Prezident temiryo‘lchilarga tabrik yo‘lladi
Jamiyat
−
05 avgust 2022
6944Temiryo‘lchilarning mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida 2017 yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan avgust oyining birinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni sifatida nishonlanib keladi.
Shu munosabat bilan davlat rahbari soha vakillariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni Prezident Matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlariga
Hurmatli temir yo‘l sohasi xodimlari!
Muhtaram faxriylar!
Avvalo, siz, azizlarni – mohir ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislar, mashinist va vagon kuzatuvchilarini, shu tizimda sidqidildan mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni Temir yo‘l transporti xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Jondan aziz Vatanimiz mustaqilligining shonli 31 yillik bayrami arafasida nishonlanayotgan ushbu quvonchli ayyomda sizlarning mas’uliyatli va sharafli faoliyatingiz haqida so‘z yuritar ekanmiz, istiqlol davrida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati ham katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganini mamnuniyat bilan ta’kidlaymiz.
Mustaqillik yillarida 2 ming 400 kilometrdan ortiq yangi temir yo‘llar barpo etilgani, mavjud temir yo‘llarning 3 ming kilometrdan ziyodi elektrlashtirilgani, 1 ming 100 kilometr qismi qayta tiklangani sohada tarixan qisqa davrda ulkan ishlar amalga oshirilganidan dalolat beradi.
Sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan mamlakatimizda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining talab va ehtiyojlarini ta’minlaydigan zamonaviy temir yo‘l tizimi barpo etilib, kechayu kunduz samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgani albatta e’tiborlidir.
Muhtaram soha xodimlari!
Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulkan va ezgu maqsadni o‘z oldimizga qo‘ygan ekanmiz, zamonaviy taraqqiyot omili bo‘lgan temir yo‘l sohasi rivojiga alohida ahamiyat berishimiz tabiiydir.
Shu maqsadda keyingi yillarda shu borada amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlarimiz tufayli O‘zbekistonning tranzit salohiyati va nufuzi ortib bormoqda.
Hech shubhasiz, yurtimizda temir yo‘l tarmoqlarining kengayib borayotgani barcha hududlarimizni o‘zaro mutanosib rivojlantirish, boy mineral xomashyo resurslarini kompleks o‘zlashtirishda yangi-yangi imkoniyatlar ochmoqda. Shu ma’noda, temir yo‘llar – mamlakatning hayotbaxsh qon tomirlaridir, degan ibora ayni haqiqatdir.
Albatta, xalqimizning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishda temir yo‘l eng qulay va xavfsiz transport turi ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Ayniqsa, “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil barcha islohotlarimiz markaziga qo‘yilayotgan bugungi kunda ushbu transportning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati yanada ortib bormoqda, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
Shuning uchun temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish hajmini oshirish, ularning xavfsizligini ta’minlash, xizmatlar sifatini yaxshilash, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Xususan, lokomotivlar, yuk va yo‘lovchi vagonlari parki modernizatsiya qilinib, yangi vokzallar, muhandislik inshootlari barpo etilmoqda, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ularning bilim va tajribasini muntazam oshirib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sohada olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida azim poytaxtimiz Toshkent shahrida Yunusobod, Sirg‘ali yer osti va yer usti metro yo‘nalishlari foydalanishga topshirilgani, qadimiy Xiva shahriga temir yo‘l tarmog‘i tortilib, zamonaviy vokzal barpo etilgani va boshqa yirik loyihalarni qayd etish o‘rinlidir.
Bu ishlarning uzviy davomi sifatida Toshkent shahrida yer usti metrosining halqa yo‘lini qurish, Buxoro – Miskin temir yo‘l tarmog‘ini elektrlashtirish, Shovot – Qorao‘zak yangi temir yo‘l liniyasi hamda Amudaryo uzra temir va avtomobil yo‘llari ko‘prigini barpo etish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda.
Ayni paytda hozirgi shiddatli taraqqiyot davrida sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha oldimizda o‘ta muhim va dolzarb vazifalar turganini, o‘ylaymanki, sizlar yaxshi tushunasiz. Xususan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi talablari asosida mamlakatimiz temir yo‘l tizimini modernizatsiya qilish, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etgan holda, yirik va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, yangicha fikrlaydigan, xalqimiz va Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan zamonaviy kadrlarni tayyorlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerak.
Ishonchim komil, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining ko‘pmillatli va ahil jamoasi o‘zining fidokorona mehnati, bunyodkorlik salohiyati bilan ana shu vazifalarni muvaffaqiyatli hal etib, mamlakatimiz temir yo‘l sohasi rivojini albatta yangi bosqichga olib chiqadi.
Qadrli vatandoshlar!
Bugun – mana shu qutlug‘ ayyomda soha xodimlari mehnatidan bahramand bo‘lib kelayotgan ming-minglab yurtdoshlarimizning ezgu tilaklarini ifoda etgan holda, siz, azizlarga jonajon Vatanimiz ravnaqi va farovonligi yo‘lidagi samarali mehnatingiz uchun o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman.
Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ezgu ishlaringizda yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti