari va xodimlarini mukofotlash orqali foydani taqsimlashni quyidagi hollarda amalga oshirishga haqli emas:
prudensial normativlar Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmaganda yoki ular mazkur taqsimlash oqibatida buzilganda;
nochorlik (bankrotlik) bo‘lganda yoki mazkur taqsimlash oqibatida nochorlikning (bankrotlikning) alomatlari yuzaga kelganda;
Markaziy bankning ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmasida aks ettirilgan, shu jumladan axborotni oshkor etish borasida ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf etilmaganda yoki ularni bartaraf etish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda;
Markaziy bankning foydani taqsimlamaslik to‘g‘risida bankka nisbatan talabi mavjud bo‘lganda.
Banklar quyidagi hollarda foydani taqsimlash uchun Markaziy bankning roziligini olishi kerak:
ushbu modda birinchi qismining birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan to‘lovlarning umumiy summasi bankning o‘z kapitalining o‘n foizidan ortganda;
joriy yoki o‘tgan chorakda va (yoki) moliya yilida zarar mavjud bo‘lganda.
40-modda. Majburiy zaxiralash talablari
Banklar Markaziy bank tomonidan belgilangan majburiy zaxiralash talablarini bajarishi shart.
Bank majburiy zaxiralash talablarini bajarmagan taqdirda, Markaziy bank qat’iy tartibda bu bankning Markaziy bankdagi vakillik hisobvarag‘idan yetishmayotgan majburiy zaxira mablag‘lari miqdoridagi summani, shuningdek ushbu yetishmayotgan summaga nisbatan amaldagi qayta moliyalash yillik stavkasining ikki baravaridan oshmaydigan miqdorda jarima undirib oladi.
41-modda. Bank xizmatlari va operatsiyalarining autsorsingi
Xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlarini bank tomonidan shartnoma asosida va uzluksiz asosda amalga oshirish uchun uchinchi tarafga topshirish bank xizmatlari va operatsiyalarining autsorsingidir (bundan buyon matnda autsorsing deb yuritiladi).
Bank Markaziy bankning ruxsatnomasi olinganidan keyin xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlarini Markaziy bank tomonidan belgilangan talablarga muvofiq autsorsingga topshirish huquqiga ega.
Litsenziya asosida amalga oshiriladigan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlarini faqat tegishli litsenziya egasiga autsorsingga topshirishga yo‘l qo‘yiladi.
Bank xizmatlari va operatsiyalarining ayrim turlari o‘ziga autsorsingga topshirilgan shaxsning mazkur xizmatlar hamda operatsiyalarni keyinchalik boshqa shaxsga autsorsingga topshirishi taqiqlanadi. Mazkur cheklov bank tomonidan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlarini autsorsingga topshirish to‘g‘risidagi shartnomada aks ettirilishi kerak.
Bank autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlari bilan bog‘liq tavakkalchiliklarning boshqarilishi uchun javobgar bo‘ladi.
Xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlarini autsorsingga topshirishda bank Markaziy bankning talablariga, shu jumladan ichki siyosatlar va hisobotdorlik mavjudligi bo‘yicha, shuningdek Markaziy bankka autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlari yuzasidan axborot taqdim etish bo‘yicha talablariga javob berishi kerak.
Banklar autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarning ayrim turlari tashqi auditdan o‘tkazilishini har yili yoki Markaziy bankning talabiga binoan ta’minlashi shart.
Markaziy bank quyidagi hollarda autsorsing shartnomasini bekor qilishni talab etishga haqli:
bank tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar va operatsiyalarning lozim darajadagi hamda muntazam ravishdagi nazorati, tekshiruvi va tavakkalchilik boshqaruvi amalga oshirilmaganda;
autsorsing uchun jalb etilgan shaxs faoliyatida bankning o‘z majburiyatlarini bajarish qobiliyatiga tahdid soluvchi kamchiliklar mavjud bo‘lganda.
42-modda. Bank va banklar guruhining ichki nazoratiga hamda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablar
Bank va banklar guruhi Markaziy bank tomonidan belgilangan ichki nazoratga hamda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablarga rioya etishi shart. Markaziy bankning talablari bank amalga oshirayotgan faoliyat turining tizimli ahamiyatini, o‘ziga xos xususiyatini, miqyosini va murakkabligini mutanosiblik prinsipini inobatga olgan holda hisobga oladi.
Bank va banklar guruhining ichki nazoratiga hamda tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir Markaziy bank talablari jumlasiga quyidagilar kiradi:
ichki va tashqi foydalanuvchilar uchun moliyaviy, nazoratga oid hamda boshqa hisobotlarning to‘liqligini, ishonchliligini va o‘z vaqtidaligini, shuningdek axborot xavfsizligini ta’minlash;
bank tomonidan prudensial talablar bajarilishini ta’minlash;
bankda bank uchun ahamiyatli bo‘lgan tavakkalchiliklarni aniqlash va boshqarish, stress-testdan o‘tkazish bo‘yicha tasdiqlangan siyosatining, shuningdek bank uchun ahamiyatli tavakkalchiliklar va kapital bo‘yicha hisobot tizimining mavjudligi;
bank uchun ahamiyatli tavakkalchiliklarni boshqarishga va ularning samaradorligini baholashga doir siyosatlarning bank tomonidan izchil amalga oshirilishi hamda ularga rioya etilishi;
bankning ichki hujjatlarida belgilangan tavakkalchiliklarning eng yuqori miqdorlariga va kapitalning monandligiga, tavakkalchiliklarni boshqarish bo‘yicha bankda qo‘llanilayotgan tartib-taomillarning samaradorligiga hamda ularni qo‘llash izchilligiga bankning rioya etishi ustidan kuzatuv kengashi tomonidan nazoratni amalga oshirish.
43-modda. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga banklar tomonidan rioya etilishi
Banklar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi shart.
44-modda. Bankka aloqador bo‘lgan shaxslar bilan bitimlar tuzish
Banklarning bankka aloqador bo‘lgan shaxslar bilan yoki bunday shaxslar nomidan harakat qiladigan shaxslar bilan tuzadigan shartnomalari bankka aloqador bo‘lmagan shaxslar uchun nazarda tutilgan shartnomalarga qaraganda ancha qulay shartlarga asoslangan hollarda ularning bunday shartnomalarni tuzishi taqiqlanadi.
Ancha qulay shartlarni taqdim etish quyidagilarni anglatadi:
bank bankka aloqador bo‘lmagan shaxslar bilan ularning tabiati, maqsadi, xususiyatlari va bankning tavakkalchiligidan kelib chiqib tuzmaydigan bitimni bankka aloqador shaxs bilan yoki shunday shaxsning manfaatlarini ko‘zlab tuzilishini;
boshqa shaxslarga nisbatan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirganligi uchun pastroq tarzda mukofotlar olinishini va to‘lovlarni pastroq tarzda undirilishini yoki ta’minotni boshqa shaxslardan talab qilinadigan qiymatdan yuqoriroq qiymat bo‘yicha qabul qilinishini.
Bank o‘ziga aloqador shaxslarga ta’minlanmagan (ishonchga asoslangan kreditlar) kreditlar (qarzlar) berishi mumkin emas.
Bank o‘ziga aloqador shaxslar bilan ushbu moddaning talablarini hisobga olgan holda faqat bank kuzatuv kengashining qaroriga ko‘ra bitimlar tuzishi mumkin. Agar shaxs bank bilan bitim tuzish bo‘yicha shartnoma imzolanganidan keyin bankka aloqador shaxsga aylansa, bankning kuzatuv kengashi shaxs bankka aloqador shaxsga aylangan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida mazkur shartnomani ma’qullashi yoki uni bekor qilish to‘g‘risida farmoyish berishi kerak.
Kuzatuv kengashining a’zosi bank bilan o‘zi o‘rtasida yoki o‘ziga aloqador shaxs o‘rtasida tuzilgan yoki tuziladigan bitim masalasi ko‘rilayotgan kuzatuv kengashi yig‘ilishida hozir bo‘lmasligi, kuzatuv kengashi qabul qiladigan qarorga ta’sir ko‘rsatishga urinmasligi kerak.
Bank o‘ziga aloqador bo‘lgan shaxslar bilan tuzilgan bitimlarning alohida ro‘yxatini yuritishi va Markaziy bankni bankka aloqador shaxslar bilan bitimlar tuzilishi oldidan xabardor etishi shart.
6-bob. Banklarning faoliyati ustidan prudensial nazorat va nazorat tadbirlari
45-modda. Prudensial nazorat
Bank faoliyatining o‘ziga xos tavakkalchiliklarining oldini olish va qisqartirish maqsadida Markaziy bank, basharti banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilsa, banklar faoliyati ustidan prudensial nazoratni ta’minlaydi.
Prudensial nazoratni ta’minlash uchun Markaziy bank:
banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining prudensial talablariga muvofiq bo‘lishi uchun banklar tomonidan foydalaniladigan tizimlar, strategiyalar, tartib-taomillar hamda mexanizmlar ustidan;
banklarga tahdid solayotgan yoki tahdid solishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklar, oqilona boshqaruv ta’minlanganligi hamda tavakkalchiliklarni muvofiqlashtiruvchi mexanizmlar banklarning kapitali va likvidligi bilan qoplanganligi ustidan;
banklarning tavakkalchilikni boshqarish, shuningdek korporativ boshqaruv jihatidan banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Banklar o‘zining banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining prudensial talablariga muvofiqligini baholash uchun zarur bo‘lgan axborotni Markaziy bankka taqdim etishi shart.
Banklarning ichki boshqaruv mexanizmlari, buxgalteriya hisobi va hisobotlarning yuritilishi, shuningdek ma’muriy tartib-taomillari banklarning prudensial talablarga muvofiqligini tekshirish imkonini berishi kerak.
Banklar Markaziy bank tomonidan prudensial talablarga muvofiqlikni tekshirish uchun bitimlar va operatsiyalarni Markaziy bank tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq ro‘yxatga olishi shart.
Markaziy bank banklar kapitalining monandligini ularning tavakkalchiliklari sohasidan kelib chiqib baholash uchun ularning faoliyati, tashkil etilishi va ichki jarayonlari to‘g‘risida axborot olish maqsadida banklar bilan hamkorlik qiladi.
Zarur hollarda Markaziy bank nazorat vazifalarini bajarish uchun tashqi ekspertlarni jalb etishga haqli.
46-modda. Tekshirish va baholash jarayoni
Markaziy bank banklar tomonidan foydalaniladigan tizimlar, strategiyalar, tartib-taomillar hamda mexanizmlarning banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini tekshiradi, shuningdek banklarning mavjud va ehtimoldagi tavakkalchiliklarini, shu jumladan alohida banklar tomonidan bank (moliya) tizimiga xavf soluvchi tavakkalchiliklarni baholaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan tekshiruvlar va baholashlarda banklar tomonidan banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarining bajarilishi zarurligi hisobga olinadi.
Markaziy bank ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan tekshiruvlar va baholashlarning natijalari asosida bank faoliyatining ixtisoslashuvi, miqyosi va murakkabligini, shuningdek oqilona boshqaruvning ta’minlanganligi hamda tavakkalchiliklarning o‘rni bankning regulyativ muvofiqlik mexanizmlari, kapitali va likvidliligi bilan qoplanganligi darajasini aniqlaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan tekshiruvlar va baholashlarni o‘tkazish davriyligi va darajasi Markaziy bank tomonidan mutanosiblik prinsipidan, shuningdek bank faoliyatining tizimdagi ahamiyati, ixtisoslashuvi, miqyosi va murakkabligidan kelib chiqib, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan kelishuvlarsiz va xabar berilmasdan mustaqil ravishda belgilanadi.
47-modda. Prudensial nazorat dasturi
Markaziy bank har yili banklar faoliyati ustidan prudensial nazorat dasturini tasdiqlaydi, bu dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
stress-test natijalari moliyaviy barqarorligida sezilarli tavakkalchiliklar mavjud ekanligini ko‘rsatgan yoki bank faoliyati banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq emasligi taxmin qilingan banklar;
tizimli ahamiyatga ega bo‘lgan banklar;
Markaziy bankning fikriga ko‘ra qo‘shimcha nazorat qilinishi talab etiladigan banklar.
Prudensial nazorat dasturi:
Markaziy bank tomonidan nazorat vazifalarini amalga oshirish va resurslarni taqsimlash tartibini;
qo‘shimcha nazorat qilinishi lozim bo‘lgan banklarni aniqlash tartib-taomilini va ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq uni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan choralarni;
banklarni tekshirish rejasini o‘z ichiga oladi.
Markaziy bank bankning tavakkalchiliklarini baholash natijalarini hisobga olib, quyidagilarni o‘z ichiga olgan tegishli choralarni ko‘rishi mumkin:
bankdagi tekshiruvlarning davriyligini oshirish;
bank tomonidan qo‘shimcha hisobotlar taqdim etish;
bank tomonidan biznes-rejaning bajarilishi ustidan qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish;
muayyan tavakkalchiliklar bo‘yicha mavzuli tekshiruvlar o‘tkazish.
48-modda. Konsolidatsiyalashgan nazorat
Markaziy bank quyidagi hollarda banklar ustidan konsolidatsiyalashgan nazoratni amalga oshirishi kerak:
banklar guruhi tashkil etilganda;
Markaziy bank tomonidan bankni asosiy bank deb yoki asoslangan mulohazalarga ko‘ra bank guruhining a’zosi deb belgilaganda.
Bank faqat bitta banklar guruhining ishtirokchisi bo‘lishi mumkin.
Markaziy bank samarali hamkorlikni, axborot almashinuvini tashkil etish va konsolidatsiyalashgan asosda samarali nazorat o‘rnatish maqsadida boshqa mamlakatlarning bank nazorati organlari bilan (agar mavjud bo‘lsa) mazkur mamlakatlarning qonunlari bilan qo‘riqlanadigan sirlarga, shaxsga doir ma’lumotlar va maxfiy axborotdan foydalanish tartibiga rioya etgan holda hamjihatlik va hamkorlik to‘g‘risida yozma kelishuvlar tuzishga haqli.
Banklar ustidan konsolidatsiyalashgan nazoratni amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
49-modda. Bankning moliyaviy ahvolini tiklash rejasi
Bank o‘zining moliyaviy ahvoli yomonlashgan taqdirda Markaziy bankning talabiga ko‘ra uni tiklash choralarini o‘z ichiga olgan bankning moliyaviy ahvolini tiklash rejasini (bundan buyon matnda tiklash rejasi deb yuritiladi) ishlab chiqadi hamda ko‘rib chiqish va baholash uchun taqdim etadi.
Bank tiklash rejasini har yili yoki bankning tashkiliy tuzilmasida, uning faoliyatida yoki moliyaviy ahvolida tiklash rejasiga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlardan keyin yangilashi kerak.
Bankning tiklash rejasi makroiqtisodiy va moliyaviy inqiroz ko‘rinishlarining bank faoliyatiga ta’sirini, shu jumladan tizimga oid hodisalarni va mazkur bank uchun tavakkalchiliklarni o‘zida aks ettirishi kerak.
Bankni tiklash rejasi tegishli qarorlar qabul qilinishi kerak bo‘lgan holatni aniqlovchi chora-tadbirlar ro‘yxatini va ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olishi kerak.
Tiklash rejasi bank tomonidan taqdim etilgan kundan e’tiboran uch oy ichida Markaziy bank uni ko‘rib chiqadi va ushbu rejaning quyidagi mezonlarga muvofiqligini baholaydi:
tiklash rejasida ko‘rsatilgan chora-tadbirlar amalga oshirilgan taqdirda, bankning moliyaviy mavqeini saqlab qolishi va (yoki) tiklashi;
moliyaviy inqiroz sharoitida tiklash rejasida ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni tez va samarali amalga oshirish, shuningdek bank va moliya tizimiga salbiy ta’sirlarni kamaytirish imkoniyati.
Tiklash rejasi ushbu moddaning beshinchi qismida ko‘rsatilgan mezonlarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, Markaziy bank bankdan:
tiklash rejasini qayta ko‘rib chiqishni;
tiklash rejasiga Markaziy bank tomonidan belgilangan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni;
tiklash rejasidagi kamchiliklarni yoki uni amalga oshirish borasidagi to‘siqlarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan, o‘z faoliyatiga kiritiladigan o‘zgarishlarni bank tomonidan aniqlashni;
tavakkalchiliklar sohasini kamaytirishni;
bankni qayta kapitallashtirish choralari o‘z vaqtida ko‘rilishini;
bankni rivojlantirish strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni;
bank boshqaruvining tashkiliy tuzilmasini o‘zgartirishni talab qilishga haqli.
Ushbu modda oltinchi qismining beshinchi – sakkizinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan chora-tadbirlar, agar ushbu modda oltinchi qismining ikkinchi – to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan chora-tadbirlar tiklash rejasining banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini ta’minlamasa, qo‘llaniladi.
Banklar guruhining asosiy banki guruh darajasida o‘zining moliyaviy ahvoli yomonlashganidan keyin tiklash uchun ko‘riladigan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi bank guruhini tiklash rejasini ishlab chiqishi kerak.
Banklar guruhini tiklash rejasi banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
Bankni tiklash rejasining mazmuniga va yangilanishiga oid talablar, uni taqdim etish va baholash tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
50-modda. Nazoratga doir vazifalar
Markaziy bank nazoratga doir vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
banklardan, ularga aloqador shaxslardan va o‘z nazorati ostidagi shaxslardan, bank tomonidan autsorsingga berilgan xizmatlar va operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslardan olingan hisobotlarni, shuningdek boshqa hujjatlarni olish va tekshirishga, axborotga tushuntirish berishni talab qilishga;
banklarning, bank tomonidan autsorsingga berilgan xizmatlar va operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarning, shuningdek konsolidatsiyalashgan asosda nazorat qilinishi lozim bo‘lgan boshqa shaxslarning faoliyatini tekshirishga;
banklarning axborot tizimlaridan va ma’lumotlar bazasidan foydalanishga haqlidir.
51-modda. Nazorat choralari
Markaziy bank quyidagi hollarda banklardan yoki bank guruhlaridan zudlik bilan zarur choralar ko‘rishni talab qilishga haqli:
bankning yoki banklar guruhining faoliyati banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lmaganda;
bank yoki banklar guruhi tomonidan keyingi o‘n ikki oy davomida banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishi ehtimoli to‘g‘risida Markaziy bankning mulohazalariga asoslangan axborot mavjud bo‘lganda;
Markaziy bank tomonidan bankning yoki banklar guruhining faoliyatiga va (yoki) axborot xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatuvchi tavakkalchiliklar aniqlanganda.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hollarda Markaziy bank bankdan yoki banklar guruhidan:
kapital bo‘yicha prudensial normativlarning Markaziy bank tomonidan belgilangan talablardan yuqori miqdorda bo‘lishini ta’minlash va saqlab turishni;
korporativ boshqaruvni, tavakkalchiliklarni boshqarishni, ichki nazoratni va bankning moliyaviy ahvolini tiklash rejasini takomillashtirishni;
bankning yoki banklar guruhining faoliyati banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini taqdim etishni;
bankni moliyaviy sog‘lomlashtirish, shu jumladan o‘z aktivlari tuzilmasini o‘zgartirish va xarajatlarini qisqartirish, bankni qayta tashkil etish, bank filialini yoki boshqa bo‘linmalarini yopish bo‘yicha tadbirlarni bank tomonidan amalga oshirishni;
kapitalga doir talablarni hisobga olgan holda yakka tartibdagi zaxiralash talablarini yoki aktivlarni boshqarish usullarini qo‘llashni;
bankning yoki banklar guruhining barqarorligini sezilarli darajada yomonlashtiruvchi tavakkalchiliklarga sabab bo‘ladigan ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga va ularning infratuzilmasini kengaytirishga nisbatan belgilangan cheklovlarga va (yoki) taqiqqa bank tomonidan rioya etilishini;
bankning faoliyatiga, xizmatlariga, moliyaviy operatsiyalariga va ichki tizimiga xos bo‘lgan tavakkalchilikning pasaytirilishini;
sof foydaning bankning ustav kapitalini ko‘paytirishga yo‘naltirilishini;
aksiyadorlarga yoki qo‘shimcha kapital vositalarini saqlovchilarga dividendlar va subordinar qarzlar bo‘yicha foizlar to‘lashga doir cheklovlarning va (yoki) taqiqning bajarilishini;
bank xodimlariga sof foydadan foizlar tarzida to‘lanadigan mukofot to‘lovlari bo‘yicha cheklovlarning va (yoki) taqiqning bajarilishini, agar mazkur to‘lovlar oqibatida kapitalga doir talablarga bank muvofiq bo‘lmasa yoki uning ushbu talablarga muvofiq emasligi ehtimoli bo‘lsa;
cheklov amal qilishi davrida tuziladigan (muddati uzaytiriladigan) bank omonatlari bo‘yicha bank omonati shartnomalarida belgilangan foiz stavkasi miqdori bo‘yicha cheklovni bajarishni;
qo‘shimcha hisobotlar taqdim etilishini;
bank likvidligiga oid muammolarning oldini olish maqsadida to‘lovlarning uzluksizligi, moliyaviy manbalarning tegishli tuzilmasi hamda aktivlar va majburiyatlarning muddatlar bo‘yicha mutanosibligi uchun zarur bo‘lgan likvid aktivlarning eng kam summasini saqlab turish bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini;
bank kuzatuv kengashi tomonidan aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini o‘tkazishni, aksiyadorlar Markaziy bank tomonidan belgilangan masalalarni, shu jumladan bank kapitalini bankning moliyaviy barqarorligini ta’minlay oladigan miqdorgacha ko‘paytirish masalasini ko‘rib chiqishni;
bank kuzatuv kengashining bitta yoki undan ortiq a’zosining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish, boshqaruvining bitta yoki undan ortiq a’zosini, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlarini egallab turgan lavozimidan chetlatishini yoki almashtirishini;
bank boshqaruvi tomonidan bir necha yoki barcha kreditorlarning qarzlarini restrukturizatsiya qilishga doir tadbirlar rejasining ishlab chiqilishini;
qo‘shimcha ma’lumotlarning oshkor etilishini;
Markaziy bankning boshqa ko‘rsatmalari bajarilishini talab qilishga haqli.
Bank kuzatuv kengashi tomonidan ushbu modda ikkinchi qismining o‘n beshinchi xatboshisida ko‘rsatilgan talab bajarilmagan taqdirda Markaziy bank aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirishga va kun tartibini belgilashga haqli.
52-modda. Vaqtinchalik boshqaruvchi
Agar kuzatuv kengashining yoki boshqaruvning bitta yoki bir necha a’zosini almashtirish bo‘yicha Markaziy bank tomonidan amalga oshirilgan nazorat choralari yetarli emas deb hisoblansa, Markaziy bank:
kuzatuv kengashi va boshqaruv a’zolari bilan vaqtinchalik ishlashga;
kuzatuv kengashi va boshqaruv a’zolarini vaqtinchalik almashtirishga;
bankka bitta yoki bir necha vaqtinchalik boshqaruvchini tayinlashga haqli.
Vaqtinchalik boshqaruvchi ushbu Qonun 36-moddasining talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Bank aksiyadori, qarz oluvchisi, kreditori yoki bankka aloqador shaxs bankning vaqtinchalik boshqaruvchisi etib tayinlanishi mumkin emas.
Markaziy bank vaqtinchalik boshqaruvchini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, uning vakolatlarini bank ustaviga va ushbu Qonunga muvofiq belgilash bo‘yicha mutlaq huquqqa ega.
Markaziy bank tomonidan belgilangan hollarda vaqtinchalik boshqaruvchining harakatlari Markaziy bank bilan oldindan kelishilishi kerak. Oldindan kelishmay turib amalga oshirilgan harakatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Vaqtinchalik boshqaruvchi Markaziy bankka bankning moliyaviy ahvoli va o‘z vakolatlari doirasida ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi hisobotlarni Markaziy bank tomonidan belgilangan muddatlarda, shuningdek amalga oshirilgan ishlar haqidagi yakuniy hisobotni taqdim etadi.
Markaziy bank vaqtinchalik boshqaruvchining zimmasiga ushbu Qonunga muvofiq choralar ko‘rish, shu jumladan bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish va kapitalni ko‘paytirish to‘g‘risida talab qo‘yish majburiyatini yuklatishga haqli.
Vaqtinchalik boshqaruvchi o‘n ikki oygacha bo‘lgan muddatga tayinlanadi. Bu muddat alohida hollarda Markaziy bank tomonidan uzaytirilishi mumkin.
Bankda vaqtinchalik boshqaruvni amalga oshirish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
7-bob. Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun Markaziy bank tomonidan qo‘llaniladigan choralar hamda sanksiyalar
53-modda. Choralarning va sanksiyalarning qo‘llanilishi
Markaziy bank ushbu Qonunning 54, 55 va 56-moddalarida ko‘rsatilgan qoidabuzarliklar uchun javobgar bo‘lgan bankka, uning kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolariga, shuningdek bankning muhim ahamiyatga ega xodimlariga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llashga haqli.
Qoidabuzarliklar qo‘pol, jiddiy va juz’iy qoidabuzarliklarga bo‘linadi.
Choralar va sanksiyalarni qo‘llash tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Choralar va sanksiyalar qo‘llanilganda Markaziy bank quyidagilarni hisobga oladi:
tavakkalchilikning darajasini, qoidabuzarliklarning xususiyatini, miqyosini va oqibatlarini;
qoidabuzarliklarning tizimliligini va davomiyligini;
yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarning moliyaviy holatga ta’sirini;
qo‘llaniladigan choralar va (yoki) sanksiyalar natijasida vaziyatni o‘zgartirish imkoniyatini;
aniqlangan qoidabuzarliklarning va (yoki) tavakkalchiliklarning yuzaga kelishiga olib kelgan sabablarni;
ilgari qo‘llanilgan choralar va sanksiyalarning samaradorligini (natijadorligini);
bank, bevosita va bilvosita aksiyador tomonidan, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdor, kuzatuv kengashining va boshqaruvning a’zosi, bankning muhim ahamiyatga ega xodimi tomonidan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan mustaqil choralar ko‘rilishini.
54-modda. Qo‘pol qoidabuzarliklar
Qo‘pol qoidabuzarliklar jumlasiga quyidagilar kiradi:
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi;
sodir etilishi uchun oldindan Markaziy bankning ruxsatini olish talab etiladigan harakatlarning ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olmay turib amalga oshirilganligi;
bankning yoki banklar guruhining faoliyatidagi qo‘pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi Markaziy bank ko‘rsatmalarining belgilangan muddatda bajarilmaganligi;
foydani taqsimlashda ushbu Qonunning 39-moddasida ko‘rsatilgan talablarning bajarilmaganligi;
bank ustav kapitali miqdori bank ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan belgilangan talabga muvofiq emasligi;
bank yoki banklar guruhi kapitali monandligi koeffitsiyentining olti oydan ko‘proq muddat davomida Markaziy bank tomonidan belgilangan yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdordan sakson foizgacha va undan kamroq foizgacha pasayganligi;
bank aktivlari bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi yetarlicha zaxiraning mavjud emasligi;
litsenziyada nazarda tutilmagan moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilganligi;
ushbu Qonun bilan taqiqlangan yoki cheklangan faoliyat amalga oshirilganligi;
bankka aloqador bo‘lgan shaxslar bilan ancha qulay shartlar asosida bitimlar tuzilganligi;
buxgalteriya hisobining hisobotga oid ma’lumotlar buzilishiga olib keladigan va bankning yoki banklar guruhining haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklar bilan yuritilganligi;
auditorlik tashkilotiga bankning auditorlik tekshiruvini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy hisobotlar va boshqa moliyaviy axborotlar taqdim etilmaganligi;
Markaziy bank tomonidan nazorat vazifalari bajarilishiga to‘sqinlik qilinganligi;
bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi;
Markaziy bankka axborotni taqdim etmaganlik, o‘z vaqtida taqdim etmaganlik yoki bankning yoki banklar guruhining to‘lov layoqatini yoxud likvidligini baholashni o‘tkazishga to‘sqinlik qiluvchi buzilgan yoki to‘liq bo‘lmagan axborot taqdim etilganligi;
oxirgi benefitsiar mulkdorlar to‘g‘risidagi axborotning oshkor etilmaganligi;
boshqaruvning tashkiliy tuzilmasida, ichki nazoratda, shuningdek tavakkalchiliklarni boshqarish tizimida bankning to‘lov layoqatiga tahdid soluvchi yoki zarar ko‘rilishiga olib keluvchi nuqsonlarning mavjudligi;
tizimli ahamiyatga ega banklar tomonidan Markaziy bankning bufer kapitaliga oid talablariga rioya etilmaganligi;
bank tomonidan ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish yoki filiallar ochishga doir cheklovlarga va (yoki) taqiqqa rioya etilmaganligi;
bank tomonidan bankning moliyaviy ahvolini tiklash rejasi taqdim etilmaganligi;
bankning kuzatuv kengashi va boshqaruv a’zolari, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlarining ushbu Qonunning 36-moddasi talablariga muvofiq emasligi;
bank siri to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolining tarqatilishini moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilganligi;
jiddiy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qo‘llanilganidan keyin besh yil davomida takroran sodir etilgan xuddi shunday qoidabuzarlik.
55-modda. Jiddiy qoidabuzarliklar
Jiddiy qoidabuzarliklar jumlasiga quyidagilar kiradi:
prudensial normativlarga rioya etilmaganligi, bundan bank ustav kapitalining eng kam miqdoriga oid talablar mustasno;
bank yoki banklar guruhi kapitali monandligi koeffitsiyentining olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddat davomida Markaziy bank tomonidan belgilangan yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdordan sakson foizgacha va undan kamroq foizgacha pasayganligi;
banklar tomonidan to‘lovlarning o‘z vaqtida o‘tkazilmaganligi;
moliyaviy ahvoli barqaror bo‘lmagan qarz oluvchilarning kreditlari restrukturizatsiya qilinganligi;
Markaziy bankning aniqlangan qoidabuzarliklar to‘g‘risida bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishini xabardor qilishga doir talabi bankning kuzatuv kengashi yoki boshqaruv a’zolari tomonidan bajarilmaganligi;
bankning kuzatuv kengashi yoki boshqaruv a’zolari yoxud muhim ahamiyatga ega xodimlari tomonidan korporativ boshqaruv va mukofotlash siyosatlari bajarilmaganligi;
buxgalteriya hisobini yuritish va hisobotlarni tuzish qoidalari buzilganligi;
juz’iy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qo‘llanilganidan keyin uch yil davomida takroran sodir etilgan xuddi shunday qoidabuzarlik.
56-modda. Juz’iy qoidabuzarliklar
Juz’iy qoidabuzarliklar jumlasiga mazkur Qonunning 54 va 55-moddalariga muvofiq qo‘pol yoki jiddiy qoidabuzarlik hisoblanmaydigan, banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga javob bermaydigan nomuvofiqliklar kiradi.
57-modda. Qo‘pol qoidabuzarliklar uchun choralar va sanksiyalar
Qo‘pol qoidabuzarliklarni sodir etganlik uchun Markaziy bank:
banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan holda amalga oshirilgan moliyaviy operatsiyalardan olingan daromadlarning miqdorini aniqlash imkoni bo‘lsa, bankdan ushbu daromadlarning ikki baravari miqdoridan yoki bank tomonidan o‘tgan moliya yili davomida olingan sof foydaning besh foizi yoki bank jami kapitalining bir foizi miqdoridan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima undirishga;
ushbu Qonun 51-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan choralarni bankka nisbatan alohida holda yoki jamlangan tarzda qo‘llashga;
litsenziyani chaqirib olishga;
bank kuzatuv kengashining, boshqaruvining a’zosidan yoki muhim ahamiyatga ega xodimidan jarima qo‘llanilayotgan oydan avvalgi bir yil ichida olingan mukofotning yuz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima undirishga;
qoidabuzarliklar, qoidabuzarlarga nisbatan qo‘llanilgan choralar va sanksiyalar to‘g‘risidagi xabarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishga haqli.
58-modda. Jiddiy qoidabuzarliklar uchun choralar va sanksiyalar
Jiddiy qoidabuzarliklarni sodir etganlik uchun Markaziy bank:
banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarni buzgan holda amalga oshirilgan moliyaviy operatsiyalardan olingan daromadlarning miqdorini aniqlash imkoni bo‘lsa, bankdan ushbu daromadlarning bir yarim baravari miqdoridan yoki bank tomonidan o‘tgan moliya yili davomida olingan sof foydaning ikki foizi yoki bank jami kapitalining 0,5 foizi miqdoridan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima undirishga;
ushbu Qonun 51-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan choralarni bankka nisbatan alohida holda yoki jamlangan tarzda qo‘llashga;
bank kuzatuv kengashining, boshqaruvining a’zosidan yoki muhim ahamiyatga ega xodimidan jarima qo‘llanilayotgan oydan avvalgi bir yil ichida olingan mukofotning yetmish besh foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima undirishga;
qoidabuzarliklar, qoidabuzarlarga nisbatan qo‘llanilgan choralar va sanksiyalar to‘g‘risidagi xabarni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishga haqli.
Banklar tomonidan to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan hollarda Markaziy bank bankning aybi bilan amalga oshirilmay qolgan summaga teng miqdorda jarima solishga haqli.
59-modda. Juz’iy qoidabuzarliklar uchun choralar va sanksiyalar
Juz’iy qoidabuzarliklarni sodir etganlik uchun Markaziy bank:
banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan holda amalga oshirilgan moliyaviy operatsiyalardan olingan daromadlarning miqdorini aniqlash imkoni bo‘lsa, bankdan ushbu daromadlardan yoki bank tomonidan o‘tgan moliya yili davomida olingan sof foydaning bir foizi yoki bank jami kapitalining 0,1 foizi miqdoridan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima undirishga;
ushbu Qonun 51-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan choralarni bankka nisbatan alohida holda yoki jamlangan tarzda qo‘llashga;
bank kuzatuv kengashining, boshqaruvining a’zosidan yoki muhim ahamiyatga ega xodimidan jarima qo‘llanilayotgan oydan avvalgi bir yil ichida olingan mukofotning ellik foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima undirishga;
qoidabuzarga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida yozma ogohlantirish yuborishga haqli.
8-bob. Banklararo operatsiyalar va mijozlarga xizmat ko‘rsatish
60-modda. Banklararo operatsiyalar
Banklar shartnoma asosida pul mablag‘larini depozitlar, kreditlar shaklida bir-biridan jalb etishi va bir-biriga joylashtirishi, hisob-kitob markazlari va vakillik hisobvaraqlari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirishi hamda litsenziyada nazarda tutilgan boshqa moliyaviy operatsiyalarni bajarishi mumkin.
Markaziy bank sog‘lomlashtirish rejimida bo‘lgan banklar uchun banklararo operatsiyalar bo‘yicha qo‘shimcha limitlar belgilashga haqli.
61-modda. Banklar va ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlar
Banklar va ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlar shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Mijozlar o‘zlari tanlagan bitta yoki bir necha bankda milliy va chet el valyutasida bank hisobvaraqlari ochishga haqli.
Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish, shuningdek banklar va ularning mijozlari o‘rtasidagi milliy va chet el valyutasidagi hisob-kitoblar tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
62-modda. Kreditlar, depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari va bank operatsiyalariga oid vositachilik haqi miqdori
Kreditlar, depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari, bank operatsiyalariga oid vositachilik haqi miqdori bank tomonidan mustaqil belgilanadi.
Bank mijozlar bilan tuzilgan shartnomalar shartlarini, shu jumladan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini va ularni belgilash tartibini, depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarini, vositachilik haqi miqdorini va ushbu shartnomalarning amal qilish muddatlarini bir taraflama o‘zgartirish huquqiga ega emas.
63-modda. Kreditlarning qaytarilishini ta’minlash
Banklar garov, kafolatlar, kafillik, majburiyatlar asosida va majburiyatlar bajarilishini ta’minlashning qonunda nazarda tutilgan boshqa usullari asosida kreditlar beradi.
Qarz oluvchi tomonidan shartnomaga doir majburiyatlar buzilgan taqdirda, banklar taqdim etilgan kreditlarni va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni shartnomada nazarda tutilgan tartibda muddatidan ilgari undirishga, shuningdek undiruvni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishga haqli.
Yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi), ushbu Qonun 7-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilmagan va uning talablariga muvofiq bo‘lmagan aksiyalari hamda ulushlari banklar tomonidan ta’minot sifatida qabul qilinishi mumkin emas.
Banklar ta’minlanmagan kredit (ishonchga asoslangan kredit) berish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Banklarga o‘z aksiyalarini garovga qo‘yish evaziga kredit berish taqiqlanadi.
Ushbu moddada belgilangan normalar banklarning kafolatlar berishga oid moliyaviy operatsiyalarni ta’minlashga nisbatan ham tatbiq etiladi.
64-modda. Qarzdorni to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilish
Bank qarzni to‘lash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmayotgan qarzdorning bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat qilishga haqli.
9-bob. Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish
65-modda. Bank xizmatlarini ko‘rsatish
Bank xizmatlarining iste’molchilari bankni va bank xizmatlarini tanlashda erkindir. Banklar iste’molchining talabiga binoan unga bank xizmatlarini ko‘rsatish shartlari bilan tanishish imkoniyatini taqdim etishi shart.
Bank shaxsni bankning xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanish sharti sifatida bankning yoki o‘zga uchinchi shaxsning boshqa bank xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanishga majbur qilmasligi kerak.
66-modda. Bank xizmatlari to‘g‘risidagi axborotni oshkor qilish
Bank xizmatlari ko‘rsatishning umumiy shartlari, vositachilik haqi, tariflar va bank xizmatlari ko‘rsatganlik uchun foiz stavkalari to‘g‘risidagi axborot ochiq axborot bo‘lib, ular bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Mazkur axborot tijorat yoki bank sirining predmeti bo‘lishi mumkin emas.
Bank xizmatlari ko‘rsatish shartnomasi tuzilguniga qadar iste’molchiga ular to‘g‘risidagi axborotning to‘liq oshkor qilinishi ta’minlanishi kerak. Ko‘rsatiladigan bank xizmatlarining shartlari va qiymati haqidagi axborotni mijozga taqdim etishni rad qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Banklar kredit berish qanday shartlar asosida amalga oshirilayotganligi haqida, shu jumladan kreditning (qarzning) to‘liq qiymati to‘g‘risida mijozga axborot berishi kerak.
Kreditning (qarzning) to‘liq qiymati deganda hisob-kitob qilish chog‘ida qarz oluvchining kredit (qarz) olish bilan bog‘liq to‘lovlari hisobga olinadigan ishonchli, yillik va samarali tarzda hisoblab chiqarilgan foiz stavkasi tushuniladi. Kreditning (qarzning) to‘liq qiymati hisob-kitobiga qarz oluvchining to‘lovlari, shu jumladan uchinchi shaxslar foydasiga to‘lovlari, agar qarz oluvchining bunday to‘lovlar bo‘yicha majburiyati shartnoma shartlaridan kelib chiqsa va (yoki), agar kredit (qarz) berish bunday to‘lovlarni amalga oshirishga bog‘liq qilib qo‘yilgan bo‘lsa, kiritiladi.
Bank xizmatlari ko‘rsatishning umumiy shartlaridagi o‘zgarishlar ular kuchga kirishidan kamida o‘n kun oldin bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi kerak, shuningdek foiz stavkalarining va valyutalarni ayirboshlash kursining o‘zgarishi to‘g‘risidagi axborot ular o‘zgargan kuni e’lon qilinadi.
67-modda. Omonatchilarning huquqlari
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bank omonatchilari bo‘lishi mumkin.
Omonatchilar o‘ziga tegishli pul mablag‘larini omonatlarga joylashtirish uchun bankni tanlashda erkindir va bir yoki bir nechta bankda omonatlarga ega bo‘lishi mumkin.
68-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish
Banklar mijozlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartib-taomilini o‘z ichiga olgan tartibga ega bo‘lishi shart. Mijozlarning murojaatlari bankka kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kundan kechiktirmay, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi va yozma yoki elektron shaklda javob berilishi kerak.
Mijozlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalariga oid hujjatlar kamida uch yil saqlanishi kerak.
69-modda. Monopoliyaga qarshi qoidalar
Banklarga moliyaviy operatsiyalar bozorini monopollashtirish va bank sohasida raqobatni cheklashga qaratilgan bitimlarga erishish uchun o‘z uyushmalaridan va boshqa birlashmalaridan foydalanish taqiqlanadi.
Banklarning monopoliyaga qarshi qoidalarga rioya etishi Markaziy bank tomonidan, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq monopoliyaga qarshi organ tomonidan nazorat qilinadi.
10-bob. Banklarda hisobga olish, hisobotlar va auditorlik tekshiruvi
70-modda. Banklarda buxgalteriya hisobini yuritish
Banklar buxgalteriya hisobini Markaziy bank tomonidan belgilangan qoidalar asosida ishlab chiqilgan ichki hisob-kitob siyosatiga muvofiq tashkil etadi va yuritadi.
Banklar moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini qo‘llashi mumkin.
Banklardagi buxgalteriya hisobi:
boshqaruvga, moliyaga, soliqqa va nazoratga oid hisobotning hamda boshqa hisobotlarning ishonchliligini, ularda bankning haqiqiy moliyaviy holati va faoliyati natijalari aks ettirilishini;
bank aktivlarini va yuzaga keluvchi tavakkalchiliklarni boshqarish xavfsizligini;
bank aksiyadorlari va kuzatuv kengashi tomonidan bankning moliyaviy ahvolini va uning mansabdor shaxslarining ishini nazorat qilish imkoniyatini ta’minlashi kerak.
71-modda. Banklarning hisobotlari
Banklar Markaziy bankka moliyaviy va nazorat hisobotlarini taqdim etadi.
Bank o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni Markaziy bank tomonidan belgilangan shakllarda, tartibda va muddatlarda tuzadi hamda Markaziy bankka taqdim etadi.
Banklar Markaziy bankning talabiga ko‘ra konsolidatsiyalashgan, davriy, shuningdek bir martalik hisobotlarni taqdim etadi.
Bank Markaziy bankka taqdim etiladigan hisobotlarning va boshqa ma’lumotlarning yaxlitligi hamda ishonchliligi uchun javobgardir.
Banklar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa turdagi hisobotlarni ham taqdim etadi.
72-modda. Banklar tomonidan moliyaviy hisobotlarni e’lon qilish
Banklar moliyaviy hisobotlarni, banklar guruhining asosiy banki konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarni ularda ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini auditorlik tashkiloti tasdiqlaganidan keyin Markaziy bank tomonidan belgilanadigan shaklda e’lon qiladi.
Banklar o‘z mablag‘lariga, kapitalga doir talablarning bajarilishiga, likvidlikka, tavakkalchiliklarning qiymatiga va boshqa muhim ko‘rsatkichlarga (normativlarga) doir axborotni oshkor etishi kerak.
73-modda. Bank operatsiyalariga doir hujjatlarni saqlash
Banklar hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda va muddatlarda o‘z idoraviy arxivida saqlashi shart.
74-modda. Banklarning va banklar guruhining auditorlik tekshiruvi
Bank va banklar guruhi auditorlik tekshiruvining maqsadi bankning va banklar guruhining moliyaviy axboroti hamda boshqa moliyaviy ma’lumotlari to‘g‘riligini va buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga hamda moliyaviy hisobotlarga oid xalqaro standartlarga muvofiqligini auditorlik tashkiloti tomonidan aniqlashdan iborat.
Banklarning yillik moliyaviy hisobotlari va banklar guruhining yillik konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisoboti auditorlik tekshiruvidan o‘tkazilishi majburiydir. Bankning va banklar guruhining auditorlik tekshiruvi Markaziy bankning talabiga ko‘ra umuman bankning yoki banklar guruhining faoliyati bo‘yicha ham, ular faoliyatining alohida yo‘nalishlari bo‘yicha ham o‘tkazilishi mumkin.
Bankning yillik moliyaviy hisoboti, banklar guruhining yillik konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisoboti to‘g‘risidagi auditorlik xulosasi qonunda nazarda tutilganidan tashqari, auditorlik tashkiloti tomonidan:
bank, banklar guruhi tomonidan hisobot sanasidagi holatga ko‘ra prudensial normativlarning bajarilishini;
bankning, banklar guruhining ichki nazorati va tavakkalchiliklarini boshqarish tizimlarining tashkil etilishi Markaziy bank tomonidan qo‘yilgan talablarga muvofiqligini tekshirish natijalarini o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Auditorlik tashkilotlari bankning va banklar guruhining faoliyatini tekshirish natijalariga ko‘ra moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlaydi (yoki tasdiqlamaydi), shuningdek bankning yillik moliyaviy hisobotiga, banklar guruhining konsolidatsiyalashgan yillik moliyaviy hisobotiga ilova qilinadigan auditorlik xulosasini beradi.
Auditorlik xulosasisiz bankning yillik moliyaviy hisoboti, shuningdek banklar guruhining konsolidatsiyalashgan yillik moliyaviy hisoboti Markaziy bank tomonidan qabul qilinmaydi va e’lon qilinmaydi.
75-modda. Bankning va banklar guruhining auditorlik tekshiruvini amalga oshiruvchi auditorlik tashkilotiga doir talablar
Bank moliyaviy hisobotining va banklar guruhi konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotining auditorlik tekshiruvi auditorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga hamda Markaziy bankning banklarni auditorlik tekshiruvlaridan o‘tkazish huquqini beruvchi sertifikatiga ega bo‘lgan auditorlik tashkiloti tomonidan o‘tkaziladi.
Auditorlik tashkiloti bankka aloqador shaxs bo‘lmasligi va uning oldida pul majburiyatlariga ega bo‘lmasligi kerak.
Bank bilan (banklar guruhining asosiy banki bilan) auditorlik tashkiloti o‘rtasida tuzilgan shartnomalarda auditorlik hisobotining Markaziy bankka topshirilishini cheklovchi qoidalar bo‘lmasligi kerak.
Auditorlik tashkiloti:
banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarining qo‘pol buzilishiga olib keluvchi;
bank faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan;
moliyaviy hisobotning ishonchliligi va buxgalteriya hisobini yuritish tartibi qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligi to‘g‘risida fikr bildirishni auditorlik tashkiloti tomonidan rad etishga yoki fikrlarni qo‘shimcha shart bilan bildirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar to‘g‘risida Markaziy bankni darhol xabardor etishi shart.
Markaziy bankning talabiga ko‘ra auditorlik tashkiloti auditorlik hisoboti bilan bog‘liq qo‘shimcha tushuntirishlar taqdim etishi kerak.
Banklarda auditorlik tekshiruvini o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari, banklarda auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish huquqini beruvchi sertifikatni va auditorning malaka sertifikatini berish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
11-bob. Banklarni qayta tashkil etish va tugatish
76-modda. Bankni qayta tashkil etish
Bankni qayta tashkil etish raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablari hisobga olingan holda, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining qaroriga muvofiq qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish va o‘zgartirish shaklida Markaziy bankning ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bankni qayta tashkil etish Markaziy bankning talabiga binoan ham amalga oshirilishi mumkin.
Davlat yagona ta’sischisi bo‘lgan bankni qayta tashkil etish Markaziy bank bilan kelishilgan holda vakolatli organning qarori asosida amalga oshiriladi.
Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining bankni qayta tashkil etish to‘g‘risidagi qarori mavjudligi bankni qayta tashkil etish uchun ruxsatnoma olish to‘g‘risida Markaziy bankka ariza berish uchun asos bo‘ladi.
Markaziy bank bankni qayta tashkil etishni rad etgan taqdirda, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining bankni qayta tashkil etish to‘g‘risidagi qarori haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Bankni qo‘shib yuborish, bo‘lish, ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etish uchun Markaziy bankning ruxsatnomasi olinganidan keyin qayta tashkil etish natijasida yangidan vujudga keladigan har bir bankni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va litsenziya olish uchun zarur tashkiliy-texnik tadbirlar bajariladi.
Bankni qayta tashkil etish uchun Markaziy bankning ruxsatnomasi olinganligi qayta tashkil etilishi natijasida vujudga keladigan banklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga litsenziya berish uchun kafolat bo‘la olmaydi.
Qayta tashkil etilayotgan bank qayta tashkil etish jarayonini Markaziy bankning ruxsatnomasi olingan kundan e’tiboran olti oy ichida tamomlashi shart.
Qayta tashkil etish natijasida yangidan yuzaga kelgan banklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga litsenziya berish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bankni qayta tashkil etish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
77-modda. Litsenziyani chaqirib olish
Markaziy bank quyidagi hollarda litsenziyani chaqirib olishga haqli:
agar bank litsenziyani olganidan keyin o‘n ikki oy ichida bank faoliyatini amalga oshirishni boshlamagan, bu faoliyatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri voz kechgan yoki moliyaviy operatsiyalarni uch oydan ortiqroq muddat davomida amalga oshirmagan bo‘lsa;
litsenziya berish shartlari bank tomonidan bajarilmaganda;
ushbu Qonunning 54-moddasida ko‘rsatilgan qo‘pol qoidabuzarliklardan biri bank tomonidan sodir etilganda;
agar bank ketma-ket keluvchi uch chorakning har birida bank regulyativ kapitalining o‘n foizidan ortiq yoki muddatidan qat’i nazar, regulyativ kapitalning ellik foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rgan bo‘lsa yoki zarar ko‘rish ehtimoli mavjud bo‘lsa;
qayta tashkil etish natijasida bankning faoliyati tugatilganda;
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida bankni ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda;
O‘zbekiston Respublikasida bank tashkil etgan chet davlat bankidan litsenziya chaqirib olinganda;
bank to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolganda.
Bankning to‘lovga qobiliyatsizligi deganda quyidagi hollar tushuniladi:
bank mijozlarning o‘ziga nisbatan qo‘ygan talablarini o‘n besh kun ichida to‘lashga qodir bo‘lmasa;
bankning majburiyatlari uning aktivlaridan ortib ketsa;
omonatchilar va kreditorlar tomonidan bankka ishonib topshirilgan mablag‘larning butligiga xavf soluvchi har qanday boshqa holatlar mavjud bo‘lsa.
Bank boshqaruvi bankning to‘lovga layoqatsizlik holati yuzaga kelgan yoki mijozlar tomonidan talab etilgan da’volarni qanoatlantira olmaslikka oid tavakkalchilik mavjud bo‘lgan hollarda darhol Markaziy bankka xabar berishi kerak.
Markaziy bank boshqaruvining litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qarori ushbu qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank boshqaruvining qarori ushbu qaror qabul qilingan kuni bank rahbariyatiga imzo qo‘ydirib topshiriladi.
Bankning litsenziyasi chaqirib olinganligi to‘g‘risidagi axborot mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir kun ichida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi lozim.
Bankka Markaziy bank boshqaruvining litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan paytdan e’tiboran ushbu Qonunga muvofiq banklar uchun ruxsat etilgan faoliyatni amalga oshirish taqiqlanadi, bundan bankning tugatilishi bilan bog‘liq harakatlar mustasno.
78-modda. Bankning faoliyatini tugatish va bankni tugatish
Bankning faoliyatini tugatish va bankni tugatish ixtiyoriy yoki majburiy (Markaziy bank tomonidan litsenziya chaqirib olinganda) shaklda amalga oshirilishi mumkin.
Bankning faoliyatini tugatish va bankni tugatish uchun:
bank aksiyadorlari umumiy yig‘ilishining bankni ixtiyoriy tugatish to‘g‘risidagi qarori;
Markaziy bank boshqaruvining bankni majburiy tugatish haqidagi qarori asos bo‘ladi.
Bankning faoliyatini tugatish va bankni tugatish, shu jumladan ixtiyoriy shaklda tugatish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Bankni tugatish Banklarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilgan kundan e’tiboran tamomlangan deb va bank tugatilgan deb hisoblanadi.
79-modda. Ixtiyoriy tugatish
Ixtiyoriy tugatish bank aksiyadorlari (ishtirokchilari) umumiy yig‘ilishining ixtiyoriy tugatish to‘g‘risidagi qarori asosida, kreditorlar va omonatchilarning talablarini qanoatlantirish imkoniyati mavjud bo‘lganda hamda Markaziy bankning ruxsati olinganda amalga oshiriladi.
Bankni ixtiyoriy tugatish to‘g‘risidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ishtirok etayotgan ovoz beruvchi aksiyalar egalari bo‘lgan aksiyadorlar ovozlarining to‘rtdan uch qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Bank Markaziy bankka aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan bankni ixtiyoriy tugatish to‘g‘risida qabul qilingan qaror haqida darhol yozma shaklda xabar berishi shart.
Bankni ixtiyoriy tugatishga ruxsat olish uchun bank aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining mazkur qarori qabul qilinganidan keyin besh kundan kechiktirmay Markaziy bankka quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza beradi:
bankni tugatish to‘g‘risida aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan tugatish sabablari ko‘rsatilgan holda qabul qilingan qaror;
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlangan, tugatish jarayonini, kreditorlarning va omonatchilarning talablarini qanoatlantirish tartib-taomillari va muddatlari doirasidagi tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan tugatish rejasi;
ixtiyoriy tugatishga ruxsat berish to‘g‘risida Markaziy bankka ariza bilan murojaat etilgan paytdagi talablarni qanoatlantirish uchun mablag‘lar yetarli ekanligini tasdiqlovchi balans hisoboti;
tugatish komissiyasining tarkibi to‘g‘risidagi axborot va boshqa zarur ma’lumotlar.
Bankni tugatish komissiyasi oldindan Markaziy bank bilan kelishilgan holda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan tayinlanadi. Agar tugatish komissiyasi tayinlanmagan bo‘lsa, bankni tugatish bo‘yicha komissiya Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan tashkil etiladi.
Tugatish komissiyasining rahbari va a’zolari ushbu Qonunning 36-moddasi talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
Markaziy bank bankni ixtiyoriy tugatishga ruxsat berish to‘g‘risidagi arizani olgan kundan e’tiboran ikki oy ichida taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi va quyidagi shartlar bajarilgan bo‘lsa, bankni ixtiyoriy tugatish uchun ruxsat beradi, agar:
bankni ixtiyoriy tugatish to‘g‘risidagi qaror qonun hujjatlariga muvofiq qabul qilingan bo‘lsa;
bank to‘lovga layoqatli bo‘lsa;
bank tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda to‘liq va yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lsa;
taqdim etilgan tugatish rejasi kreditorlar va omonatchilarning talablari to‘liq qanoatlantirilishi uchun imkoniyatlar bo‘lishini ta’minlasa;
bank Markaziy bankning so‘rovnomasiga ko‘ra bankni ixtiyoriy tugatishga ruxsat berish shartlari bajarilganligini aniqlash uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha hujjatlarni belgilangan muddatda taqdim etgan bo‘lsa.
Markaziy bank salbiy qaror qabul qilgan taqdirda ixtiyoriy tugatishga ruxsat berish rad etilgani to‘g‘risidagi asoslantirilgan qarorni bankning kuzatuv kengashiga yetkazadi. Zarur hollarda Markaziy bank tugatish rejasi va jadvalining qayta ko‘rib chiqilishini yoki qo‘shimcha hujjatlar va axborot taqdim etilishini talab qilishi mumkin.
Markaziy bank ixtiyoriy tugatish uchun ruxsat berganidan keyin bank litsenziyasini chaqirib oladi.
Agar ixtiyoriy tugatish jarayonida bank to‘lovga layoqatsiz ekanligi aniqlansa, tugatish komissiyasi zudlik bilan Markaziy bankka xabar berishi hamda bankning moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi tegishli hisobot va hujjatlarni taqdim etishi kerak.
Markaziy bank ushbu moddaning o‘ninchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi va ushbu Qonunning 77-moddasi ikkinchi qismida ko‘rsatilgan asoslardan birontasi mavjud bo‘lgan taqdirda, bankning to‘lovga layoqatsizligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va majburiy tugatish jarayonini boshlab yuboradi.
80-modda. Majburiy tugatish
Bank Markaziy bank boshqaruvining litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qarori asosida majburiy tugatiladi.
Bankni majburiy tugatish chog‘ida tugatish komissiyasi Markaziy bank tomonidan tayinlanadi.
Markaziy bank tugatish komissiyasi tarkibiga Markaziy bank xodimlarini kiritishga haqli.
81-modda. Tugatish komissiyasining vakolatlari
Tugatish komissiyasi tayinlangan paytdan e’tiboran bank ishlarini boshqarish bo‘yicha, shu jumladan bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi va boshqaruvi vakolatlari ushbu komissiyaga o‘tadi.
Tugatish komissiyasi tayinlangan sanadan e’tiboran ikki kun ichida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek bankning rasmiy veb-saytida bank tugatilganligi, shu jumladan uning omonatchilari va kreditorlari tomonidan talablarni qanoatlantirish to‘g‘risidagi arizalarni berish tartibi va muddatlari to‘g‘risidagi e’lonni chop etishi shart. Talablarni taqdim etish muddati bank tugatilganligi to‘g‘risidagi xabar e’lon qilingan kundan e’tiboran ikki oyni tashkil etadi va mazkur muddat tugaganidan so‘ng tugatish komissiyasi tomonidan talablar qabul qilinmaydi.
Tugatish komissiyasi qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq axborotni ham oshkor qilishi kerak.
Tugatish komissiyasi litsenziya chaqirib olingan kundan e’tiboran ikki oy ichida kreditorlarni aniqlash hamda debitorlik qarzlarini va Markaziy bankning majburiy zaxiralar jamg‘armasida depozitga qo‘yilgan mablag‘larni olish choralarini ko‘radi. Mazkur mablag‘lar birinchi navbatda tugatilayotgan bankning qarzlarini jismoniy shaxslarning talablari asosida to‘lashga qaratiladi, bundan bankka aloqador bo‘lgan shaxslar mustasno.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
82-modda. Nizolarni hal etish
Bank va uning mijozlari o‘rtasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
83-modda. Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
LiveBarchasi