Prezident Temur Kapadzening yangi shogirdlari bilan ko‘rishdi
Sport
−
23 iyun 5760 2 daqiqa
Bugun, 23 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi doirasida “Navbahor” futbol akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tashrif davomida davlat rahbari Namanganda faoliyat yuritayotgan va boshqaruvi uch yil muddatga Niderlandiyaning mashhur “Ayaks” futbol akademiyasiga topshirilgan “Navbahor” akademiyasida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgan.
E’lon qilingan suratlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Temur Kapadzeni ham ko‘rish mumkin. Ayni paytda u Namanganning “Navbahor” klubini boshqarib kelmoqda.
Ma’lumki, Jahon chempionati oldidan Temur Kapadze milliy terma jamoa bosh murabbiyi edi. Biroq O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mundialda ishlash uchun bu lavozimga italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaroni tayinlashga qaror qildi.
Dastlab Kapadzening mundialda terma jamoa murabbiylar shtabi tarkibida ishlashi haqida xabarlar tarqalgan edi. Keyinroq mutaxassisning o‘zi mazkur taklifni qabul qilmagani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda ichki chempionatda tanaffus yuzaga kelgani sababli Temur Kapadze nomi ommaviy axborot vositalarida kamroq tilga olinayotgan edi. Biroq uning Prezident tashrifi davomida akademiyada ko‘rinish berishi va bu voqea O‘zbekiston hamda Portugaliya o‘rtasidagi muhim uchrashuv arafasiga to‘g‘ri kelgani futbol muxlislarining e’tiborini tortdi.
Ko‘plab muxlislar hanuzgacha milliy terma jamoani Jahon chempionatida Temur Kapadze boshqarishi kerak edi, degan fikrni bildirib kelmoqda.
Tashrif yakunida mamlakatda futbolni yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasining xalqaro maydonlardagi raqobatbardoshligini oshirish masalalari muhokama qilingan.
Live
Barchasi