Prezident o‘tkazayotgan yig‘ilishda 2 hokim va ularning o‘rinbosarlari “uchdi”
Jamiyat
−
19 noyabr 2025 10734 2 daqiqa
Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Qashqadaryo va Surxondaryodan bittadan tuman hokimlari va ularning birinchi o‘rinbosarlari ishdan olindi.
Yig‘ilishda mahallalarda aholi daromadini oshirish, kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar va 2026 yildagi vazifalar muhokama qilinmoqda.
Denov tumani hokimligi ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani ko‘rsatib o‘tildi. Kambag‘al oilalar reyestriga kirganidan buyon 1200 ta oila daromadida o‘zgarish bo‘lmagan.
Chiroqchi tumaniga joriy yil mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditga 309 milliard so‘m resurs berilgan. Lekin tuman hokimligi shuncha resursi bilan ham odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha bermagan.
Yig‘ilishda Denov tumani hokimi Ilhom Abrorov, uning birinchi o‘rinbosari Sh.To‘raqulov, Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov, uning birinchi o‘rinbosari Zafar Ergashev ishdan olinishi belgilandi.
Davlat rahbari Surxondaryoning Uzun tumanini namunaviy hududlardan biri sifatida qayd etgan. 51 ta mahallasi bo‘lgan tumanga joriy yil kambag‘allikni qisqartirish va bandlik dasturlari doirasida 160 milliard so‘m mablag‘ berilgan.
Tumanga 70 million dollar xorijiy investitsiya olib kelingan, 47 ta korxona ishga tushirilgan, 300 ta servis ob’ektida 1 ming nafar odam ishli bo‘lgan, 9 ta mahalla uzumchilikka ixtisoslashtirilib, tadbirkor bilan aholi o‘rtasida kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan, 2 mingdan ziyod mikroloyihada 4 ming 200 nafar odam daromadli bo‘lgan.
Shularning hisobiga Uzun tumanida yil boshidan kambag‘allik darajasi 10,5 foizdan 3 foizgacha kamaygan.
Live
Barchasi