Prezident tibbiyot oliygohlari talabalari uchun 10 dan ortiq yangiliklarni e’lon qildi

Jamiyat

image

Bugungi kunda O‘zbekiston tibbiyot muassasalarida 8 mingga yaqin tor sohadagi mutaxassislar hamda birlamchi tibbiyot muassasalarida 3 mingdan ziyod oilaviy shifokorlar yetishmaydi. Ayniqsa, Surxondaryo (2 ming nafar), Toshkent (1,5 ming nafar), Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida (ming nafardan) shifokorlarga ehtiyoj ancha yuqori. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida ma’lum qildi. 

Davlat rahbarining qayd etishicha, tizimdagi shifokorlarning 45 foizi, hamshiralarning esa, 40 foizi malaka toifasiga ega emas. Shifokorlarni malaka oshirish kurslari bilan qamrov darajasi bor-yo‘g‘i 25 foizni tashkil etadi.

Mavjud ahvolni o‘nglash uchun, tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha, yangi tizim joriy etiladi.

Buning uchun, 2022-2023 o‘quv yilidan:

•    tibbiyot oliygohlariga davlat grantlari asosida qabul kvotalari, hududlarda shifokorlarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, maqsadli oshirib boriladi;

•    ftiziatriya, gematologiya, nefrologiya, pulmonologiya, psixiatriya, shoshilinch tibbiy yordam, laboratoriya ishi, yuqumli kasalliklar kabi 15 ta tor sohadagi mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga davlat grantlari 4 baravarga oshiriladi;

•    11 ta tibbiyot oliygohida olti oylik ixtisoslashgan kurslar tashkil etilib, har yili 500 nafardan oilaviy shifokorni hududlardagi eng zarur tor soha mutaxassisligi bo‘yicha maqsadli o‘qitish dasturi amalga oshiriladi.

Shuningdek, bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura ta’lim tizimi takomillashtiriladi.

Xususan:

•    bitiruvchilarga qo‘yiladigan malaka talablari, ehtiyoj yuqori bo‘lgan muhim yo‘nalishlar bo‘yicha, qayta ko‘rib chiqiladi;

•    o‘quv rejalari va dasturlar, talabalarning bilimini baholash tizimi xalqaro standartlarga moslashtiriladi;

•    11 ta tibbiyot oliygohida alohida o‘quv markazlari tashkil etilib, ular zamonaviy Simulyatorlar bilan jihozlanadi. Buning uchun, 250 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5–6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga, yo‘llanma asosida, birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi.

Bu orqali, har yili 7 mingga yaqin talaba munosib ish haqi olib, ta’limni amaliyot bilan birga olib borish imkoniga ega bo‘ladi.

Amaliyot davrida yo‘nalishini o‘zgartirishga qaror qilgan talabalarga, o‘qishni boshqa turdosh  mutaxassisliklar bo‘yicha davom ettirishga ruxsat beriladi. 

“Shu bilan birga, soha uchun ilg‘or meditsinani chuqur tushunadigan, axborot texnologiyalari va chet tillarini yaxshi biladigan, boshqaruv qobiliyatiga ega bo‘lgan zamonaviy tibbiyot menejerlarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratamiz”, deydi Prezident.

Yana bir muhim masala – xorijdan nufuzli mutaxassislar jalb qilinib, tibbiyot sohasida malaka oshirish tizimi mutlaqo yangi yondashuvlar asosida to‘liq o‘zgaradi.

Bunda, 11 ta tibbiyot oliygohida malaka oshirish va qayta tayyorlash fakultetlari, 23 ta ixtisoslashgan markazlarda maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Shuningdek, yirik va nufuzli xususiy shifoxonalarda tibbiyot oliygohlarining klinik bazalari tashkil etilib, ularga ham shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlashga ruxsat beriladi.

Shu munosabat bilan Respublika tibbiy xodimlar kasbiy malakasini rivojlantirish hamda O‘rta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish markazlari faoliyati to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. 

Bu tashkilotlar endi faqat zamonaviy metodikalarni ishlab chiqish va joriy qilish bilan shug‘ullanadi.

Shu bilan birga, shifokorlarning malaka toifasini olish muddatlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda, toifasiz xodimlarga talab etiladigan ish stajlari 5 yildan 3 yilga, birinchi toifaga – 7 yildan 5 yilga, oliy toifaga – 10 yildan 7 yilga qisqaradi.

“Aytish joizki, bizda hamshira deganda, ko‘z oldimizga faqat “ukol” qilishni biladigan tibbiyot xodimlari keladi. Lekin, sog‘liqni saqlash tizimi rivojlangan mamlakatlarda esa, o‘rta tibbiyot xodimlarining bilim darajasi, malakasi va mas’uliyati vrachlardan kam emas. Bizda esa, hamma mas’uliyat shifokorlar zimmasida qolib ketgan. Shu bois, tizimda vrachlar yetishmaydi. O‘rta tibbiyot xodimlari soni esa, ehtiyojdan ortiq darajada, ya’ni soni ko‘p, xizmat sifati past”, deydi Prezident.

Qayd etilishicha, joriy yilda 20 ming nafar, 2023 yilda 34 ming nafar yoshlar tibbiyot kolleji va texnikumlarini tugatadi. Lekin, sohada o‘rta tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyoj, yiliga o‘rtacha 10 ming nafarni tashkil etadi, xolos.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

205

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing