Prezident temir yo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazyapti
Jamiyat
−
25 Sentabr 2023
6514Bugun, 25 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida temir yo‘l sohasida hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy masalalar yuzasidan yig‘ilish boshlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Majlisda so‘nggi yetti yilda mamlakatda sanoat korxonalari soni 2,7 baravarga oshib, 110 mingtaga yetgani, 2 mingdan ziyod turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani, sanoat hajmi 1,5 baravarga oshgani qayd etilgan.
Eksport hajmi 1,6 barobar ko‘payib, o‘tgan yili 19 milliard dollarga yetdi. Bular hisobiga mamlakatda yuk aylanmasi 30 foizga oshgan. Ayniqsa, Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Samarqand va vodiy viloyatlariga yuk tashish 1,5 baravar ko‘paygan.
Shu bilan birga, xalqaro maydondagi vaziyat hisobiga transport-logistika xarajatlari bir necha barobar oshib ketgan. O‘zbekiston kabi dunyo okeanlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoni yo‘q mamlakatlar uchun eng qulay va arzon transport bu – temir yo‘l hisoblanadi.
“Lekin, hozir ichki bozorda mahsulotning atigi 5 foizi, eksportda esa 45 foizi temir yo‘l orqali tashilmoqda. Ya’ni, temir yo‘l kompaniyasi avtomobilda yuk tashish bilan raqobat qila olmayapti”, deydi Mirziyoyev.
Yig‘ilishda temir yo‘l sohasidagi islohotlar sur’ati iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida amalga oshirilayotgan yangilanishlardan ortda qolayotgani, bu sohada ham tub o‘zgarishlarni amalga oshirish vaqti kelgani ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, bundan ikki oy avval sohaga yangi rahbar tayinlangan. Tizimda eskicha fikrlaydigan, tashabbus bildirmaydigan 30 ga yaqin rahbar yangilangan. Samarasiz shtatlar qisqartirilgan.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 191 ta temir yo‘l stansiyasiga borilib, ulardagi haqiqiy ahvol tahlil qilingan. 500 dan ziyod tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil qilingan.
Ushbu tadbirlar natijasida sohada hal qilinishi kerak bo‘lgan asosiy muammolar aniqlanib, ularning yechimlari belgilab olingan.
“Ayrim temir yo‘l korxonalari rentabelligi past, vagonlar parkining bir qismi ta’mirtalab va yangilanishga muhtoj, sohada xususiy sektor ishtiroki uchun zarur imkoniyatlar yaratilmagan, bilet sotishdagi korrupsiya, vagonlardagi sharoit va servisdan aholimiz norozi. Bularning barchasi sohani isloh qilish zaruriyatini ko‘rsatmoqda”, degan Prezident.
LiveBarchasi