Prezident Toshkentdagi yangi transport inshootini borib ko‘rdi

Jamiyat

image

Bugun, 3 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida barpo etilgan yangi yo‘l infratuzilmasi ob’ektlari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishshicha, yo‘l infratuzilmasi ob’ektlarining qurilishi 2020 yil avgustda boshlangan. Loyiha doirasida 6,5 kilometr uzunlikdagi 6 tasmali avtomobil yo‘li, 6 ta ko‘prik qurilgan. Bu orqali Sergeli tumanidagi Qipchoq ko‘chasi Yakkasaroy tumanidagi Cho‘ponota va Usmon Nosir ko‘chalari bilan samarali bog‘langan.

Shu paytgacha Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yo‘l – Yangi Sergeli ko‘chasi orqali harakatlanar edi. Soatiga 4 mingta avtotransport qatnoviga mo‘ljallangan bu yo‘lda aslida yuklama bundan katta, shu bois ertalab va kechki paytlarda juda tirband bo‘lardi.

Yangi qurilgan yo‘l soatiga 12 mingtagacha avtotransportni o‘tkazish quvatiga ega. Bu tirbandlik muammosini bartaraf etib, poytaxt aholisiga juda katta qulaylik yaratadi.

Xabarga ko‘ra, ko‘priklar, ularga chiqish-tushish qismlari oqilona loyihalashtirilib, mavjud yo‘llarga svetoforsiz ulangan. Natijada avtotransportlar boshqa yo‘llardagi qatnovga to‘xtovsiz, qulay tarzda qo‘shilib ketishi mumkin.

“Yana bir tomoni – havoga ta’siri. Ma’lumki, yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Lekin bu faqat daraxt ekish degani emas, balki ekologiyani asrash ham demakdir. Yangi yo‘l ochilishi natijasida havoga zararli gaz chiqishi 3 barobarga kamayadi. Yo‘l bo‘ylariga energiya tejamkor yoritgichlar, uzum ishkomlari o‘rnatilgan. Bo‘sh maydonlar ko‘kalamzorlashtirilib, piyodalar yo‘lagi va veloyo‘lakchalar tashkil etilgan”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, shu yerda Toshkent shahrida avtomobil yo‘llari qurish va shahar transport tizimini takomillashtirish takliflari taqdimoti o‘tkazilgan. Bugun ochilgan yo‘lni davom ettirib, Sergeli tumanini aylanib o‘tuvchi halqa yo‘ligacha 6 kilometrlik yo‘l barpo etish loyihasi ma’qullangan.

Davlat rahbari yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirishga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligini aytgan.

“Hamma joyda yo‘l qurib yoki kengaytirib bo‘lmaydi. Ko‘p narsa qatnovni to‘g‘ri tashkil etishga ham bog‘liq. Endi yo‘llarning, chorrahalarning o‘tkazuvchanligini oshirish, raqamlashtirish orqali aholiga qulaylik yaratish kerak”,  degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shu yerda toshkentlik nuroniylar, jamoatchilik faollari bilan suhbatlashgan.

“Milliy qadriyatimizga ko‘ra, yo‘l va ko‘prik qurish – savob. Odamlarning uzog‘ini yaqin qiladigan bu yo‘l hozirgi ulug‘ ayyom kunlarida ochilayotgani ham quvonarli. Ilgari “Sergelida 10 ta uy qursa bo‘ladimi” deganda hech kim ishonmasdi. Oxirgi besh yilda Sergeli va Yangihayot tumanlarida 800 ga yaqin ko‘p qavatli uylar qurildi, qariyb 100 ming aholi boshpanali bo‘ldi. Mana endi yo‘llari ham rivojlanyapti. Hozir mutaxassislar bilan keyingi loyihalar bo‘yicha ham maslahatlashib oldik. Ularni vaqti bilan, mehnatimiz bilan, tinchlik-osoyishtalikda amalga oshira olamiz”, degan davlat rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

310

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing