Prezident Toshkentdagi ekologik vaziyat bo‘yicha farmon chiqardi
Jamiyat
−
25 noyabr 2025 7808 2 daqiqa
Toshkentda ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan maxsus komissiya tuzildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning kecha, 24 noyabr kuni imzolangan “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.
Farmonga muvofiq, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.
Maxsus komissiya atmosfera havosi sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar yoqqan issiqxonalar va boshqa ob’ektlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatadi yoki tugatadi.
Kecha, 24 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Administratsiya hamda aloqador idoralar rahbariyati ishtirokida Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgandi.
Yig‘ilishda so‘nggi kunlarda kuzatilayotgan havo ifloslanishi darajasi chuqur tashvish uyg‘otayotgani, poytaxt aholisini haqli ravishda xavotirga solayotgani, bu holat tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etayotgani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 20 noyabr kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha yetakchi o‘ringa chiqqandi. Mutaxassislar ifloslanishning ortishini keskin harorat o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelgan inversiya bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Bunday sharoitda zararli zarralar yerga yaqin havo qatlamida to‘planib qoladi. Havo sifatini yaxshilash uchun poytaxtning Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent issiqlik elektr markazida mazutdan voz kechildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxt Toshkentda daraxtlar sonini ko‘paytirish, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va atmosfera havosini tozalash maqsadida “Yashil belbog‘” va “Yashil koridor” loyihalari amalga oshirilishi ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi